Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Lutfullo Tursunov

Har bir mashaqqat ortida imkoniyat yotadi.

Orzularimiz qarshisidagi to‘siq

Orzularimiz qarshisidagi to‘siq

Foto: «Conti outra»

AQShning 32-prezidenti Franklin Ruzvelt bir gapni takrorlashni yoqtirar ekan: «Ertangi rejalarimizni amalga oshirishda yagona to‘siq  bugungi shubhalarimizdir!».

Inson doim orzu bilan yashaydi. Yaratgan shunday hislat bergan bizga. Esimizni tanishimiz bilan orzu qila boshlaymiz. Ehhe, ularning son-sanog‘i yo‘q. Garchi bolaligimizda tez-tez o‘zgarib turgan bo‘lsa-da, aslida hayotimizda bizga hamroh, yo‘lchi yulduz shu orzularimiz emasmi? Erishajak barcha natijalarimiz shu istak ortida yashirinmaganmi?

Afsuski, ba’zida orzu qilishdan cho‘chib qolamiz. Hatto nafaqat o‘zi, farzandining orzularidan qo‘rqadigan, unga to‘siq bo‘ladigan ota-onalar qancha. «Kosmonavt bo‘laman» deb baralla aytgan bolakay jerkilsa, prezident bo‘laman deganida shashti so‘ndirilsa, orzu qilishdan qo‘rqib qolmaydimi?!

«Amerika orzusi» haqida ko‘p eshitganmiz. Bu shunchaki balandparvoz ibora emas.

«Amerika orzusi»ning ortida, albatta, ko‘proq pul topish istagi yotar, ammo bunda lotereyadan katta yutuq yutish, ko‘chadan xazina topish yoki davlatning moddiy ko‘magiga tayanish kabi tushunchalar yo‘q. Amerikaliklar bir haqiqatga qattiq ishonch bilan qarashadi: o‘z bilimi, hissiyotiga tayanib istalgan maqsadga yetishish mumkin! Bu orzu – kichik bo‘lsa-da, lekin o‘zining qandaydir shaxsiy yutug‘iga erishish istagiga singib ketgan.

Bunda muvaffaqiyatga erishish jarayoni yutuqning o‘zidan-da kattaroq ahamiyat kasb etadi.

Amerika filmlarida badavlat kishilarning farzandlari shaxsiy yutug‘i uchun ota-onasi merosidan voz kechganini ko‘rib hayron qolamiz. Bu kabi holatlar faqat kinolarda emas, hayotda ham ro‘y beradi. Masalan, Hollivud kinoyulduzi Nikolas Keyj o‘z kuchi bilan muvaffaqiyat qozonish uchun mashhur bobosi Frensis Ford Koppoladan meros Koppola familiyasidan voz kechadi. Aslida bu nom uni shuhratga tezroq eltishi mumkin edi, lekin u mashhur familiya ortidan tanilishni emas, o‘z iqtidori bilan nom qozonish yo‘lini tanladi. Buni uddaladi ham. Orzu – yutuq. Bunda muvaffaqiyatga erishish jarayoni yutuqning o‘zidan-da kattaroq ahamiyat kasb etadi.

Albatta, agar amerikaliklarga tadbirkorlik uchun erkin bozor va iqtisodiyot muhiti taqdim etilmaganida muvaffaqiyatga erishish orzusi bunchalik keng – milliy fenomen darajasiga chiqmagan bo‘lardi. Agar amerikaliklar ijtimoiy holati va kelib chiqishidan qat’i nazar, «cho‘qqi»ga chiqa olishini tushunib yetishmaganida, shaxsiy yutuq haqidagi orzulari bu darajada ommaviy tus olmagan bo‘lardi.

Tadbirkorlik, tadqiqotlar, innovatsiyalar va yaratuvchanlik nihoyatda jozibali, ehtiyojlarni qondiruvchi ekanini kuzatishar ekan, amerikaliklar yaxshi hayot yo‘li qayerda ekanini tushunib yetishdi. Bunda gap faqat pulda ham emas. Amerikaning eng boy odamlari haqidagi hikoyani o‘qing, ularning o‘ntadan yettitasi o‘z milliardlariga noldan – aql va mehnat, intilish va texnologiyalar ko‘magida erishgan.

Texnologiyalarning insoniyatga bergan in’omi shuki, endi orzularni ro‘yobga chiqarish uchun Amerikaga borish shart emas. IT-texnologiyalar masofalarni qisqartirib yubordi. Shu yerdan turib ham bilim va iqtidorga tayanib ko‘p yutuqlarga erishish mumkin. Buni minglab yoshlarimiz isbotlashayapti ham. Faqat bu bizda hali ommaviy tus olgani yo‘q. Hamon eski qarashlardan – «tanish-bilishchiliksiz ish bitmasligi-yu, otamiz amaldor bo‘lmasa, hech vaqoga erisha olmasligimiz» kasalligidan qutula olmayapmiz. Holbuki, XXI asr – texnologiyalar asrida yashayapmiz...

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda «O‘zbektelekom» AK yaqinda bir tashabbusga qo‘l urdi. Iqtidorli volontyorlar ko‘magida kam ta’minlangan oilalar hamda qiyin sharoitli yoshlarga kompyuter savodxonligi va ingliz tili bo‘yicha maxsus kurslarni tashkillashtirishga kirishdi. «O‘zbek orzusi» deb nom olgan loyiha allaqachon o‘z maqsadi sari ildam qadam tashlashni boshladi. Tashabbusni taniqli tadbirkorlar ham qo‘llab-quvvatlashayapti.

Imkoniyatdan foydalaning, yangiliklarni loyihaning «Telegram» kanali va «Facebook»dagi sahifasida kuzatib boring, ular safiga qo‘shiling.

Har bir kishi orzu qilishga va uning ro‘yobi sari intilishga haqli. Faqat ertangi natijalarga bugungi shubhalar to‘siq bo‘lmasa bo‘lgani.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring