Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Abror Zohidov

Kelajakka umid qilish yaxshi, ammo ayni dam ham go‘zal ekanligiga shukr qilish undanda yaxshi.

Paydar-pay ochilayotgan universitetlar: Maqsad ta’lim berishmi yoki diplom sotish?

Paydar-pay ochilayotgan universitetlar: Maqsad ta’lim berishmi yoki diplom sotish?

Ko‘chada ketayotsam o‘rtamiyona kattalikdagi bir binoga ko‘zim tushdi. Unda o‘nlab tashkilotlar faoliyat yuritar ekan. Diqqatimni tortgani ikkita universitet bo‘ldi. Shu bir binoning o‘zida bir-biridan alohida ikki universitet joylashgan ekan...

O‘zbekistonda yangi oliy ta’lim muassasalari ishga tushirilishini to‘g‘onni birdan ochib yuborishga qiyoslash mumkin. Hozir biror oy yo‘qki yangi universitet yoki institut ochilgani to‘g‘risida eshitmasak. Albatta, uzoq yillar davomida abituriyentlar soniga nisbatan OTMlar o‘rinlari juda oz holicha saqlandi, aniqroq aytadigan bo‘lsak talabga nisbatan taklif kam bo‘ldi.

Yaqin yillarda ham xususiy universitet ochishni tasavvur qilib bo‘lmasdi. So‘nggi yillardagi islohotlar natijasi deymizmi, qonunlardagi liberallashtirish deya ataymizmi, tadbirkorlikka yo‘l deb nomlaymizmi, xullas bugungi kunda oliy ta’lim muassasasi ochish ancha oson ish bo‘lib qoldi.

Natija ham hayratlanarli: Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra O‘zbekistonda 2016-2022-yillarda 122 ta oliy ta’lim muassasasi (OTM) ochilgan. Umuman, universitetlar dastlab ochilgan paytdan boshlab o‘tgan bir asrda, ya’ni 2016-yilga qadar mamlakatamizda 77 ta oliy ta’lim dargohi bo‘lgan. Lekin 6 yil ichida 100 yillik ko‘rsatkichdan qariyb ikki barobar ko‘proq natijaga erishilgani chindan hayratlanarli emasmi?

To‘g‘ri, bu jarayonning qator ijobiy jihatlari bor. Eng asosiysi – o‘tgan olti yil ichida yoshlarni oliy ta’limga qamrab olish darajasi 9 foizdan 38 foizga oshgan. 2026 yilga borib bu ko‘rsatkich 50 foizga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Bu shiddatli davrda diplomlilar soni oshishi shubhasiz. Lekin qo‘lni ko‘ksimizga qo‘yib aytaylikchi – xususiy universitetlar paydar-pay ochilishi omma bilim ko‘rsatkichiga ijobiy ta’sir qilyaptimi? Asosiy maqsad professional va zamonaviy kadrlar yetishtirishmi yoki ko‘proq yoshlarni kontraktga jalb qilib, kattaroq mablag‘ ishlashmi?!

Amin bo‘lingki, o‘sha «yangi» oliygohlar mutasaddilariga bu savollarni bersangiz suv yuqtirishmaydi va astoydil bilim berayotganlariga ishontirishga urinishadi. Biroq hayotiy kuzatuv boshqacha – qabul jarayoni deyarli yil bo‘yi davom etaveradi, kirishda o‘ta primitiv imtihon, odatda shunchaki suhbat o‘tkaziladi va odatda hujjat topshirganlarning barchasi qabul qilinadi. O‘quv dasturida ham, darslar jarayonida ham uzviylik yo‘q. Aksariyat talabalar yillarki bir-birini tanishmaydi ham. Eng asosiy mezon – kontraktni to‘lash! Mayli kechikib, mayli maydalab, lekin shu tamoyil buzilmasa bas.

Xolislikni yo‘qotmay baholash zarur – xususiy OTMlarning barchasini bir xil qolipga tiqish ham noto‘g‘ri bo‘ladi. Ular orasida havas qilgulik ta’lim tizimini yo‘lga qo‘yganlari ham bisyor va bu dargohlarda haqiqiy bilim sohiblari ham yetishib chiqishyapti.

Ammo shu bilan birga bilimsizlarga ham muqobil imkoniyatlar borgan sari kengayib ketayotganini ham ochiqcha tan olish vaqti allaqachon kelgan. Aytilishi mumkin – raqobat jarayonida yaxshilar saralanadi, sifatsiz ta’lim beradiganlarni hayotning, bozorning o‘zi chetga chiqarib qo‘yadi, deya.

Bunaqasi ketmaydi! Oliy ta’lim tajriba maydoni emas. Bir dargohga bog‘langan talaba kamida to‘rt yil vaqtini va hayotidagi yagona imkoniyatini sarflaydi. Uning borini shilib olib, oxir-oqibat hech narsaga yaramaydigan bir parcha qog‘oz bilan kuzatib yuborish kelajakka xiyonatning ayni o‘zginasidir.

Dastlab bu taloto‘plar orasida eng nozik bo‘lgan huquq, tibbiyot kabi yo‘nalishlarga tegilmay turgan edi. Biroq oxirgi ma’lumotlarga qaraganda hatto shifokorlik diplomi va’da qilayotgan xususiy OTMlar ham paydo bo‘la boshladiki, bunisi endi chindan hadikka soladi.

To‘g‘ri, xorijda ham qator yetakchi oliy o‘quv yurtlari davlatga tegishli emas. Lekin yetarli ilmiy va moddiy-texnik bazaga ega bo‘lmay turib, murakkab yo‘nalishdagi kadrlarni tayyorlash mutlaq mumkin  ham emasda.

Maqolani ta’lim xususiylashtirilishiga qarshilik, hammasini davlat tasarrufiga o‘tkazishga urinish, deya baholamang. Hamma yo‘nalish davlat boshqaruvida qolishi shart emas albatta. Biroq shu bilan birga oliy ta’limni ko‘proq pul undirish va ramziy diplomlashtirishga aylantirishga ham jim qarab turib bo‘lmaydi.

Muallif fikri tahririyat nuqtai-nazarini anglatmaydi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring