Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Jonzotni o‘ldirish uchun faqat bitta shar yetarli – 30 ming shar esa… (video)

Bundan bir oy oldin Ashxobod sayilgohida Navro‘z bayrami munosabati bilan o‘tkaziladigan shouda 20 ming shar uchirilishi ma’lum qilindi. Ekofaol Nargis Qosimova tomonidan ijtimoiy tarmoqlarga va Ekolog.uz caytiga qo‘yilgan e’tirozli xabar sababli biz ham o‘z saytimizda maqola e’lon qilgan edik.

Maqola Nargis Qosimovaning mana shunday e’tirozi bilan boshlangan edi: «Shou biznes vakillarimiz pul ishlash uchun hamma narsaga tayyor. Qo‘pol qilib aytganda, ertaga tabiatga zarar yetadimi, uchirgan sharlardan hayvonu qushlar o‘lib ketadimi, farqi yo‘q, pul bo‘lsa bo‘ldi. Uch kun davom etadigan bayram arafasida Ashxobod charxpalagidan 20 mingta sharni tashlashar ekan. Yopiq bino bo‘lsa ham mayli, ularni yig‘ishtirib olish mumkin, ammo u ochiq joy. Sharlar bir pasda uchib ketib, yuzlab chaqirim joyni ifloslantiradi. Sharlar plastik va lateks aralashmasidan tayyorlanadi, ular parchalanmaydi. Bir daqiqalik tomosha deb atrof-muhitga qancha zarar yetishini tasavvur qilyapsizmi? Hammani o‘ziga qaratib tomoshaga chorlayotganlarni to‘xtatadiganlar bormi? Ekopartiya, Ekologiya vazirligi bu masalaga befarq bo‘lmaydi degan umiddaman».

Biz maqolani chop etgach, ijtimoiy tarmoqlarda anchagina bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Afsuski, bu yozganlarimiz shar kabi osmonlarga uchib ketdi. Ya’ni maqola sarlavhasida aytilganidek, osmonga uchirilgan quvnoq sharlar qayg‘uli voqealarga sabab bo‘lmoqda. Bugun yana hamkasbimizning facebook sahifasida xuddi shunday postiga ko‘zim tushdi. Va bu xabar ekologiyaning yetakchi nashrlaridan bo‘lgan  Ekolog.uz  saytiga ham joylangan: «15 may kuni Andijon shahridagi «Navro‘z» savdo markazining 3 yilligini nishonlash maqsadida 30 mingta sharni havoga uchirishmoqchi ekan. Shunday shou o‘tkazishni Toshkentdagi «Ashxobod»  sayilgohi boshlab bergandi. Sharlarni havoga uchirishning salbiy oqibatlari haqida ogohlantirgan edik, hatto xorijdagi o‘tkazilgan shoular misolida.

«Navro‘z» savdo markazi, odamlarning kayfiyatini ko‘tarishni istasa, odamlar uchun biror yerda o‘sha sharlarga ketadigan pulga 30 dona daraxt ekib bersin. Daraxtlar ham ko‘karib, katta bo‘lib ketsa odamlarga yaxshi kayfiyat beradi. Odamlar soya salqinida dam olganda eslab yursin. Ertaga Andijondan keyin estafetani kim davom ettiradi ekan? Biz Andijon viloyat Ekologiya boshqarmasi va viloyat ekologiya partiyasi rahbariyatidan ushbu holat bilan jiddiy shug‘ullanishlarini so‘raymiz».

Ekofaol jon kuydirayotganidek, savdo markazining 10 yilligida 100 mingta shar uchiriladimi, kelgusida? Axir sharlarni osmonga uchirish qanchalik qimmatga tushishini nahotki anglab yetishmayotgan bo‘lishsa?

Zamonaviy lateks sharlar 100% biologik parchalanadigan sifatida sotiladi, chunki ular rezina daraxtlarning sharbatidan tayyorlanadi. Bu mutlaqo to‘g‘ri emas – garchi lateks sintetik plastmassalar yoki avvalgi sharlardan tezroq parchalanishiga qaramay, ular bir qator salbiy oqibatlarga olib kelishi uchun yetarlicha uzoq vaqt saqlanib qoladi – parchalanishi uchun oylar yoki yillar kerak bo‘ladi.

Dengizlarni muhofaza qilish jamiyati ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 10 yil ichida Buyuk Britaniya plyajlarida topilgan sharlar va havo sharlari soni uch baravar ko‘paygan. Xavfli tomoni shundaki, dengiz hayvonlari ko‘pincha bu qoldiqlarni oziq-ovqat deb adashishi mumkin, bu esa oshqozon va ichaklarda ichki tiqilib qolishga olib keladi, natijada ochlik va o‘limga olib keladi. Ichaklarini to‘sib qo‘ygan shar qoldiqlari bilan topilgan kitlar, delfinlar, toshbaqalar va akulalar bunga misol. Ayniqsa, toshbaqalar azoblanadi, chunki shar qoldiqlari toshbaqalar uchun asosiy o‘lja bo‘lgan suvdagi meduza kabi ko‘rinishi mumkin. Ayniqsa qushlar, shuningdek, kauchukni yutib yuborishi yoki ipga o‘ralishi va ochlikdan yoki ipdan infeksiyalangan jarohatlardan dahshatli uzoq davom etadigan o‘lim tufayli sharlardan jabrlanadi. Avstraliyalik biologning aytishicha, u tekshirgan har 20 dengiz qushining 1 tasi o‘limiga shar sabab bo‘lgan.

Har bir shar dengiz va quruqlikdagi yovvoyi tabiat uchun potensial o‘lim tuzog‘idir. Bu, shuningdek, bir so‘z bilan aytganda, chiqindi. Yaxshi xabar shundaki, ko‘proq odamlar havo sharlarini ishlab chiqarish xavfidan xabardor bo‘lishmoqda, bu afsuski bizda emas xorijda.  

Butun dunyoda sharlar xavfi tobora ko‘proq e’tirof etilmoqda.

«Rossiya jamoat tashabbusi» platformasi bir yili osmonga havo sharlarini ommaviy uchirishni taqiqlash uchun imzo to‘plashgan. Ekologlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘tgan yillarda 9 may arafasida Tyumen maktablari osmonga o‘rtacha 80 mingta havo sharini uchirgan. Sochida ekologik faol Olga Boyka LED sharlarini sotishni qisman taqiqlashga erishdi. AQShning bir qancha shtatlarida ommaviy havo sharlarini uchirish allaqachon taqiqlangan.

Germaniya, Buyuk Britaniya va Amerikaning bir qator shtatlarida qoidabuzarlarga jarima solinadi. Tinch okeani sohilida joylashgan Amerikaning Laguna-Bich shahri ma’murlari havo sharlarini sotish va ulardan foydalanishga taqiq joriy qilgan. Amerikaning boshqa shtatlarida – Merilend, Virjiniya va Gavayida – bu chora allaqachon kuchga kirdi. U yerda jarima 500 dollargacha. Shunga o‘xshash qonunlar Nyu-York va Floridada ko‘rib chiqilmoqda. Italiyada esa sharlar Ferrara shahri meri nazoratiga o‘tdi. U yerda ularni osmonga chiqarish taqiqlangan. Qoidani buzgan fuqarolar 125 yevro miqdorida ma’muriy jarimaga tortilishi mumkin.

Biz-chi, biz qachon tadbir izlaymiz. Ekofaol Nargis Qosimova odamlarni xursand qilmoqchi bo‘lsangiz 30 ta daraxt eking, deya murojaat qilmoqda, biz esa qushlar uchun 30 mingta emas 30 dona uy quring, deb aytmoqchimiz. Esingizda bo‘lsin – biron jonzotning hayotini to‘xtatish uchun faqat bitta shar yetarli...

Barno Sultonova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring