«Otangga bor, onangga bor». Vazirlik o‘z vazifasidan bexabarmi?
To‘g‘risi, yana bir xizmat onlayn ko‘rinishga o‘tganidan mamnun bo‘lgandim. Ortiqcha vaqt sarflamasdan, ovoragarchiliklarsiz qulay mexanizmli xizmatdan foydalanish kimgayam ma’qul kelmaydi, deysiz.
Hozirgi shiddatli zamonda har daqiqa oltinga teng. Vaqtni arzimas hujjatbozliklaru sansalorliklarga sarflash ham uvol, ham achinarli. Hukumat darajasida topshiriqlar bo‘lgani, turli qarorlar chiqarilgani bilan vaziyat o‘z izmicha o‘zgarib qolmaydi. Mas’uliyatni olgan vazirlik, tashkilot va idoralar uning ijrosi bilan shug‘ullanishlari kerak. Texnologiyalar beminnat yordamchi, qulay vosita. Lekin «pult» inson qo‘lida. Inson omili esa, baribir muammo keltirib chiqaraverarkan, agarda u o‘z zimmasiga yuklangan vazifani tushunmasa, bilmasa...
Gap bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga rasmiylashtirish masalasi haqida ketyapti. Bu tizimda shu yilning 1-aprelidan boshlab jiddiy o‘zgarish bo‘ldi. Bu haqda avvalroq batafsil maqola berganmiz.
Zarurat yuzasidan ushbu xizmatdan foydalanish asnosida turli chigalliklar, tushunmovchiliklar, sansalorliklarga duch keldimki, har birini bayon qilsam, yana ikki- uchta maqola bo‘ladi (har biriga alohida to‘xtalamiz).
Hozircha bir savol qarshimda «Xitoy devori» sifat turib olgan. Avval shunga aniqlik kiritib olish kerak. Nafaqat men uchun, xizmatdan foydalanayotgan minglab ota-onalar, vazirlik va boshqa mas’ul idoralar mutaxassislari uchun ham oydinlashishi zarur bu masala.
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida bolalarni bog‘chalarga qabul qilish bo‘yicha ariza yuborish xizmati bor. U fuqarolar uchun shunchaki qo‘shimcha qulaylik emas, endi istaysizmi-yo‘qmi, bu xizmatdan foydalanishga yaxshi ma’noda «majbursiz». Mazkur onlayn xizmatning qulayligi va zarurligiga shubha yo‘q. Muammo uni ko‘rsatayotgan mutaxassislar mas’uliyati va malakasida.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 28-martdagi 244-qarori bilan tasdiqlangan Bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga ko‘ra, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bolalarni bog‘chalarga qabul qilish bo‘yicha ariza topshirilgandan keyin bir kun ichida vakolatli organ tomonidan qabul qilinishi lozim.
Lekin YIDXP orqali anketa yo‘llanganiga bir haftadan oshsa hamki, uning qabul qilingani yoki qilinmagani haqida hamon javob yo‘q...
Arizani kim ko‘rib chiqishi kerak?
Savolga aniqlik kiritish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligining «ishonch telefoniga» qo‘ng‘iroq qildik.
Dastlab go‘shakni ko‘targan mutaxassis berilgan savolga (Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bolalarni bog‘chalarga qabul qilish bo‘yicha yuborilgan arizani kim ko‘rib chiqadi?) tushunmadi va ishga yangi kelganini aytib, boshqa mutaxassisni chaqirdi. Savolni eshitgach ikkinchi mutaxassis yuborilgan arizani avval devondagilar (!) ko‘rib chiqishi, keyin vazirlikka yo‘naltirilishini tushuntira ketdi. Uning gapini bo‘lishga majbur bo‘ldim. Angladimki, «Yagona portal» haqida gapirganimda, u Prezident portalini tushungan. Savol takrorlangach va qaytadan tushuntirilgach, go‘shakning narigi tomoni biroz jim bo‘lib qoldi, so‘ng masalani o‘rganib qayta qo‘ng‘iroq qilishini bildirdi. Bunga unamadim. Nahotki oddiy savolga vazirlik «ishonch telefoni» javob bera olmasa? Xullas, go‘shak uchinchi mutaxassis qo‘liga o‘tdi.
O‘zini vazirlikning jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini nazorat va tahlil qilish bo‘limi bosh mutaxassisi deb tanishtirgan vakil yuqoridagi savolni qayta tinglagach, «Vazirlar Mahkamasining 244-qarori bilan 1 apreldan boshlab bu xizmat Adliya vazirligi qoshidagi Davlat xizmatlari agentligi tomonidan amalga oshiriladi, bunda Maktabgacha ta’lim vazirligining roli yo‘q. Savolingizga javobni ularning «ishonch telefoni»ga qo‘ng‘iroq qilib aniqlashtirsangiz bo‘ladi...», — deya javob qaytardi.
Nailoj, Davlat xizmatlari agentligiga qo‘ng‘iroq qildik va savolni takrorladik. Javob quyidagicha bo‘ldi: «YIDXP orqali yuborilgan ariza avtomatik ravishda Maktabgacha ta’lim vazirligi boshqarmasining tuman bo‘limiga borib tushadi. Ular arizani bir kun ichida ko‘rib chiqib, sizning portaldagi elektron manzilingizga javob yuborishlari kerak».
— Lekin Maktabgacha ta’lim vazirligi mutaxassisi bu ish bilan faqat Davlat xizmatlari agentligi shug‘ullanadi, deb ta’kidlayapti?
— Noto‘g‘ri tushuntirishgan. Arizalar ikki usulda yuboriladi: Birinchisi — Davlat xizmatlari markazlari orqali, ikkinchisi — YIDXP orqali. Bunda Davlat xizmatlari markazlari vositachi, xolos, ya’ni fuqarolardan hujjatlarni olib, tizimga joylashtiradi, tizim avtomatik ravishda Maktabgacha ta’lim vazirligi bo‘limlariga yuboradi. Arizani esa ular ko‘rib chiqishadi...
No Comment!
E’tibor beryapsizmi, gap butun respublika bo‘ylab joriy qilinganiga 1 oy bo‘lgan onlayn xizmat (oflayn shakli to‘xtatilgan) haqida ketyapti. Ammo bu xizmatni kim va qanday ko‘rsatishini shunga mas’ul vazirlik mutaxassislari aniq aytib bera olishmayapti.
Endi viloyatlardagi boshqarmalar va tuman bo‘limlari qanday ishlayotganini tasavvur qilib ko‘ravering. Biz quyi tizimlardagi vaziyatni ham o‘rgana boshladik va taxmin qilganimizdek, ahvol achinarli bo‘lib chiqyapti...
Mavzuga yana qaytamiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter