Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Paynet» tomonidan HUMO to‘lov tizimi sotib olindi

«Paynet» tomonidan HUMO to‘lov tizimi sotib olindi

Avval xabar qilinganidek, tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq HUMO to‘lov tizimiga egalik qilib kelgan «Milliy banklararo protsessing markazi» AJning 100 foiz davlat aksiyalari paketini sotish bo‘yicha ochiq savdolar jarayoni o‘tkazildi. Savdo jarayonidagi Majburiy takliflarni topshirish bosqichida 6 nafar nomzod ishtirok etishga taklif qilindi.

Ushbu bosqichda Ma’lumotlarni oshkor qilmaslik (NDA) haqidagi bitimni imzolagan nomzodlarga Jamiyatning xususiylashtirish bo‘yicha maslahatchisi – «Deloitte» xalqaro kompaniyasi tomonidan tayyorlangan moliyaviy, soliq, huquqiy va ekologik faoliyati bo‘yicha kompleks tahliliy hisobotlar (due diligence) bilan tanishish, shuningdek, Jamiyatning boshqaruv organi bilan uchrashish imkoni berildi.

Shuningdek, nomzodlarga Davlat aktivlarini boshqarish agentligining 2024 yil 30 sentyabrdagi e’loniga muvofiq, «Savdoning asosiy shartlari haqida»gi («Term sheet») Bitim taqdim etildi.

Belgilangan muddatda Maslahatchiga Jamiyatni sotib olish bo‘yicha uchta ishtirokchidan Majburiy takliflar (VO) kelib tushdi va 65 million AQSh dollari miqdorida eng yuqori xarid bahosini taklif qilgan «Paynet» AJ kim oshdi savdosining g‘olibi, deb topildi. Shu tariqa HUMO to‘lov tizimi «Paynet» AJ boshqaruviga o‘tdi.

Qayd etish joizki, Xaridorning taklifi Maslahatchi hisoblagan indikativ narxlar intervali chegarasida joylashgan va «KPMG» xalqaro mustaqil narxlovchi tomonidan narx qo‘yilgan bahodan yuqori hisoblanadi.

«Paynet» AJ o‘z navbatida «Humo» to‘lov tizimining barqaror va uzluksiz ishlashini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha majburiyatlarni, shuningdek, tizim foydalanuvchilarining maxfiy (shaxsiy va bank) ma’lumotlarini himoya qilishni zimmasiga olgan.

Jamiyatni xususiylashtirish natijalari Davlat aktivlarini xususiylashtirish va muvofiqlashtirish bo‘yicha Davlat komissiyasining tegishli qarori bilan tasdiqlandi.

Ma’lumot uchun: «Paynet» AJ – O‘zbekiston moliyaviy texnologiyalar sohasida 18 yildan buyon faoliyat yuritayotgan eng yirik to‘lov operatorlaridan biridir. Tizim 1500 tadan ortiq tovar va xizmatlar yetkazib beruvchilar uchun to‘lov imkoniyatini ta’minlab, undan foydalanuvchilarning yillik soni 20 milliondan ziyoddir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring