Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Islom Karimovning savoli: «Sen nimaga o‘yin qilasan?»

Islom Karimovning savoli: «Sen nimaga o‘yin qilasan?»

1993 yilning mart oyi.

Men prezident devonida bosh konsultant bo‘lib ishlar edim.

Bir kuni peshinga yaqin prezidentning tashkiliy masalalar va kadrlar bo‘yicha davlat maslahatchisi chaqirayotganini aytishdi. Beshinchi qavatga – davlat maslahatchisi qabulxonasiga bordim. Yordamchisi hozir deb ichkariga kirib ketdi va zum o‘tmay qaytib chiqdi-da, kiring, dedi.

Uzun, keng va salobatli xonada Mavlon Umrzoqov bilan Vazirlar Mahkamasi raisining birinchi o‘rinbosari Ismoil Jo‘rabekov o‘tirgan ekan. Qisqa salom-alikdan keyin davlat maslahatchisi menga yuzlandi.

  – Ishingizni o‘zgartirsak, nima deysiz? – dedi.

  Dabdurustdan berilgan bu savolga nima deyishni bilmay qoldim. Ammo savol berildimi unga javob berish shart.

  – Qayerga? Nima ishga? – deya oldim.

  – O‘zTAGga, – dedi M.Umrzoqov, – Murodning o‘rniga.

Prezidentning 1992 yil 5 fevraldagi farmoni bilan O‘zbekiston Telegraf agentligi (O‘zTAG) O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga (O‘zA) aylantirilgan, yozuvchi Murod Muhammad Do‘st Prezident devonidan shu agentlikka bosh direktor qilib yuborilgan edi. O‘n besh kuncha oldin u Prezidentning matbuot kotibi etib tayinlangan edi.

Men bir M.Umrzoqovga, bir I.Jo‘rabekovga qaradim. Ammo har ikkalasining yuz ifodasidan biron ma’no anglay olmadim.

– Nima deysiz? – dedi I.Jo‘rabekov savolga o‘rin qoldirmaydigan qilib.

Gap ohangidan sezdimki, masala jiddiy, e’tirozga o‘rin yo‘q.

– Og‘ir joy, – dedim. – Ko‘p ish qilish kerak. Yordam zarur bo‘ladi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida o‘n yil mas’ul kotib bo‘lib ishlaganim tufayli bu tashkilotni uncha-muncha bilardim.

Gapni yana I.Jo‘rabekov davom ettirdi:

– Yordam beramiz... Siz ham Mavlonjonga yordam berasiz, – dedi.

«Xo‘p» dedim, ammo prezidentning davlat maslahatchisiga men nima yordam berishim mumkinligiga aqlim yetmadi.

M.Umrzoqov ko‘rsatkich barmog‘i bilan yuqoriga ishora qildi.

– Kelishilgan, – dedi.

Yuqorida – oltinchi qavatda prezident o‘tirar, davlat maslahatchisi hozir shuni nazarda tutayotgan edi. Bu gapdan keyin o‘yladim: «Hamonki prezident bilan kelishilgan bo‘lsa, bu suhbatga ne hojat bor?.. Yo‘li shunday bo‘lsa kerak-da, rasmiyatchilik uchun».

– U holda kelishdik bo‘lmasa, – dedi davlat maslahatchisi suhbat tugadi, degan ohangda. – Ertaga ertalab soat o‘nda shu yerda bo‘ling, Prezidentga kirasiz.

Bu gapdan yuragim shuvillab ketdi. U kishi bilan kelishilgan bo‘lsa, bular suhbatlashdi, prezidentga kirish shartmikin, degan xayolga bordim. Biroq dilimdagini tilimga chiqarmadim.

Ertasi kuni aytilgan vaqtda yana shu yerda bo‘ldim. Davlat maslahatchisining yordamchisi koridordagi kresloni ko‘rsatdi.

– Shu yerda o‘tirib turing. O‘zimiz aytamiz.

Aytganini qilib o‘tirdim: bir soat, ikki soat... Hech kim so‘ramaydi. O‘tgan-ketgan salomlashadi, tanishlar «Ha, tinchlikmi, bu yerda o‘tiribsiz?» deydi. Hamma biladiki, bu maslahatchining huzuriga chorlangan odam yo bir lavozimga tayinlanadi, yoki ishdan olinadi, juda bo‘lmaganda boshqa ishga o‘tkaziladi. So‘raganlarga «bilmadim, chaqirishipti» deyman, xolos.

Bunday paytda vaqtning o‘tishi biram qiyin kechadiki... Damba-dam soatga qarayman. Soat millarining yurishi ham sekinlashganday. Ichimni it tirnaydi. «Tezroq chaqira qolsaydi, tezroq bir yoqli bo‘lsaydi». Miyamda ming xil fikr g‘ujg‘on o‘ynaydi. «Prezident nimani so‘rashi mumkin?» Hech kim oldindan ayta olmaydi. Ikki-uch marta suhbatda bo‘lganman. Hech xayolga kelmagan, yetti uxlab tushingga kirmagan narsalarni so‘raydi. U kishi bilan suhbatlashish og‘ir, juda og‘ir. Salobati bosadi, bosganda ham odamni ezib, yanchib tashlaydi. Bir qarashlari borki, uncha-muncha odam dosh berolmaydi, har qanday dadil, tajribali kishi ham aytadigan gapini yo‘qotib qo‘yadi.

Shularni o‘ylaganim sari yuragim siqiladi. O‘zimni chalg‘itmoqchi bo‘laman. «Ey, qo‘ysang-chi, nimani o‘ylaysan? Bo‘lsa bo‘ldi, bo‘lmasa yo‘q-da. Nima, sen shu lavozimga uchib yotibsanmi? O‘zlari aytishdi-ku, Xudoga shukur, ishing bor, indamay ishlayverasan... Ishlab bo‘psan! Xudo ko‘rsatmasin, agar suhbatdan o‘tolmasang bu yerdan ham ketasan. Ha, bu aniq. Qanchasini ko‘rganmiz, yangi lavozimga tavsiya bo‘lib, suhbatga kirgach, suhbatdan o‘tolmay ishlab turgan vazifasidan ham ayrilgan. «Manovi qovoq kallani shuncha paytdan beri bu lavozimda nega olib o‘tiribsanlar? Buyam yetmaganday yangi lavozimga tavsiya qilasanlar. Yo‘qot buni!» Tavsiya qilgan mutasaddilar ana shunday dashnom eshitgan.

Turli xayollar bilan kunni kech qildik. Ramazon oyi, ro‘za tutgan edim. Og‘iz ochar payt ham bo‘ldi. Hech kim hech nima demaydi. Har zamonda yurak yutib yordamchidan so‘rayman. «Bilmadim, aka, biz so‘ray olmaymiz, o‘zlari aytishadi. Kuting» deydi, xolos.

Qorin ochligi, tashvishli kutish o‘z ta’sirini ko‘rsata boshladi. Betoqatlanib, u yoqdan-bu yoqqa asabiy yura boshladim.

Bir mahal qog‘oz papkalarini qo‘ltiqlab davlat maslahatchisi chiqdi xonasidan.

– Yuring, tezroq, – dedi menga.

Ildam qadamlar bilan zinadan oltinchi qavatga ko‘tarildi. Men orqasidan ergashdim.

Qabulxonaga kirishimiz bilan prezidentning yordamchisi Georgiy Alekseyevich Kraynov ichkariga taklif qildi.

Prezidentning chap tomonidagi ikki-uch stul pastda davlat maslahatchisi o‘tirdi. Menga uning ro‘parasida, ammo prezidentga yaqinroq stulga o‘tirishimni aytishdi.

Odatda yuqori lavozimdagilar, xususan, prezident bo‘lajak vazir yoki hokim bilan suhbatlashganda global masalalar haqida gapiradi, deb o‘ylaymiz. Insonning asl qiyofasi, ichki dunyosini bilish uchun yirik muammolar haqidagi fikrlari yetarli emasligiga ko‘pincha ahamiyat bermaymiz. Vaholanki, sirtdan mayda-chuyda bo‘lib ko‘ringan masalalar, maishiy muammolar ba’zan insonning kimligini ayon qilib qo‘yadi.

Shu ma’noda Islom Karimov ko‘pincha suhbatni oddiy masalalardan boshlar edi.

– Oting nimaga Mamatqul? – dedi menga.

Kutilmagan savolmi?

– Endi, Islom aka (men u kishiga doim shunday murojaat qilardim), qishloqchilik, buning ustiga 40-yillar, odamlarda diniy savod ham bo‘lmagan. Aslida Mamat emas, Muhammad bo‘lishi kerak. Undan keyin banda Muhammadning quli bo‘lmaydi, Allohning quli, Muhammad payg‘ambarning ummati bo‘ladi...

Ma’nodor bir qaradi-da, navbatdagi savolni tashladi:

– Otangning oti nega bunaqa?

Bu savolga nima javob berish mumkin?  Tavakkal dedimu miyamga kelgan fikrni aytdim.

– Bilmadim... Otam tug‘ilganda men bu dunyoda bo‘lmaganman.

Zimdan davlat maslahatchisiga qaradim. Uning avzoyi o‘zgardi. «Noto‘g‘ri gapiribman, shekilli», deb o‘yladim. Prezident boyagiday ma’nodor qaradi. Yuzida ozgina jilmayish ko‘ringanday bo‘ldi. Tikilib qarashga jur’at etolmadim.

Asta-sekin savollar jiddiylasha boshladi.

Demokratiya deb o‘zini haqiqatchi, vatanparvar qilib ko‘rsatadiganlar ko‘paygan, turli oqimlar har tomonga tortayotgan paytlar edi. Bunday holat yozuvchilar o‘rtasida ham ancha kuchaygan edi. Shu bois bo‘lsa kerak, turli shoir va yozuvchilar haqida fikrlarimni so‘ray boshladi. Qaysi shoir yoki yozuvchi haqida qanday fikrda bo‘lsam shundayligicha aytdim. Zero, prezident qaysi adib to‘g‘risida qanaqa fikrda ekani menga qorong‘i edi. Shu bois fikrim u kishiga yoqadimi-yo‘qmi o‘ylamay ko‘nglimdagini gapiraverdim. Jahli chiqa boshladi.

– Nega kimni so‘rasam undan o‘zingni olib qochasan? Axir hammang bir toifadagi odamlar-ku. Nima, sen ularni tanimaysanmi?

Masalaning eng nozik joyi kelgandi nazarimda. davlat rahbaridan hech narsani yashirishning iloji yo‘q edi. Qolaversa, u kishining qo‘lida barcha ma’lumotlar borligiga aminman.

– Nega tanimas ekanman, taniyman, – dedim. – Hammasini taniyman. Ko‘plari bilan non-tuz bo‘lganman. Ammo bu degani u bilan hamtovoq, hamfikr, maslakdosh degani emas-ku.

Yana zimdan davlat maslahatchisiga qaradim. Maqsad – uning yuz ifodasidan gapim to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanini bilish. Afsuski, bu niyatimga erisha olmadim. Sababi – unga diqqat bilan qaray olmasdim, boz ustiga u mendan ancha narida o‘tirgandi. «Bizni bekorga bir-birimizdan uzoqroq o‘tqizmagan ekan-da», degan fikr o‘tdi xayolimdan.

Kutilmaganda suhbat yo‘nalishi o‘zgardi.

  – Sen hozir bu yerda ishlaysan, Prezident himoyasidasan. Boshqa ishga borsang, o‘zingni qanday himoya qilasan?

  Mana, odamni sinash yo‘li.

– Men qayerda, qaysi lavozimda ishlamayin, O‘zbekistonda bo‘lsam, doimo prezident himoyasida bo‘laman. Chunki men O‘zbekiston Respublikasi fuqarosiman, – dedim.

– Huquqingni yaxshi bilasan-a?..

– Burchimni ham...

Xullas, suhbat tobora jiddiylashib, prezidentning kayfiyati buzila boshladi (har qalay menga shunday tuyuldi). Men o‘zimcha o‘ylardim: «Bo‘ldi, hammasi tamom. Hozir «tur, yo‘qol», deydi. Umrzoqovni ham so‘kadi». Shu o‘ylar bilan stolga termilib o‘tirardim.

– Menga qara, – dedi qat’iy ohangda. – Sen nimaga boyadan beri o‘yin qilasan?

Bilardimki, prezidentga suhbatdoshining gaplari yoqmasa shunday deydi, ya’ni, o‘yin qilyapsan, o‘yinchisan, derdi. Alloh menga qayerdan bunday jur’at berdi, jasorat berdi o‘shanda, hozirgacha o‘zim ham hayronman.

 Yalt etib u kishiga qaradim va ko‘ziga tikildim. Yeb qo‘yguday bo‘lib qarab turibdi. Yuqorida aytdim, bu qarashga uncha-muncha odam dosh berolmaydi. Bir zum indamay termilib turdim. Shu fursat ichida ming xil fikr o‘tdi miyamdan. «Bo‘lgani bo‘ldi, dilingdagini ayt» degan nido keldi ichimdan.

  – Islom aka, – dedim ko‘ziga tik qaragan holda. – Siz shu yurtning rahbarisiz, prezidentsiz. Istasangiz meni vazir qilib qo‘yasiz, istasangiz ko‘cha supurtirasiz. Bu sizning vakolatingizda... Ammo... mening sha’nimga tegishga, men aytmagan gapni aytding deyishga, men qilmagan ishni qilding, deyishga haqqingiz yo‘q!.. Men hech qachon ariqning bu qirg‘og‘idan u qirg‘og‘iga sakramaganman... Doimo o‘zim tanlagan qirg‘oqda yurganman, bundan keyin ham shunday bo‘ladi!

  Og‘ir sukunat cho‘kdi. Ehtimol bu sukunat bir daqiqa, nari borsa ikki daqiqa davom etgandir. Lekin men uchun soatlab cho‘zilganday bo‘ldi. Butun vujudim qizib, yuzlarim lovullab yona boshladi go‘yo. Boshimni egib o‘tiribman.

Prezident o‘rnidan turdi. Men ham, davlat maslahatchisi ham. Men nima qilishni bilmay gangib turibman. Stolni aylanib o‘tib, men tomonga yurdi. Men ham. U kishi qo‘lini uzatdi. Men ham. Qo‘limni qattiq qisdi.

- Bo‘pti, uka, ishlaringga omad tilayman.

Qabulxonaga chiqdim. Georgiy Alekseyevich jilmayib turibdi.

– Xo‘sh, nima bo‘ldi? – dedi.

– Nima bo‘lardi, rasvo bo‘ldi, – dedim. Ko‘zim suv to‘la grafinga tushdi. Ro‘za ekanim esimga keldi. – Quying.

Kraynov ikki yuz grammlik qirrali stakanni to‘ldirib suv quydi. Bir ko‘tarishda ichdim.

Kraynov menga taskin bergan bo‘ldi:

– Parvo qilma, hammasi yaxshi bo‘ladi... Bilasan-ku, prezident hamma bilan shunaqa jiddiy gaplashadi.

Ertasi kuni ishga kelishim bilan davlat maslahatchisi chaqirayotganini aytishdi. O‘sha tanish xonaga chiqdim. Yordamchisi yaxshi kayfiyatda so‘rashdi (rahbarning kayfiyatini yordamchining kayfiyatidan bilish mumkin, agar u haqiqiy yordamchi bo‘lsa). Rahbaridan so‘ramasdan ichkariga taklif qildi.

– Kiravering, sizni kutyaptilar, – dedi.

Davlat maslahatchisi mamnun holda qarshi oldi. Salom-alikdan keyin oldimga bir qog‘oz qo‘ydi. Ko‘z yugurtirdim. Prezident farmoyishi edi. U meni O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori etib tayinlash haqida edi. Davlat maslahatchisiga yuzlandim. U kishi jilmayib turardi. Nima deyishni bilmasdim.

– Kecha oxirgi gapingiz zo‘r bo‘ldi, – dedi M.Umrzoqov. – Chiqib ketganingizdan keyin «Qat’iyatli, o‘z fikri, o‘z so‘zi bor yigit ekan», dedi va farmoyishga imzo chekdi... Tabriklayman! Omadingizni bersin.

Davlat maslahatchisi o‘ziga yarashgan tabassum bilan meni kuzatdi.

Mamatqul Hazratqulov

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring