Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda shaxslarning tirikligida ularga haykal qo‘yish taqiqlandi

O‘zbekistonda shaxslarning tirikligida ularga haykal qo‘yish taqiqlandi

O‘zbekiston hududida shaxslarning hayot vaqtida xotirasini abadiylashtirishga va ularning sharafiga monumental yodgorliklar o‘rnatishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bu Hukumatning joriy yil 30 maydagi «O‘zbekiston Respublikasida monumental yodgorliklarni o‘rnatish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida belgilab qo‘yildi.

Hujjat bilan, shuningdek, davlat ahamiyatiga molik monumental yodgorliklarni o‘rnatish bo‘yicha hukumat ekspert komissiyasi tuzilmoqda.

Uning vazifalari:

  • davlat ahamiyatiga molik monumental yodgorliklarni o‘rnatish, olib tashlash (ko‘chirish) to‘g‘risidagi murojaatlarni ko‘rib chiqish va ularning maqsadga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi to‘g‘risida asoslantirilgan takliflar tayyorlash va xulosalar berish;
  • Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida o‘rnatiladigan davlat ahamiyatiga molik monumental yodgorliklarning loyihalarini g‘oyaviy-badiiy ahamiyati nuqtai nazaridan ko‘rib chiqish, o‘tkazilgan tanlovlar asosida saralab olish, zarur hollarda o‘zgartirishlar kiritish yuzasidan takliflar berish;
  • davlat ahamiyatiga molik monumental yodgorliklar loyihalari konsepsiyasini g‘oyaviy-badiiy ahamiyati nuqtai nazaridan ko‘rib chiqish va xulosa berish;
  • davlat ahamiyatiga molik monumental yodgorliklarni o‘rnatish, ko‘chirish va olib tashlash bo‘yicha tadbirlarni moliyalashtirish masalalarini manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda ko‘rib chiqish va xulosalar berish va boshqalar.

Shu bilan birga, O‘zbekistonda monumental yodgorliklarni o‘rnatish va olib tashlash (ko‘chirish) tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Davlat ahamiyatiga molik monumental yodgorliklar Vazirlar Mahkamasining qarorlariga asosan o‘rnatiladi.

Davlat va jamoat tashkilotlarining mahalliy ahamiyatga molik monumental yodgorliklarni o‘rnatish to‘g‘risidagi takliflari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlariga kiritiladi hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi bilan kelishilgan holda qaror qabul qilinadi.

Monumental yodgorliklarni o‘rnatishdan oldin tegishli sohadagi NNT va mehnat jamoalari bilan maslahatlashuvlar o‘tkaziladi.

Monumental yodgorliklarning loyihalarini ko‘rib chiqish va xulosa berish uchun O‘zbekiston Badiiy akademiyasi huzurida badiiy ekspertlar kengashi tuziladi.

Monumental yodgorliklarni yaratish va o‘rnatish ishlarini moliyalashtirish manbalari Vazirlar Mahkamasi yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlari qarorlari bilan belgilanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring