Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston–Turkiya hamkorligi: poyoniga yetayotgan yilning eng muhim hodisasi...

O‘zbekiston–Turkiya hamkorligi: poyoniga yetayotgan yilning eng muhim hodisasi...

Elchi Olgan Bekarning jurnalistlar bilan uchrashuvi an’anaga aylanmoqda.

Bugun, 29-dekabr kuni Turkiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar Toshkentda jurnalistlar bilan norasmiy formatda uchrashuv o‘tkazdi. Tadbirda diplomat poyoniga yetayotgan yilda ikki qardosh mamlakat hamkorligi borasida ro‘y bergan eng muhim hodisalarga to‘xtaldi.

Joriy yil 12-noyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Istanbulda Turkiy davlatlar tashkilotining tarixiy sammiti doirasida Turkiya yetakchisi Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan muzokara o‘tkazdi.

Elchi O.Bekarning ta’kidlashicha, ushbu uchrashuv, umuman, ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi do‘stona munosabat turli sohalarda aloqalar mustahkamlanishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.

Joriy yil yurtimizga Turkiyadan yuqori darajadagi delegatsiyalar tashrif buyurdi. Jumladan, 28-iyun kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan mamlakatimizga kelgan Turkiya vitse-prezidenti Fuat Oktayni qabul qildi. Muzokaralarda hamkorlikni yanada kengaytirish hamda yetakchi korxona va kompaniyalarning yangi kooperatsiya loyihalarini ilgari surish masalalari muhokama qilindi.

Elchi Olgan Bekar OAV vakillari bilan muloqotda Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li joriy yilda O‘zbekistonga ikki marta tashrif buyurganini alohida mamnuniyat bilan qayd etdi.

Uchrashuvda elchixonaning matbuot bo‘yicha maslahatchisi Hamdi Turshuju moderatorlik qildi.

Mart oyida Samarqandda Turkiya bosh konsulxonasi rasman ish boshladi. Diplomatik vakolatxonaning ochilishida qatnashgan Mavlud Chovusho‘g‘li O‘zbekistonda tashkil etilgan bosh konsulxona xorijiy davlatlar ichida dastlabkilardan biri ekanini urg‘uladi.

Mazkur tashrif davomida ikki mamlakat TIV rahbarlari boshchiligida Strategik rejalashtirish guruhining ikkinchi yig‘ilishi ham bo‘lib o‘tdi. Mashvarat yakunida O‘zbekiston va Turkiya tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2022-2023-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi va Tarjima xizmatlari sohasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

O‘zaro robitalarni savdo-iqtisodiy munosabatlarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi, albatta. Turkiya elchisiga ko‘ra, 2020-yilda davlatlarimiz o‘rtasidagi savdo aylanmasi 2,1 milliard AQSh dollarini tashkil etgan edi. 2021-yilda esa bu raqam 3 milliard AQSh dollariga yetishi kutilmoqda. Bu borada 5 milliard dollarli marra ko‘zlanmoqda.

Jurnalistlar bilan uchrashuvda moderatorlik qilgan Turkiya elchixonasining matbuot bo‘yicha maslahatchisi Hamdi Turshuju mamlakatlarimiz o‘rtasida munosabatlar izchil rivojolanayotganini ta’kidladi va hamkorlikning hozirgi darajasini «misli ko‘rilmagan» deb baholadi.

Turkiya diplomatlari hamda mahalliy jurnalistlar bilan norasmiy muloqot an’ana tusini olmoqda. Ana shunday uchrashuvlardan biri 2 iyul kuni ham tashkil etilgan edi.

2021-yil sarhisobi va 2022-yil rejalari muhokama qilindi.

Favqulodda va muxtor elchi Olgan Bekar joriy yil mart oyidan yurtimizda faoliyat yuritmoqda. U 23-aprel kuni Turkiyaning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari sifatida Prezident Shavkat Mirziyoyevga ishonch yorlig‘ini topshirgan.

Eslatib o‘tamiz, Turkiya elchisi yaqinda «Xabar.uz»ga Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlik borasida intervyu bergan edi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring