Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Senat amaliyotda qator qulayliklar yaratuvchi qonunni ma’qulladi

Senat amaliyotda qator qulayliklar yaratuvchi qonunni ma’qulladi

Foto: Senat axborot xizmati

Oliy Majlis Senatining o‘ttiz ikkinchi yalpi majlisida senatorlar «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda so‘nggi 5 yilda elektron tijorat sohasida yalpi ishlab chiqarish hajmi 48 barobarga oshib, 1,1 trln. so‘mni tashkil qilmoqda. Lekin, «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi 2015 yilda qabul qilingan amaldagi Qonun ishlab chiqilgan davrda bu imkoniyatlar yetarli darajada rivojlanmagan edi.

Qolaversa, jahon bo‘ylab koronavirusning keng tarqalishi dunyo aholisining elektron tijoratga bo‘lgan talabini yanada oshirdi. Natijada onlayn savdo qilish tizimi yil sayin o‘sib bormoqda. Birgina 2020 yilda elektron tijorat savdo hajmi Xitoyda 24,9 foizga, Janubiy Koreyada 25,9 foizga, AQShda 14 foizga va Singapurda 11,7 foizga oshgan. O‘zbekistonda esa elektron tijorat hajmi 80 foizga o‘sgan.

Majlisda qayd etilishicha, amaldagi qonunda sohaning rivojlanishi uchun yetarlicha shart-sharoitlar ko‘zda tutilmagan. Xususan, barcha elektron tijorat sub’yektlari qamrab olinmagan, elektron tijoratga oid hujjatlarni almashish, to‘lov mexanizmlari va tovarlarni qaytarish masalalarini amaliyotda qo‘llashda tushunmovchiliklar yuzaga kelmoqda.

Yangi tahrirdagi «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi Qonun «Raqamli O‘zbekiston – 2030» strategiyasida belgilangan maqsadlar asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, unda elektron shartnomalarni tuzishning aniq tartibi belgilanmoqda. Jumladan, elektron hujjatlarning yuridik kuchi, ofertaga qo‘yiladigan talablar, elektron hujjatlarni saqlash xususiyatlari, elektron bitimni amalga oshirish tartibi hamda elektron shartnomalarni tuzish shartlari huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilmoqda.

Senatorlarning so‘zlariga ko‘ra, qonun amaliyotda ko‘plab qulayliklarni yaratadi. Xususan, Qonun bilan elektron tijoratda xaridorning shartlari to‘liq qondirilmaguncha axborot tizimida pul mablag‘larini ushlab turish imkoniyatini beruvchi pulni deponentlash tizimi (eskrou) joriy qilinmoqda. Yana bir muhim jihat, yuridik shaxslar bilan bir qatorda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga elektron tijoratda ishtirok etish huquqi berilmoqda.

Senatorlar «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi Qonun yaqin kelajakda shaffof va ochiq holda sotuvchilar va xaridorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomaviy munosabatlarni o‘rnatish, xalqaro standartlarga javob beradigan texnologik bozor infratuzilmasini yaratishga ko‘mak berishini ta’kidlab o‘tdilar.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring