Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qishloqda joylashgan universitet: bu yerda hatto Toshkentdan kelib o‘qiyotganlar bor (foto)

Qishloqda joylashgan universitet: bu yerda hatto Toshkentdan kelib o‘qiyotganlar bor (foto)

G‘ijduvon tumanidagi Soktare mahalla fuqarolar yig‘inida tomonidan Soktari hududidan Soktare, Chorobod, Tagiqo‘rg‘on, Sadriddin Ayniy,  Sho‘robot, Yangiobod qishloqlari o‘rin olgan. Mavjud barcha qishloqlar ichki xo‘jalik avtomobil yo‘llari «Tashabbusli budjet» loyihasi doirasida 4876 ta ovoz yig‘ib, 1 mlrd 360 mln so‘m mablag‘ evaziga asfaltlashtirilgan. Biri-biridan bo‘y talashgan daraxtlaru, gul chorbog‘lar qishloqlar ko‘rkiga ko‘rk bag‘ishlagan. Turli sex va ishlab chiqarish korxonalari, maishiy xizmat shaxobchalariyu tadbirkorlik sub’yektlari aholi xizmatida.

«Buxoro davlat universitetida o‘quv jarayonlari 8 ta binoda olib borilsa-da, yildan-yilga talabgorlar safi kengayayotgani bevosita viloyatning turli tumanlarida joylashgan qulay imkoniyat va sharoitga ega  o‘quv binolarida oliygoh filiallarini tashkil etishga chorladi. Shunda biz rivojlanish va taraqqiyotda ildamlashayotgan G‘ijduvon tumanining Soktare qishlog‘ini tanladik. Avvaliga bu qishloq tuman markazidan ikki-uch kilometr masofa olisda, degan qarashlar bo‘ldi. Biroq, bunda talaba-yoshlar uchun zarur shart-sharoitlarning yetarliligi, ayniqsa, avvalgi G‘ijduvon Transport va Sanoat kasb-hunar kollejining  o‘z davrida mustahkam barpo etilgani, aynan shu manzilda oliygoh filialini tashkil etish maqsadi ustivor bo‘ldi. Aynan shu binoda 1806 nafar sirtqi ta’lim bitiruvchi kurs talabalarimiz tahsil olib,  jamiyatimizga salohiyatli kadrlar bo‘lib yetishdi va joriy yilda ilk bitiruvchi bakalavr va magistrlarga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi»,-dedi Buxoro davlat universiteti rektori Obidjon Hafizov.

Bildirilishicha, Soktare qishlog‘ining qoq o‘rtasida manzil topgan Oliygohning mazkur filialida 2023-2024-o‘quv yili davomida  sirtqi ta’limning o‘zida  9 ta fakultetdan 7 ming nafar talaba tahsil olmoqda. 233 ta guruhning 4334 nafari qizlar, 2577 nafari esa yigitlardan iborat.  Ta’lim jarayonlariga 34 ta kafedralardan  276 nafardan ortiq professor o‘qituvchilar jalb qilingan.

Tumanimizda Oliygoh filiali faoliyatini tashkil etish tashabbusi mamlakati prezidenti tomonidan ma’qullangach, talaba-yoshlarning qatnab o‘qishi uchun imtiyozli narxlarda «Buxoro-G‘ijduvon-Soktare» yo‘nalishida 2 ta avtobus xizmati yo‘lga qo‘yilgan.  Boshqa viloyatlardan kelib o‘qiydigan talabalar uchun 68 ta aholi xonadonlari va kottedjlar talabalar xohish-istaklari darajasida tayyorlangan. 10 oy davomida 2360 nafardan ortiq talaba kvartira va mehmonxonalarga joylashtirilgan. 2024/2025-o‘quv yilida talabalar uchun Soktare mahallasida 200 o‘rinli talabalar turar joyi foydalanishga topshirilgan.

«Ayni paytda Soktaredagi oliygoh filialida 8 ming nafar talaba tahsil olib kelmoqda. Kuni kecha 1806 nafar bitiruvchi bakalavriga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu marosimda talaba-yoshlar uchun nima kerak va uni qanday ko‘ngilli o‘tkazish lozim bo‘lsa, o‘zlarining talab-istaklaridan kelib chiqib, baholiqudrat ado etishga harakat qildik. Birimiz hokim, birimiz rektor, yana birimiz hu-u, anovi, kazo-kazo emas, yoshlarga yoshlardek qo‘shilishib ketdik. Biz emas, talaba-yoshlar bizga yoshlik zavqini ulashishdi. Nafaqat, bitiruvchi va tahsil olayotgan talaba-yoshlar, balki qishloq va mahallalardagi oddiy-oddiy odamlarimiz ham kayfiyatiga juda go‘zal ijobiy ta’sir bo‘ldi, deb o‘ylayman. Umid qilamanki, o‘qishni tamomlab, qo‘liga diplom olgan 1806 nafar talaba borki, jamiyatimizga salohiyatli kadrlar bo‘lib yetishadi»,-dedi G‘ijduvon tumani hokimi Sherzod Ashurov.

Mamlakatning turli viloyatlaridan kelib, G‘ijduvonning chekka qishlog‘ida tashkil etilgan Oliygohida tahsil olayotgan talabalar Soktarening so‘lim iqlimi, yashil tabiati va shahar sharoitidan qolishmaydigan imkoniyatlari haqida so‘zlashdi.

«Keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda yoshlar o‘rtasida «men shaharlik, sen qishloqlik» deya biri-birini kamsitadigan yoxud o‘rni kelsa, haqoratomuz so‘zlaydigan tengdoshlarimiz haqida xabarlar tarqalayotganiga guvohmiz. Men Toshkent shahrida tug‘ilganman. So‘lim Soktare qishlog‘ida qo‘nim topgan Oliygoh filialida tahsil olganimdan judayam baxtiyorman. Bir xonadonda ijarada turib yashadim. 5 yil davomida oilamdek bo‘lishdi. Hatto, dars soatlarimda bolamga qarab turishdi. Samimiy, dilkash qishloq odamlaridan ko‘p narsani, joiz bo‘lsa, ish va hunarlar o‘rgandim.  Men endi sigir sog‘a olaman, qo‘y-qo‘zilarga o‘t-o‘lan terib, gul-gulzorlarga qaray olaman, tikish-bichish kundalik ishimga aylandi. Soktare va soktareliklardan minnatdorman, men bunda ham ilm, ham mehnat, hunar  topdim. Bir narsani dadil aytishim mumkinki, shaharda Soktare qishlog‘i sharoitini topolmaysiz...»,-dedi E’zoza Alixo‘jayeva.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring