Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Men tugatgan kitob: «Mazaxchini o‘ldirish» – qushni o‘ldirish nima uchun gunoh?

Men tugatgan kitob: «Mazaxchini o‘ldirish» – qushni o‘ldirish nima uchun gunoh?

foto: https://t.me/timur_books

 

Esingda tut: mazaxchini o‘ldirish gunoh.

Mazaxchi – eng beozor qush, u faqat biz rohatlanishimiz uchun sayraydi...

Pulitser va yana boshqa mukofotlarni olgan, eng kuchli 100 talik reytinglarga kiritilgan, nashr qilinishi bilan film ishlangan bu roman nega aynan «Mazaxchini o‘ldirish» deb nomlanganini bilasizmi? Sababini oxirda yoza qolay.

Dastlab, uning muallifi haqida aytib o‘tsam.

Yaqindagina 90 yoshda vafot etgan adiba Harper Li (1926-2016) roman yozgan ayol yozuvchilar ichida eng omadlisidir. Sababi u bittagina roman bilan ham adabiyot tarixida qoldi. Biroq barcha mashhur asarlarning ibtidosida kuzatiladigan ishonchsizlik holati unda ham bo‘lgan. Noshirlar «asaringiz kitobxonga qiziq emas, syujetni o‘zgartiring» deya maslahatlar berishgan... Ammo, adiba so‘zida turdi va adashmadi.

Tasavvur qiling, XX asrning 30 yillari – AQShda Buyuk turg‘unlik davri. Butun shtatning yarmi ishsiz, pulsiz va ilojsizlik iskanjasida... Asr boshida yopirilib kelgan muhojirlarning ta’sirida ishchi kuchi oshib, jinoyatlar ko‘payib, davlat iqtisodi inqiroz yoqasiga kelgan. Ammo Markesning Makondosiga o‘xshash Meykomb nomli xilvat shaharchada turmush o‘z yo‘lida ketayotgan bo‘ladi... Bu shaharchaning o‘z odamlari, urf-odatlari, o‘ziga xos tarixi bor...

Bu tutash ko‘chalardagi uylar oldida to‘qqiz yashar qiz va uning akasi o‘ynab yuradi, ularning ziyrak nigohi sira uyidan chiqmaydigan qo‘shnisikiga qaratilgan... Keyingi boblarda ularni maktabda ko‘rasiz... Bir qarasangiz, ularni qo‘shni Modi xolaning uyida, yana bir gal esa sevimli daraxtlari tagida uchratasiz ... Ha, bu bolalar tinim bilmay har ishga ulgurishadi, qiziqishadi, tashqi dunyoni anglashga harakat qilishadi... Asarni kinoga qiyoslasak operatorlik ularga topshiriladi...

Kitob sahifalarida biz (Skaut – Luiza Finch siymosida) Harper Lining qiyofasini, sherigi Dill obrazida esa mashhur yozuvchi Trumen Kapotening obrazlarini ko‘ramiz (Kapote va X.Li bolalikda qo‘shni bo‘lishgan)...

Romanni o‘qir ekanmiz, gohida bizni bolalarning ajoyib o‘yinlari elitib qo‘ysa, gohida kattalarning turli xil shafqatsizliklari uyg‘otib yuboradi...

Dostoyevskiy, Tolstoy, Joys va Selindjerlarning murakkab ruhiyatli o‘smirlarida biz ko‘pincha dunyoga nafrat va shubha gumonlar ko‘ramiz. Skaut va Jemlarning qalbida esa doimo ezgulik nur sochib turadi. Chunki ularning doimo to‘g‘ri tarbiya beradigan, oq va qorani ajratib beradigan, haqiqatparvar va halol otasi bor.

Advokat Attikus Finch obrazi adabiyotdagi men bilgan ota obrazlari orasida eng mukammalidir. Kafka, Dostoyevskiylarning «aybdor otalari»dan butkul farq qiladigan rahmdil, halol, bosiq, adolatparvar va eng muhimi bolalariga ota o‘rnida do‘st bo‘lgan bu insonni siz ham yaxshi ko‘rib qolsangiz ajabmas.

Romanda bir tarafdan oila, do‘stlik va ijtimoiy munosabatlar yoritilib, o‘smirlar ko‘zi bilan tahlil qilinsa, ikkinchi tarafdan qora tanlilarga bo‘lgan nohaqliklar va yomonliklar xolis tasvirlanadi. Chunki, AQShda yaqin yillargacha afro-amerikaliklarga nisbatan quldek munosabatda bo‘lib kelishgan. To Martin Lyuter King katta maydonga chiqquniga qadar qora tanlilar odam o‘rnida ko‘rilmagan. Ularni «negr» deb haqoratlab, oq tanlilar xonadonida qora ishlarga majburlashgan. Hindular va negrlarning bolalari alohida maktablarda o‘qitilgan, ular bilan hech qanday rishtalar bog‘lanmagan, jinoyatda gumon qilinganida esa aybsiz bo‘lsa ham qoralanib, o‘ldirib yuborilavergan... Chunki, o‘sha davrlarda qora tanlilarga rahm qilmaslik oddiy holat edi. Hayotda ham, adabiyotda ham ular o‘lishi shart bo‘lgan.

Bunday holatlarni siz «Tom tog‘aning kulbasi», «Yashil milya», «12 yil qullikda», «Eng moviy ko‘zlar», «Avgustdagi yorug‘lik» asarlarida, «Ozod Jango», «Kanizak Izaura», «Yashil kitob» kabi filmlarda ko‘rgandirsiz...

Harper Li romanda ham ana shu irqchilik qoralanadi.

Advokat Attikus Finchning qalbida mudom ezgulik yashaydi. Uning uchun oq tanli ham, qora tanli ham, qizil tanli ham – oddiy odam. Ularning terisi hech nimani anglatmaydi. Shu sababdan ham u xabash xizmatkor Kelpurniyani bolalarining tarbiyasiga va uy ishlariga mas’ul qilib qo‘yadi.

U bolalariga:

Negr dema, Skaut. Bu beadablik bo‘ladi... deb o‘rgatadi.

Shu bilan birga zo‘rlashda tuhmatga uchragan sofdil qora tanli Tom Robinsonni himoya qilib, sudda uning advokati bo‘ladi. Butun shahar unga qarshi chiqib, uni izza qilsa ham, vijdoniga quloq tutadi.

Tan olish kerakki, asardagi sud jarayoni romanning eng qiziqarli sahifalaridir. O‘zi badiiy asarlardagi sud jarayonlarini yaxshi ko‘raman. «Venetsiya savdogari», «Karamazovlar», «Tirilish», «Jarayon», «Begona» asarlaridagi sud jarayonlari ko‘pincha nohaqlik bilan yakun topsa-da, voqealarning shiddati kitobxonga maroq bag‘ishlaydi...

Romanda tarbiyaviy iboralar juda ko‘p:

«Insondagi ko‘pchilikka bo‘ysunmaydigan yagona narsa uning vijdonidir»

«Haqiqiy jasurlik mag‘lub bo‘lishingni bilsang-da, kurashishdan qo‘rqmasliging»

«Insonlar bilan o‘zimizga yoqqan emas, balki ularga yoqqan mavzuda gaplashish xushmuomalalik belgisidir»

«Kishini qo‘l bilan ko‘rsatish odobsizlik belgisi»

«Bir insonning hayotini yashab, uning o‘rniga o‘zingizni qo‘yib ko‘rmaguningizcha uni tushuna olmaysiz»

Asar oqlar ham, qoralar ham yonma-yon, axil yashay oladi degan g‘oyani ilgari suradi.

Harper Lining romani nega shu paytgacha dunyo maktablarda o‘qitilib, yuqori reytinglardan joy olib kelayotganini endi anglagandirsiz.

Yuqorida yozganimdek, asarning nomi nega «Mazaxchini o‘ldirish» deb nomlangandi?

Buni siz beozor va begunoh qushlar timsolidagi qora tanlilarning taqdirini o‘qigach anglab yetasiz.

Temur Tangriberganov kanalidan olindi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring