Mahbuslar qiynoqqa tutilgan, oilasi bilan ko‘rishishga ham imkon yo‘q – xalqaro tashkilot
Amnesty International xalqaro inson huquqlari tashkiloti Isroil qamoqxonalaridagi falastinlik mahbuslarga nisbatan qiynoq, jismoniy va jinsiy zo‘ravonlik harakatlari sodir etilgani yuzasidan xavotir bildirdi.
Tashkilotning Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo‘yicha direktori o‘rinbosari Sara Xashashga ko‘ra, Negev cho‘lidagi Sde-Teyman tutqungohida falastinlik mahbuslarga noinsoniy munosabat va qiynoq qo‘llangani dalillar bilan isbotlangan.
Inson huquqlari tashkiloti xodimlari 2 haftadan 140 kunga qadar Isroil qamoqxonalarida o‘tirgan 27 nafar sobiq mahbus (20 erkak, 6 ayol va 1 bola) bilan suhbatlashib, ularning barchasi harbiylar, politsiyachilar va maxsus xizmat xodimlari tomonidan qiynoqqa, noinsoniy munosabatga tutilgani, huquqlari poymol etilganini aniqlagan. Ularga advokat xizmatidan foydalanish va oila a’zolari bilan muloqotga ham to‘sqinlik qilingan.
Amnesty International o‘rganishlarida Sde-Teyman tergov izolyatorida falastinlik mahbuslar ommaviy zo‘rlash qurboni bo‘lgani ham yuzaga chiqqan. Tashkilot Isroil rasmiylaridan mustaqil kuzatuvchilarning qamoqxonalarga erkin kirishini ta’minlash va xolis tekshiruv o‘tkazishni talab qilgan.
Jangovar harakatlar sharoitida jismoniy va jinsiy zo‘ravonliklar harbiy jinoyat sanalishini ta’kidlagan tashkilot Xalqaro jinoiy mahkama prokurorini inson huquqlari poymol etilishi holatlarini taftish etishga chaqirgan.
Isroil janubidagi Sde-Teyman tutqungohida aql bovar qilmas qiynoqlar qo‘llanishi ko‘pdan buyon xavotirlarga sabab bo‘lib keladi.
O‘tgan hafta «The New York Times» gazetasi Sde-Teyman qamoqxonasidagi falastinlik mahbuslar ko‘zi bog‘langan va qo‘li kishanlangan holatda kuniga 18 soatlab o‘tirishga majburlanishi haqida yozdi.
«Al Jazeera» ma’lumotiga ko‘ra, Isroil qamoqxonalarida 10 mingdan ziyod falastinlik saqlanmoqda.
Falastin ma’muriyati 3000 dan ziyod mahbus «ma’muriy qo‘lga olish» amaliyoti doirasida asossiz hibsga olingani, ularga na ayblov e’lon qilingani, na sud tashkil etilganini qoralagan.
Inson huquqlari tashkilotlari Isroil xavfsizlik vajidan falastinliklarni ayblov e’lon qilmagan holda qamoqda saqlab kelishini tanqid qiladi. Bu amaliyot, ayniqsa, 2023 yil 7 oktyabrdan keyin kuchaygan.
BBC muxbiriga ko‘ra, G‘arbiy sohildagi deyarli har bir oila vakillari Isroil qamoqxonalarida o‘tirib chiqqan. Mahbuslar Isroil ichki hududlarida saqlangani sabab yaqinlari ular holidan umuman xabar ololmaydi.
BMT hisobotida qayd etilishicha, Isroil 1967 yildan buyon 800 mingdan ziyod falastinlikni asossiz ravishda yoki arzimas shubha-gumon bilan hibsga olgan.
«Isroil harbiy okkupatsion ma’muriyati Falastinning bosib olingan hududlarini ochiq osmon ostidagi qamoqxonaga aylantirgan», – deydi BMTning maxsus ma’ruzachisi Francheska Albaneze.
Qamoqqa olingan falastinliklar orasida bolalar ham ko‘pligi xavotir uyg‘otib keladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter