Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident Yevropa kompaniyalari yetakchilari bilan uchrashdi: tafsilotlar

Prezident Yevropa kompaniyalari yetakchilari bilan uchrashdi: tafsilotlar

Foto: Prezident matbuot xizmati.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 may kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi va Xorijiy investorlar kengashi majlisi doirasida Yevropaning bir qator yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda «Suez» kompaniyasi raisi va bosh direktori Sabrina Sussan, «Arsenale Group» kompaniyasi bosh direktori Paolo Barletta,  «Airbus»  korporatsiyasining Yevropa bo‘yicha prezidenti Yoxan Pelise hamda «Linde» kompaniyasining Yevropa va Yaqin Sharq bo‘yicha prezidenti Oliver Pfann qatnashdi.

Davlatimiz rahbari ushbu uchrashuv Yevropa biznesining O‘zbekistondagi faoliyatni kengaytirishga qiziqishi tobora ortib borayotganidan dalolat ekanini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Investitsiyaviy va innovatsiyaviy sheriklik, suv ta’minoti, fuqarolik aviatsiyasi, qurilish materiallarini ishlab chiqarish, turizm va boshqa sohalarda aniq loyihalarni amalga oshirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.

Yevropa kompaniyalari rahbarlari O‘zbekiston Prezidentiga samimiy qabul hamda investorlarning samarali faoliyati uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar uchun minnatdorlik izhor etdi. Ustuvor tarmoqlardagi muhim loyiha va dasturlarni amalga oshirishda bundan buyon ham ishtirok etishga tayyor ekanini bildirdi.

Shavkat Mirziyoyev 3-may kuni uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizda bo‘lib turgan Misrning «Orascom Investment Holding» kompaniyasi raisi Najib Savirisni qabul qildi.

Uchrashuvda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish hamda avval erishilgan kelishuvlarga muvofiq qo‘shma loyihalarni ilgari surish masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlarida, shu jumladan tog‘-kon sanoati, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, turizm, qurilish, infratuzilmani rivojlantirish va boshqa sohalardagi loyihalarni amalga oshirishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilishga alohida e’tibor qaratildi.

Najib Saviris yurtimiz iqtisodiyotiga Misr investitsiyalarini ko‘paytirish uchun barcha sa’y-harakatlarni ishga solishga tayyorligini bildirdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring