Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Putin — «sizni tushlikda yeydigan diktator». Kamala Harris va Donald Tramp debatda bahslashishdi

Putin — «sizni tushlikda yeydigan diktator». Kamala Harris va Donald Tramp debatda bahslashishdi

AQSh prezidentligiga nomzodlar Kamala Harris va Donald Tramp jonli efirda o‘zlarining birinchi va ehtimol yagona saylovoldi teledebatlarini o‘tkazdilar. Bahs saylovga ikki oydan kamroq vaqt qolganida bo‘lib o‘tdi.

Munozaraning birinchi qismida ABC News telekanali boshlovchisi Devid Myuir tomonidan berilgan birinchi savol iqtisodga qaratildi: «Amerikaliklar to‘rt yil avvalgiga qaraganda yaxshiroq ahvolda ekaniga ishonasizmi?» — deb so‘radi u.

Harris birinchi bo‘lib javob berdi va u «imkoniyatlar iqtisodiyoti»ni qurishni rejalashtirayotganini aytdi. U uy-joy muammosini hal qilish, yosh oilalar va kichik biznesga yordam berishga va’da berdi.

Trampning aytishicha, demokratlar to‘rt yil ichida iqtisodni vayron qilgan, Harris esa Jo Baydenning iqtisodiy dasturidan shunchaki ko‘chirib olgan.

«Donald Tramp bizga Buyuk Depressiyadan keyingi eng yomon ishsizlik holatini qoldirdi. Biz [демократлар] Tramp yaratgan tartibsizlikni tozalash bilan vaqt o‘tkazdik», dedi Harris.

Ayblovlar

Bahs davomida nomzodlar bir necha bor bir-birini yolg‘onchilikda aybladi.

«Agar u saylansa, bu mamlakatimizning oxiri kunlari bo‘ladi. U marksist, uning marksist ekanligini hamma biladi. Uning otasi marksist iqtisod professori va u unga shu bo‘yicha ta’lim bergan», — deydi Tramp.

Harris Trampning so‘zlarini sharhlar ekan, «uyat» so‘zini bir necha bor ishlatadi.

«Dunyo yetakchilari Tramp ustidan kulishmoqda. Men harbiy rahbarlar bilan gaplashdim, ularning ba’zilari siz bilan birga ishlagan va ular sizni «sharmandali» deb aytishadi», —dedi Harris sobiq prezidentga yuzlanib.

 «Putin sizni tushlikda xo‘rak qiladi»

Shu asnoda bahs Ukrainadagi urush mavzusiga o‘tadi.

Tramp urush tugashi kerakligini va u bunga erisha olishini aytadi.

«Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiyni yaxshi bilaman. Ular meni hurmat qilishadi va Baydenni nazariga ilishmaydi. Nega uni hurmat qilishsin?» — deydi u.

Harris bunga javoban Tramp saylovda Bayden bilan emas, u bilan kurashayotganini eslatadi.

«NATOdagi ittifoqchilarimiz sizning prezident bo‘lmaganingizdan juda minnatdor», — deydi Harris Trampga. — «Agar Donald Tramp prezident bo‘lganida, Putin hozir Kiyevda o‘tirib, Polshadan boshlab Yevropaning qolgan qismiga nazar tashlayotgan bo‘lardi».

Putin «sizni [Трампни] tushlikda yeydigan diktator», qayd etadi Harris.

Tramp Harrisni «tarixdagi eng yomon vitse-prezident» deb atadi va u vitse-prezidentlik davrida urushning oldini ololmaganini aytdi.

Nomzodlar yana nimalar haqida gapirishdi?

Abort mavzusi: Tramp AQShda chaqaloq tug‘ilgandan keyin abort qilish qonuniy bo‘lgan shtatlar borligini aytdi, bu da’vo bahs boshlovchisi tomonidan rad etildi. Abortni taqiqlovchi qonun loyihasiga veto qo‘yasizmi, degan savolga sobiq prezident «buni muhokama qilishdan ma’no yo‘q, chunki bunday qonun Kongress tomonidan qo‘llab-quvvatlanmaydi», dedi. Harris abortga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqni qaytarish tarafdori bo‘lib, shtatlar abortga nisbatan o‘z cheklovlarini joriy qila boshlaganidan beri ayollar duch kelgan qiyinchiliklarga ishora qildi. Uning aytishicha, Trampning abort siyosati amerikalik ayollarni xunob qilgan.

Migratsiya: Migratsiya haqida so‘ralganda, Tramp AQShga kelgan muhojirlar uy hayvonlarini yeyayotgani haqidagi fitna nazariyasini takrorladi. Telekanal jurnalisti yana bahsga aralashdi, ushbu mish-mish tasdiqlanmaganiga ishora qildi. Bu sobiq prezidentda yaqqol g‘azabga sabab bo‘ldi. Harris bu holatdan kulib, bosh chayqadi.

Trampga qarshi ayblovlar: Kaliforniyaning sobiq bosh prokurori Harris Trampning «migrantlar jinoyatlari» haqidagi gaplariga javoban uning jinoiy tarixi haqida eslatdi. «Buni milliy xavfsizlik, iqtisodiy jinoyatlar, saylovlarga aralashish uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan kishidan eshityapmizmi», dedi u. Bunga javoban Tramp unga qarshi ochilgan barcha ishlarning soxta ekanligini aytdi.

Kapitoliyga hujum: Tramp so‘nggi saylovda mag‘lub bo‘lganini tan olmadi va 2021 yil 6 yanvarda Kapitoliyga bostirib kirganidan afsusda emasligini aytdi. «Men deyarli 75 million ovoz oldim, bu hozirgacha prezident bo‘lganlarnikidan ko‘p ovoz edi», dedi u. Tramp, shuningdek, Vakillar palatasining sobiq spikeri Nensi Pelosini Kapitoliyga bostirib kirish paytidagi xavfsizlik muammolarida aybladi.

Isroilning HAMASga qarshi urushi: Harris bu boradagi ba’zi oldingi bayonotlarini takrorlab, Isroil o‘zini himoya qilish huquqiga ega, ammo buni qanday qilish muhimligini aytdi. «Bu urush tugashi kerak. Bu zudlik bilan tugashi kerak», dedi u. Tramp, agar u prezident bo‘lganida, mojaro hech qachon boshlanmasligini aytdi. «U Isroildan nafratlanadi. Agar u prezident bo‘lsa, ikki yildan keyin Isroil yo‘q bo‘lib ketishiga ishonaman», — dedi Tramp.

O‘zining yakuniy nutqida Harris avgust oyida bo‘lib o‘tgan Demokratik partiyaning milliy qurultoyidagi nutqida aytgan so‘zlarini takrorladi: «Biz orqaga qaytmaymiz».

Tramp o‘zining yakuniy nutqida Harrisga yana hujum qilib, uning siyosiy dasturi hech narsani anglatmasligini va u vitse-prezident sifatidagi to‘rt yil davomida hech narsa qilmaganini aytdi. «Biz jiddiy tanazzulga yuz tutgan mamlakatmiz. Butun dunyo bizning ustimizdan kulishmoqda», dedi u.

AQShning sobiq prezidenti 78 yoshli Donald Tramp Respublikachilar partiyasi nomzodi sifatida ko‘rsatilgan edi.

AQShning amaldagi vitse-prezidenti 59 yoshli Kamala Harris avgust oyida, Jo Baydenning prezidentlik poygasidan chiqib ketganidan so‘ng, Demokratlar partiyasidan prezidentlikka nomzod bo‘ldi.

Debat vaqtidagi so‘rovlarga ko‘ra, har ikki nomzodni qo‘llab-quvvatlash darajasi taxminan bir xil bo‘lgan.

Bahs Filadelfiyadagi Konstitutsiyani o‘rganish milliy markazida bo‘lib o‘tdi va ikki qisqa tanaffus bilan 90 daqiqa davom etdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring