O‘zbekiston — Turkiya — Belgiya. Uchalasini nima bog‘laydiyu nima ajratadi?
Yevropa ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi sentyabr oyida tanlov e’lon qilgandi. Ushbu tanlov davlat tashkilotlarida axborot ochiqligi mavzusiga bag‘ishlangan bo‘lib, omadimni sinab, hujjat topshirgandim. Oldin ham yozganimdek, tanlovni YeI delegatsiyasi o‘tkazgan va haqqoniy bo‘lishiga umid bog‘laganman. Chunki bu yerda “Oltin qalam” yoki “Eng yaxshi jurnalist” kabi “mestniy” tanlovlardagi “o‘yinlar”dan bezib ketgandim.
Xullas, omadim kelib, g‘olib chiqdim. Sovg‘a Yevropaga bir haftalik sayohat edi. Yaqindagina ushbu sayohatdan qaytib keldim. Taassurotlar yaxshi. Quyida birma-bir to‘xtalaman.
Aeroport — ostona
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti yarim kecha bo‘lishiga qaramay, odamlar bilan gavjum. “O‘zbekiston havo yo‘llari” hamma tanqid qilaverganidanmi, ancha “tortilib” qolgandek. Tag‘in bilmadim. Terminallarda umra safariga otlangan hoji onalaru otalarimiz yuzlaridan nur yog‘ilib o‘tirishibdi. Reysimiz ular bilan bitta ekani bir tomondan ko‘ngilni xotirjam ham qildi.
Aytgancha, men Istanbul (Turkiya) orqali Bryussel(Belgiya)ga uchib ketishim kerak. Chiptalarni olgach, samolyotga olib chiqadigan terminalga yurdim. O‘sha terminalga o‘tishdan oldin “jiddiy” bir tashkilot pasportga tamg‘a bosishi kerak ekan. Ularni tanib olishim qiyin bo‘lmadi (eslatib ketay, bu mening xorijga ilk safarim edi). Soat kechasi birdan oshgani uchunmi, bir qovog‘i osilgan xodim og‘zini katta ochib esnab, meni kutib oldi. Salom bermadi, o‘zim bu ishni qildim. Vo ajabki, alik ham olmadi. Qovoqlarini battar osiltirib, lom-mim demay, pasportimni qaytardi. Ish shunchalik oson va tez bitdimi, deb o‘yladimu, bir muddat savol nazari bilan tikilib qoldim. U esa parvoi falak, esnashda davom etardi. Oxiri so‘radim: “Nima gap, aka? Bo‘ldimi?” Sado yo‘q, javob yo‘q, nigoh ham yo‘q, faqat esnash bor. Axiyri yonimdagi sherigim vaziyatga oydinlik kiritdi: “Pasportning g‘ilofini oling”.
Aytganidek qilib, yana uzatdim. Xodim qabul qildi. Obdon titkiladi, xuddi bir nima chiqadigandek. Keyin menga qarab turdi-da, muhr bosdi. Pasportni uzatdi. Salom bermas ekansan, hech bo‘lmasa alik ol. Yoki kallangni likillatib qo‘y. Shunaqa o‘ylar bilan xodimni tark etdim. Ketayotganimda yana bir qarab qo‘ydim: u keyingi yo‘lovchini esnab kutib olayotgan edi...
Dunyodagi eng katta aeroportlardan biri
“Turkish airlines” samolyotlariyu uning xizmatchilariga gap yo‘q. Uchuvchilari ancha tajribali ekan, chunki uchish va qo‘nishda bu juda bilindi. Ovqatlari mazali. Qariyb 5 soatlik parvozda zig‘ircha hadikni sezmadim. Bortga chiqishda styuardessalar kulib kutib olib, kulib kuzatishdi. Salom-xayr qilishdi.
Otaturk xalqaro aeroporti — dunyodagi eng katta aeroportlaridan biri. Bu yerga dunyoning turli burchaklaridan yo‘lovchilar kelib, tranzit orqali dunyoning turli burchaklariga yo‘l oladi. Yoki yana qanchadir qismi qadim Turkiyani ko‘rishga oshiqadi. Qisqa qilib aytganda, ushbu aeroport Yevropa va Osiyo-Afrika qit’alarini bog‘lovchi xabga aylangan.
Aeroport xodimlari shirinsuxan, salom-aligi joyida, xayrli parvoz ham tilashdi. Sherigimdan “suratga olish mumkinmi?”, deya fotoapparatimga ishora qilib so‘raganimda “Albatta, istaganingizni rasmga oling”, deya javob berdi. Men esa shu savolni berganimdan ichimda uyalib ketdim.
Shu tariqa “Turkish airlines”da Belgiyaga yo‘l oldim.
Yevropa ittifoqi markazi
Bryussel xalqaro aeroporti bizni ochiq chehra bilan kutib oldi. Mamlakatga kirishda muhr qo‘yadigan aeroport xodimi tabassum bilan salomlashdi, keyin maqsadimni so‘radi, oxirida tamg‘ani bosib, omad ham tiladi (O‘zbekistonga kirish haqida quyida to‘xtalamiz).
Bryussel — qadimiylik va zamonaviylik uyg‘unlashgan shahar. Bu yerni Yevropa ittifoqi markazi deyishadi. Chunki YeIning deyarli barcha institutlari shu shahar markazida joylashgan: YeI kengashi, Yevrokomissiya, Yevroparlament, Berlamont, YeI tashqi faoliyat xizmati va boshqalar. Bir haftalik safarim davomida bu yerda BMT inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligi munosabati bilan YeI konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari, YeI va O‘zbekiston, YeI va Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari kengashlari ham o‘tkazildi.
Beg‘ubor shahar
Rost. Bu balandparvoz gap emas, Bryussel haqiqatan ham g‘uborsiz, changsiz maskan ekan. Dengizga yaqin bo‘lgani uchunmi, havosi juda toza, yoqimli, hamisha shabada esib turadi. Ko‘chalarida biror gard yo‘q. Masalan, oyog‘imga yangi sotib olgan sport poyabzalim 7 kun mobaynida biror marta chang bo‘lmadi.
Aholiga hurmat
Bu yerda barcha narsa odamlar uchun ishlab chiqilgan, yaratilgan, o‘rnatilgan, joriy etilgan, yo‘lga qo‘yilgan. Metrosini olaylik. U yerda birorta formali odam ko‘rinmaydi. Tartib posboniyam, jeton sotuvchi metro xodimiyam. Jetonni o‘zingiz avtomatdan xarid qilasiz, ortiqchasiga qaytim ham beradi u mashina. Yoki kunlik va oylik yo‘l chiptalari olish mumkin, u metroga ham, avtobusu tramvayga ham o‘tadi bemalol.
Yana bir qulaylik shuki, istalgan binoga kiring, albatta, vay-fay bor. Vay-fay ham unaqa o‘limtik emas, uchvoradi. Parol-marol kerakmas. Paroli bo‘lsa, qayergadir e’loncha qilib osib qo‘yishgan. Odamlar qiynalib yurishmasin deyishgan-da.
Piyodalarga hurmat
Yana bir o‘ziga xos jihat: katta yo‘llarda avtomobil haydovchilari piyodalar hurmatini joyiga qo‘yadi. Svetofor bor joyda-ku mayli, lekin ushbu uchchiroq yo‘q yerlarda haydovchilar yo‘ldan o‘tayotgan har bir yo‘lovchini sabr bilan kutadi. Ha, sabr va hurmat bilan. Garchi yo‘ldan bir vaqtda yuzlab odam o‘tsa ham. Biror marta mashina signalini eshitmadim yoki “tezroq yurmaysanmi!”, “katta xolangni uyidamisan?”, “uxlab qoldingmi” degan “shirin so‘zlar” umuman qulog‘imga chalinmadi.
Eng qizig‘i, piyodalar, velosipedchilar, yengil mashinalar va jamoat transportlari uchun alohida yo‘llar qilingan. Piyodalar veloyo‘lakda yurishi mumkinmas, shu bilan u velosipedchiga hurmat ko‘rsatib, har ikki tomonni halokatdan asraydi. Yengil avtomobillar esa avtobus yo‘liga tushib olmaydi, xoh u yer bo‘sh bo‘lsin, xoh turnaqator “probka” bo‘lsin, o‘ng tomondagi avtobus yo‘lini BAND QILMAYDI!
O‘zbekiston — Vatanim manim
Xuddi shu yo‘l va xuddi shu taassurot orqali O‘zbekistonga qaytdik. Istanbulda faqat bir noxush holat bo‘ldi xolos. Ya’ni tirikchilik ko‘yida yurgan o‘zbek ayollari sumkalarini samolyotga olib chiqib berish uchun duch kelgan odamga yalinmoqda. Nega o‘zlari olib o‘tmaydi? Bilmaganlar uchun eslatib ketaman, bir odam samolyotga qo‘lida faqat 2 tagacha sumkani olib chiqishi mumkin, qolgani yukxonada ketishi kerak. Yukxonada ham me’yordan ortiqcha vazn uchun pul to‘laydi. Bizning savdogar ayollarimiz esa odamlarga sarg‘ayadi.
To‘g‘ri, ularga yordam beradiganlar topiladi, chunki hammasi ham yolg‘onchi yoki firibgar emas-da. Ichida har zamonda shundaylari chiqib qoladi va yuki orasida biror shubhali narsa bilan qo‘lga tushgach, o‘zini olib qochadi. Yaxshilik qilish maqsadida yukni olib o‘tgan inson esa so‘roqqa olib ketiladi. Xo‘sh, o‘sha ayollarni yurtma-yurt savdo qilishga, har safar yig‘lagudek bo‘lib sarg‘ayishga nima majbur qilgan ekan? Savol ritorik bo‘lmoqda. Ular tirikchilik uchun o‘zga yurtda bunday holatga tushishi adolatdanmikan?
Samolyotdan tushgach, O‘zbekiston hududiga kirishimizda yana o‘sha “jiddiy” xodimlarga duch kelamiz. Bir marta og‘zim kuymaganmi, esnab turgan bir xodimning oldiga keldim-da, oldiga pasportni qo‘ydim. G‘ilofini chiqarib, albatta. Salom bermadim, uyam indamadi. Odatdagidek varaqlab, muhrni bosdi-da, chap qo‘li bilan esnagan og‘zini yopdi va o‘ng qo‘lida menga hujjatimni uzatdi. Farqini ko‘ryapsizmi? Endi xorijdan kelayotgan turistlar holini bilib qo‘yavering. Na salom bor, na alik, na gapiradi, na maqsadini so‘raydi. Na xush kelibsiz deydi, na xayrli parvoz tilaydi. Mayli, gapirmasin, hech bo‘lmasa, kulsa bo‘ladi-ku, mehmon kelyapti yurtga. Yo‘q, bular faqat esnarkan. Shundan keyin bir marta kelgan sayyoh O‘zbekistonga yana qayta tashrif buyurishiga kimdir kafolat beradimi?
Xullas...
Avvalo, odamlar o‘z ongini isloh qilishi, o‘zaro hurmatni o‘rganishi kerak, buning uchun esa yetarlicha sharoit lozim. Pulga ko‘p narsa bog‘liq, balandparvoz gaplar bilan qorinni to‘yg‘azib, oilani boqib bo‘lmaydi. Oyliklarni keskin oshirish, turmushni yaxshilash, xalqqa qulayliklar yaratish kerak.
Albatta, bu bo‘yicha harakatlar boshlangan. Iltimos, boshlanmasidan tugatib qo‘ymaylik. Sayyohlar yana qachon O‘zbekistonga boraman deb ketsin.
Bu uchala davlatni nima bog‘lashiyu nima ajratishi haqida hukm chiqarishni o‘zingizga qoldiraman.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter