Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ulug‘bek Oripov

Ba’zan sukut haqiqatdan afzal bo‘lishi mumkin.

«Sadag‘ang ketay, Franklin»... (bugungi ahvolimizdan bir shingil tragediya)

«Sadag‘ang ketay, Franklin»... (bugungi ahvolimizdan bir shingil tragediya)

Foto: Xabar.uz

Prokuror bolam, hali yoshga o‘xshaysan... Mening yoshimni so‘raysanmi? Kamina ikki kam saksonga yaqinlashdim. Otamning aytishicha, Gitlerni to‘ng‘iz qo‘pishi aniq bo‘lib qolgan vaqtlarda tug‘ilgan ekanman. Stalin o‘lgan zamonlarda esimni taniy boshlaganman... Mayli o‘sha paytlarni eslamay.

Kolxozda tabelchilik, suvchilik, paxtachilik ilmlaridan xabarim bor. Hisob-kitobga usta edim, xotiram zo‘r edi. Hoziram uncha-muncha narsani eslab qolaman. Shu desang, oldingga zamonaning ayrim noqis ishlaridan shikoyat qilib keldimda.

Qog‘oz, qalam deysanmi? Yozay desam qo‘l qaltiraydi, ko‘z jonivor ham charchagan. Osoni aytadigan gaplarimni miyangga marjonday terib olaver.

Gapning indallosi shuki, bir rahbarning korrupsiya atalmish baloga urush e’lon qilgani haqida eshitib qoldim. Durust gap. Ma’qul. Ammo rahbar zotining vaqti tig‘iz bo‘ladi. O‘ylashimcha, tepadagilarning pastdagi ayrim ishlardan xabari yo‘g‘ov. «Azaga kelgan xotin o‘z dardi bilan yig‘laydi» deganday o‘zimning mahallamdagi ayrim g‘aroyib va g‘arib ishlarni senga aytib bersam.

Mahallada poliklinika bor. Shu joyga ishga kirishning narxi naq beshta Franklin surati solingan qog‘oz emish... Hatto oltita berganlar ham bor... Kimlar deysanmi? Men qariyada es qolibdimi? Qo‘shnimiz Jo‘ravoy kenja qizini joylashtirish uchun sigirini pullaganini bilaman. O‘ziyam sersut, semiz sigir edida. Yarim soatgina sog‘ishga kechiksayam, oppoq sutning o‘zi oqib ketar emish jonivordan... Yana aljirab ketdim. Xullas, sigir ketdi. Jo‘ravoy tanish-bilish orqali kattalarga uzatibdi zo‘rg‘a. Qizi o‘zi kollejgayam pul bilan kirgandi... Shu pochchamga shu yangam degan gap bor.

Tumandagi bosh vrach ilonning yog‘ini yalagan. Bultur Allayorov degan yozg‘uvchi ham kelib tilidan ilintira olmagan. Uning o‘z uslubi bor. Kelgan komissiya va tekshiruvchilarga o‘zini shunday siyosiy xushyor va ilmli ko‘rsatadiki, laqqa baliqday tuman bosh vrachga yolchibdi deb ketishadi.

Aslidachi?

Bosh vrachning o‘z «olish» uslubi bor ekan... Hech qachon to‘g‘ridan to‘g‘ri «Franklin»ni qo‘liga ushlamaydi. Atalgan pul judayam ishonchli bo‘lgan kishilar orqali cho‘ntakka kelib tushadi. Uning birgina ishini ochish uchun sen bolam hali necha yillar mahkamaning tuprog‘ini yalashing kerak...

Innaykeyin, kichikkina poliklinikamizda to‘rtta yangi ish o‘rinlari ochilibdi. Hammasiga rahbarning jiyaniyu-yaqinlari ega chiqibdi. Qorovullik ham o‘zlaridan ortmabdi. Maktabni aytmay qo‘yaqolay. Tog‘a direktor, xola o‘rinbosar, jiyan o‘qituvchi, zavxoz quda-andalardan...

Sovet davrida kolxozga «Jiguli» kepqolsa, sinfiylik ro‘kach qilinib, kambag‘alga ham ulov tegib qolgusi edi. Shunga o‘xshab qarindoshlar kooperatsiyasiga aylanib ketmasin deb, qo‘shni mahalladagi Omonqulni qorovullikka olishibdi...

Endi mahallani o‘ziga kelsak... Qizig‘i shunda. Shoshma, nosqovog‘im qayerda edi? Qara shungayam dollarning surati solingan ekan... Mahalla raisi Tojiddinni durust yigit deb o‘ylardim. Kambag‘aldan chiqqan, o‘qigan, ichmaydigan yigit edi. Amaldor bo‘lib, choyxonalarga borishni, yarim kechasi yig‘ilishdan chiqib, chog‘roqqina oshxonalarda shirakayf bo‘lishni o‘rganibdi... Buning bir yordamchisi bor. Shu yigit bola puli tilab kelganlardan ellik dollardan olib qolarkan... Ishingiz bitsa xo‘p-xo‘p, bitmay qolsa pul «yeng uchida» qaytarilar ekan...

Bulardan ham eng dahshatlisi nima aytaymi? Odamlar ana shu olg‘uvchilarni alqaydi, duo qiladi. Jo‘ravoy qizini amallab hamshiralikka kirgizgach, poraxo‘r shifokorni uzoq duo qildi. Ishga olgani uchun... Bola pulini plastikka olib, bozor qiluvchilar, Tojiddinning uchar yordamchisini maqtaydi. Uzoq yili bittasiga amal tegib qishloqning jamiki yerlari, inshootlarini sotib yedi. Ombor, traktor parki, shiyponlardan iz ham qolmadi. Shuni hech kim so‘kmaydi, baraka topsin, davrida yer-mulk qildik deydi.

Senga hali tupkaning tagidagi mahallaning ahvolini so‘zlab berdim. Yuqoriroqda nima ishlar bo‘lmoqda, kimlar javlon urmoqda menga qorong‘u. Yana bir narsa ma’lumki, ildizi chirigan daraxt mustahkam bo‘lmaydi. Biz ko‘zga ilmaydigan «past» ildiz, rahbarlar yetishib chiqadigan joy. Shu yerni tozalasak bir nima bo‘lar, bo‘lmasa yozuvchi tili bilan aytganda, «odam bo‘lishimizga ko‘zim yetmay qoladi».

Oldingga gap kovlagani, alamzadalikdan kelmadim. Xudo bergan umrni deyarli yashab bo‘ldim...Ne-ne raislarning davri-davron surganini ko‘rmadim. Hammasi alal-oqibat izsiz ketdi. Mana ahvolimiz o‘sha-o‘sha. Yigirma yil avval o‘g‘lim Rossiyaga ishlagani borardi. Sog‘lig‘idan ayrilib, uyga qoldiyu, endi o‘g‘li borib kelmoqda. Shu turishda ketsak, nabiramning o‘g‘li ham migrant bo‘lib qolishidan qo‘rqaman.

Prokuror bolam, kasallikning ildizi shu o‘lgur «Franklin»ga mehrdan deb o‘ylayman. Uni ko‘rgan zahoti halollikning oyog‘i qaltirab qoladi, vijdon karaxt bo‘ladi. Hammasini yozib oldim dedingmi? Mayli yoz. Iloji bo‘lsa, anavi jurnalistlarga ber. Mening gapimni kerak bo‘lsa  bosh vrach, Tojiddin-u, Jo‘ravoylar ham o‘qisin. Uyalsin. Gaplarim yetib borsa, oldingga bekorga kelmagan bo‘laman.

Endi bolam menga ruxsat ber. Shoshma, ketishim oldi bir nos chekib olay...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring