Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonliklar O‘sh aeroportidan havasga uchmayapti, chiptalarimiz 150 dollarga arzon – qirg‘iz deputati

O‘zbekistonliklar O‘sh aeroportidan havasga uchmayapti, chiptalarimiz 150 dollarga arzon – qirg‘iz deputati

Qirg‘ziston Jokorgu Keneshi deputati Janar Akayev bir necha kun avval ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan o‘zbekistonliklarning O‘sh aeroportiga qatnovchi taksichilardan shikoyati bo‘yicha o‘z munosabatini bildirdi.

Deputat O‘sh aeroportiga kelayotgan chet ellik mehmonlarga bo‘layotgan munosabatni qoralab, bu haqda, jumladan, qirg‘iz-o‘zbek chegarasidagi «Do‘stlik» nazorat-o‘tkazish punktidagi tartibsizliklar haqida ham parlament majlisida gapirganini, biroq, «juda muhim masala ko‘tarding, hurmatli deputat» degan an’anaviy javobdan boshqa hech narsa o‘zgarmaganini aytadi.

«Biz birinchi navbatda O‘zbekiston fuqarolarini qo‘shni xalq deb bilishimiz kerak. Ular O‘shdan o‘z rohati uchun uchib ketayotgani yo‘q. Chipta 150 dollar atrofida arzon. Bu summa mehnat migranti bo‘lib uchib ketayotgan musofirning oilasi uchun yaxshigina mablag‘. Ish qidirayotgan odamdan zo‘rlik bilan pul talab qilish mutlaqo noto‘g‘ri. U keyin butun umr Qirg‘izistonni yomon ko‘rib yuradi, hamma bilganiga aytadi», – deydi Akayev.

Deputat, shuningdek, har safar chegaradan o‘tganida ikki xalq raqobatlashib, bir-birini qiynayotgan bo‘lsa, «Prezidentlarning bir-birini quchoqlab, shartnoma imzolashi, yaqin do‘st bo‘lishlaridan nima foyda», degan savolni qo‘yadi.

«Xalqaro reysda uchadigan har bir yo‘lovchi 15 dollarlik soliq to‘laydi. O‘sh aeroportidan har kuni mingdan ortiq qo‘shni respublikalardan odamlar uchib ketadi va har oy millionlab mablag‘lari qoladi. Bu soliq yo‘llar, maktablar qurilishiga ishlatiladi. Ish haqini oshiradi. Chegarani kesib o‘tayotgan mehmonlarga qo‘pol va zo‘ravon munosabat, bu investitsiyalarning qochishiga olib keladi», – deydi deputat. 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring