Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Muhabbat – o‘z tasavvuringga oshiqlik

Muhabbat – o‘z tasavvuringga oshiqlik

Foto: Xabar.uz

Ayol kishi baribir hayotda kimgadir suyangisi keladi. Ishongisi keladi. Lekin siz ishonmoqchi va suyanmoqchi bo‘lgan inson ham biz kabi oddiy banda ekanini yodimizdan chiqarib qo‘yamiz. O‘zimda ham shunday bo‘lgan. Omon Muxtorning asarlaridan birida muhabbatga shunday ta’rif berilgan. «Muhabbat – bu o‘sha insonga bo‘lgan shaydoliging emas, aksincha o‘z tuyg‘ularingga bo‘lgan shaydoligingdir».

BIZ O‘SHA INSONNI SEVMAYMIZ. Balki o‘zimiz o‘ylab topgan tasavvurlarimizni sevib qolamiz. Oqibatda esa nima sodir bo‘ladi? Oqibatda hafsalamiz pir bo‘ladi. «Men undan kutmagandim» degan og‘riq qalbimizni vayron qiladi. Tomog‘imizga nimadir tiqiladi. Ko‘zimizdagi yoshimizni ushlay olmay qolamiz. Nimaga? Nima uchun? Aynan mana shunday savollar miyamizda aylana boshlaydi.

Shu joyda O‘ZINGIZNI TANIYaPSIZMI? Endi sekin sekin o‘zimiz bilan tanishib olish vaqti ham kelgandira, nima dedingiz?

Yaqinda bir satrni o‘qib qoldim. Unda «Juda ham qattiq sevib qolgan ayol kuchsiz bo‘lib qoladi» deb yozilgandi.

Ha, haqiqatanam shunday. Ammo muhabbatsiz yashab bo‘lmaydiku. Demak, biz xafsalamiz pir bo‘lib qolmasligi va muhabbatsiz qolib ketmasligimiz uchun o‘zimizning nuqtamizni topib olishimiz kerak. Bu nuqtani men topganga o‘xshayman va o‘zimning usulimni sizga aytmoqchiman.

Birinchi navbatda, butun diqqatimni erimdan olib, o‘zim qiziqqan narsaga yo‘naltirishga harakat qildim. Men jurnalistman, ammo universitetda olgan 6 yillik bilimim doim kamlik qilgan. Ayni paytda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining qayta tayyorlov kursida o‘qiyapman. Maqsadim, o‘zim bilan yaqinroq tanishib, atrofimdagi insonlarga ham nafim tegsa.

SIZ NIMAGA QIZIQASIZ?

Hammamiz har xilmiz. Shundan kelib chiqqan holda o‘zingiz sevgan xobbiga diqqatingizni qaratib ko‘ring. Kasb boshqa, qiziqish boshqa. Bu, albatta, mening fikrim.

Sizning hayotingizda shunga o‘xshash voqealar bo‘lganmi?

Yaqinda psixologik tadqiqot haqida o‘qib qoldim. Unda ayol kishining baxtini 10 foizi erkak bilan bog‘liqligi aytilgan. Demak, baxtli bo‘lishimizning 90 foizi o‘z qo‘limizda.

POZTITIV BO‘LING, O‘ZINGIZNI SEVING, QIMMAT JOYLARGA BORIB OVQATLANING DEMAYMAN!

Chunki doim aytadiganimdek, men aql o‘rgatishni yomon ko‘ramanu, ammo ba’zida bilmasdan bir nimalar deb maslahat berib qo‘yaman. Beayb parvardigor.

Men inson psixologiyasini o‘rganayotgan siz kabi ayolman. Har kuni yangi bilimlarni olishga shoshilib ketaman. Siz ham bugun hayotingizning o‘zgarishi uchun bir nima qiling! Ko‘rasiz, hali meni aytdi, dersiz, hammasi yaxshi bo‘ladi.

Feruza Umrzoqova, @feruza_umrzoqova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring