Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Abror Zohidov

Kelajakka umid qilish yaxshi, ammo ayni dam ham go‘zal ekanligiga shukr qilish undanda yaxshi.

Qozog‘iston voqealaridan qanday xulosa chiqarishimiz lozim?

Qozog‘iston voqealaridan qanday xulosa chiqarishimiz lozim?

Foto: Valeriy Sharifulin / Forum

Qo‘shni davlatdagi voqealar ogohlikka undashi tabiiy. Bunday noroziliklar dastlabki bosqichidayoq muloqot yo‘li bilan hal etilishi zarurligi, shu bilan birga xavfsizlikka tahdid ham real baholanishi lozimligi kundek ravshan bo‘ldi. Yana qator mulohazalar borki, ayrim muammolarning yechimi bugungi kunda ko‘p muhokamalarga sabab bo‘layotgan mavzularga nuqta qo‘yishi aniq.

  1. Bizda ham lokal noroziliklar bo‘lib turadi, bu tabiiy. Ana shunday vaziyatda rahbarlar panalab olmasdan darhol aholi bilan uchrashishi, ularni jazolash yo‘lini izlamay dardini tinglashi shart;
  2. Yoqilg‘i narxi va ta’minotida juda ehtiyot bo‘lish lozim. Bu mahsulot iste’molchilari nisbatan faol qatlam hisoblanadi va keskin oshirilishlarni juda og‘riqli qabul qilishadi;
  3. Iqtisodiy jihatlarini hisobga olgan holda aholini gaz va elektr energiyasi bilan ta’minlashni kuchaytirish zarur. Dotatsiya usulini kam ta’minlanganlar uchun saqlab qolib, bozor shartlari asosida ta’minlashni yo‘lga qo‘yishni o‘ylab ko‘rish fursati kelgan. Chunki amalda aholi baribir ko‘mir va o‘tin uchun bundan ancha ko‘proq sarflayapti, ammo qiynalishda davom etyapti. Hatto importni oshirgan holda ta’minotni yaxshilash ham o‘zini oqlashi aniq. O‘g‘irliklar, qing‘irliklarni bahona qilmaslik kerak. Zamonaviy texnologiyalar buning yechimini allaqachon topgan;
  4. Konvertatsiyani yengdik, propiskani yengdik, chegaralarni ochib, hamma bilan do‘st bo‘la oldik. Nahot endi o‘zimizda ishlab chiqarilgan avtomobil xaridi va parvozlarda ojiz qolsak, tilimiz qisiq bo‘lib o‘tirsak?! Shunday monopoliyalardan shartta voz kechib bo‘lsada, bu masalalarni uzil-kesil hal qilish zarur;
  5. «Tonirovka», «rastamojka», baland jarimalar kabilar bugungi kunda endi mayda-chuyda sifatida qaralishi va darhol hal qilinishi lozim. Toki aholining ko‘ziga qumday tushib, diqqatini oshirmasin. Umuman, tonirovkadan katta pul undirish na dunyoviy qonunlar, na adolatga mosligi shu qadar ko‘p ta’kidlandiki, endi ham bu mavzuni davom ettirish shunchaki uyat darajaga chiqdi;
  6. Kontraktlar aksariyat qatlam daromadlariga nisbatan qimmatligi haqiqat. Agar ularni kamaytirish iloji yo‘q ekan, talabalar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratib berish kerak. Kontrakt miqdorini talabaning o‘zlashtirishi, ilmiy salohiyatiga bog‘lash mexanizmini yaratish lozim. Ya’ni qancha yaxshi o‘qisa, shuncha kam to‘lasin, juda zo‘r natija ko‘rsatsa, umuman to‘lamasin hatto. Shuningdek, turli grantlar tizimini ham rivojlantirish kerak;
  7. Ta’lim va tibbiyotda maoshlarni real oshirish hamda raqobat muhitini kuchaytirish bo‘yicha qarorlar ijrosiga jiddiy qarash kerak. Toki odamlar buni chindan his qilsin, bu tizimdagi mayda poraxo‘rlik kamaysin, bemor o‘z dardi yetmagandek ta’magir shifokordan og‘rinmasin;
  8. Uy-joy bilan ta’minlash tizimida maksimal yengillik va qulaylik yaratish lozim. Aholi ham uyli bo‘lsin, ham aniq maqsadli;
  9. Hokimlarni saylashga o‘tishni tezlashtirish, vazirlarni tayinlash jarayonini shaffoflashtirish zarur. Toki bugun va’da bergan odam ertaga javob bersin, ishni bitirib qochib qolish payida bo‘lmasin. Kursisi omonatligini his qilib ishlamasin;
  10. Parlament jonlanishi, deputatlar ko‘proq o‘zini ko‘rsatishi, yana reallikdan uzoqlasha boshlagan markaziy OAV xalqchillikka qaytishi lozim;
  11. Korrupsiya va nepotizmga qarshi kurashish maishiy darajadan elita bosqichiga o‘tishi zarur. Shuningdek, yirik poraxo‘rlik holatlaridagi sud jarayonlari shaffof bo‘lishi, imkon bo‘lsa to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilishi kerak;
  12. Eng zarur oziq-ovqatlar xaridi va kommunal to‘lovlarda tabaqalashtirilgan tizimni joriy qilishni o‘ylab ko‘rish lozim. Bunga yetarlicha iqtisodiy salohiyat bor, faqat aniq va shaffof mexanizmini ishlab chiqish kerak xolos;
  13. Shaxsiy mulkning mutlaq daxlsizligini ta’minlash zarur. Snoslar ortidan kuyib qolishlar endi o‘tmish sarqiti – bugungi kunga umuman yarashmaydigan holat;
  14. Sudlarning haqiqiy mustaqilligiga erishishda shundoq ham kechikdik. Ularning hatto ijro hokimiyati oldida ham ojiz bo‘lib qolishi jahon hamjamiyati oldida sharmandalikdan o‘zga narsa emas. Bunga tezkor chek qo‘yish kerak;
  15. Har qanday holatda ham – tinchlikparvar kuchlarmi, adolatparvarlar ritsarlarmi, vallomati bo‘lsayam chetdagi harbiylar O‘zbekistonga kirmasligini ta’minlash shart! Bu borada qonunchiligimiz, harbiy doktrinamizdan og‘ishmaslik zarur. Chunki bu mustaqillik masalasi, or va nomus masalasi.

Eng muhimi – yuqoridagi takliflar bajarilmasligi, yoki kimdir xohlayotganday amalga oshmasligi (norozilikni bildirish huquqini saqlab qolgan holda) tartibsizlik uyushtirish, kimningdir mulkiga tajovuz qilish, davlat organlariga o‘t qo‘yish vanihoyat qon to‘kishga asos bo‘lmasligi ham shart. Norozilik bildirish huquqi bo‘lishi kerak, lekin o‘t yoqish va qon to‘kish hech qanaqasiga oqlanmasligi lozim.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring