Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qozog‘iston chegarasidan 8 kun ichida 2700 kishi o‘tib keldi – TIV

Qozog‘iston chegarasidan 8 kun ichida 2700 kishi o‘tib keldi – TIV

Tashqi ishlar vazirligi operativ shtabi Rossiya-Qozog‘iston chegarasida to‘plangan fuqarolar yuzasidan axborot berdi.

O‘zbekistonning Rossiyadagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya-Qozog‘iston chegarasidagi «Mashtakovo» nazorat-o‘tkazish punkti yaqinida va Orenburg viloyati Buzuluk shahrida mos ravishda 1300 va 700 dan ortiq vatandoshlar to‘plangan.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Moskvadagi elchixonasi tomonidan fuqarolarning «Mashtakovo» nazorat-o‘tkazish punktiga borishga urinmasliklari, hozirda bo‘lib turgan joylarida qolishlari va barcha karantin choralariga qat’iy rioya etishlari to‘g‘risida berilgan ko‘p sonli ogohlantirishlarga qaramay, Qozog‘iston hududi orqali avtotransport vositalarida vatanga qaytish maqsadida fuqarolar Rossiya-Qozog‘iston davlatlararo chegarasi yaqinida to‘planishni davom ettirmoqdalar.

Mintaqada koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq vaziyatning keskin yomonlashishi, Qozog‘istonda qat’iy karantin cheklovlari joriy etilishi munosabati bilan fuqarolarning qo‘shni davlatlar hududi orqali qaytishi tashkiliy va boshqa qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda, ayniqsa fuqarolarning sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda.

Ushbu holatni yurtdoshlarimizga tushuntirish maqsadida, mamlakatimizning Moskva shahridagi elchixonasi va Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi rahbarlari fuqarolar to‘plangan joyga kelishdi.

Mavjud vaziyatni inobatga olgan holda, Rossiya hududida bo‘lib turgan fuqarolarimizdan cheklov choralariga to‘g‘ri baho berishlarini, Rossiya-Qozog‘iston davlatlararo chegarasini kesib o‘tish punktlariga borishga urinmasliklarini, hozirda bo‘lib turgan joylarida qolishlarini va o‘zlarining va atrofdagilarning sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘ymasliklari yana bir bor so‘ralgan.

O‘zbekiston fuqarolari charter reyslarini tashkil etish bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining qaroriga binoan hamda muntazam «sariq» va «yashil» reyslar qayta tashkil etilishiga ko‘ra vatanga qaytadilar.

O‘zbekiston fuqarolari Rossiyadan charter reyslarida, Respublika maxsus komissiyasining qaroriga muvofiq olib chiqilishi eslatib o‘tilgan.

Shuningdek, O‘zbekistonning Olmaota shahridagi Bosh konsulxonasi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi kunda «Jibek joli» – «G‘isht-Ko‘prik» nazorat-o‘tkazish punkti yaqinida 3000 dan ortiq O‘zbekiston fuqarolarining to‘planishi kuzatilmoqda.

Bosh konsulxona xodimlari nazorat-o‘tkazish punktida bo‘lib turishibdi, vatandoshlar bilan doimiy aloqa o‘rnatilgan, diaspora vakillari bilan birgalikda issiq ovqat va boshqa yordam tashkil qilinmoqda, vaziyat umumiy nazoratga olingan.

Ta’kidlash joizki, 1 iyuldan buyon 2700 dan oshiq vatandoshlar, asosan kasallar, qariyalar, homiladorlar va yosh bolali ayollar O‘zbekiston-Qozog‘iston chegarasini kesib o‘tishdi.

Texnik sabablarga ko‘ra, so‘nggi kunlarda vatandoshlarning davlatlararo chegaradan o‘tishlari cheklangan miqdorda amalga oshirildi.

«Jibek joli» o‘tkazish punkti orqali respublika fuqarolarining O‘zbekiston hududiga cheklangan holda kirishi bilan bog‘liq barcha muammolar tez muddatda hal qilinadi, deyiladi TIV xabarida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring