Hukmdorning eng qora kuni yoxud lahaddan chiqa olmagan Boyqaro fojiasi
Qabrni ochgan navkarlar hayratdan lol bo‘lib qolishdi. Ular Xuroson hukmdorini Xirotdagi o‘zi qurdirgan madrasaga shohona dafn etish uchun vaqtinchalik go‘rni ochishgan edi. Ne ajabki, murdaning tirnoqlari sinib ketgan, kafan yarim yechilgan, hamma yokda qon dog‘lari bor edi. Demak, podshohni hushidan ketganda o‘ldi deb tiriklayin ko‘mishgan. Aftidan, u hushiga kelib o‘zini dimiqqan lahadda kafanlangan holda ko‘rgach, bor kuchi bilan qabrdan chiqishga intilgan. Ammo Xuroson hukmdori Husayn Boyqaroga go‘rdan chiqish nasib etmadi...
Sulton Husayn Boyqaro (1438–1506) Xurosonning 36 yillik hukmdori, shuningdek, Husayniy taxallusi bilan she’rlar bitgan shoir, hukmdorligining ilk davrida mamlakatida obodonchiligu faravonlik ishlarini boshlagan, adabiyot, san’at homiysi, hazrat Alisher Navoiyning do‘sti sifatida ma’lum.
Ammo uning fojiasi va qora kunlari Xadichabegim ismli go‘zal ayolni kanizak sifatida haramiga olgan 1470-yildan boshlandi. Ishva va noz-karashmalari bilan sultonni o‘ziga rom qilgan Xadichabegim oz vaqt ichida Husayn Boyqaroning xotini, malika darajasiga yetishdi. Shuningdek, u «maxdi ulyo» unvoni bilan tobora ichkilikbozlikka berilayotgan sultonning siyosat tizginini qo‘liga olib, davlatning ichki va tashki siyosatida muhim rol o‘ynay boshladi.
Achinarlisi shundaki, butun saltanat musulmonlari Imomi A’zam mazhabiga rioya qilgan bir vaqtda, Husayn Boyqaroning xotini, malika Xadichabegim shialikning o‘ta mutaassib oqimi bo‘lgan rafiziya mazhabining vakilasi edi. Hatto sulton malikaning ta’siriga berilib, butun ahli sunnat val jamoat oldida namozdagi xutbaga o‘n ikki imomning ismini qo‘shib o‘qitishga qaror qiladi. Shukrki, fojiali tugashi mumkin bo‘lgan holatni Navoiy va Jomiylar bartaraf qilib, sultonning qarorini o‘zgartiradilar.
Xadichabegimning «qo‘poruvchilik» harakatlari va sultonni tobora o‘z ta’siriga olishi, hatto Husayn Boyqaroning farzandlari – Badiuzzamon va Muzaffar Mirzolar orasidagi nifoqqa sabab bo‘ladi. Mamlakat ichki nizolar iskanjasiga tushib qoladi.
Ayniqsa, Navoiy hazratlaridek zot ham sultonning nevarasi siymosida bo‘lajak adolatli va qudratli hukmdor sifatida Mo‘min Mirzoni ko‘rishi ko‘pga bormadi. Orzu va umidlar so‘ndi. Negaki, 11 yashar navqiron shahzoda ham qonxo‘r Xadichabegimning nayrang to‘rida jon berdi. Malika 1497 yili bir go‘zal qizni Husayn Boyqaroga ro‘para qilib, ayshi ishrat paytidagi mastlik davrida Mo‘min Mirzoni kamon ipiga tortib o‘ldirish haqidagi farmonga muhr bostirdi.
Ixtiyoriddin qal’asiga qamalgan shaxzoda, bobosining muhr bosgan farmonini ko‘rib, «Vasiyatim shulki, ishingiz bitgach, bobom farmonini o‘sha kamon ipining bir qarichi ila bog‘lab, o‘zlariga kaytarib bering. Bobomga aytingki, o‘z avlodi ila murosaga kelolmay jallod xizmatiga muhtoj podshoh saltanati uzoqqa bormagay!» deya jallodlar qo‘lida shahid bo‘ldi.
Kamon ipi bilan bo‘g‘ib o‘ldirilgan Mo‘min Mirzoni hiylagar malika «Shaxzoda qal’a devori osha hibsdan qochaman deya halok bo‘ldi» deb ovoza tarqatishga urindi.
Ammo sir oshkor bo‘ldi. Boyqaroning kayfi arib o‘ziga kelgach, shahzodani qutqarishga kech bo‘lgan edi.
Husayn Boyqaroning qora kunlari do‘sti Mir Alisher Navoiyning o‘limidan keyin ancha kuchaydi. Do‘stini hayotda ham hurmatu e’zoz qilgan sulton ulug‘ shoirning dafn marosimiga boshchilik qildi. Navoiyning qarindoshlariga g‘oyat mehr ko‘rgazib, do‘sti vafotining 20-kunida Sari Xiyobon maydonida katta marosim uyushtiradi.
Ana shundan keyin Husayn Boyqaroning qora kunlari boshlandi – Xurosonda ichki nizolar va parokandalik avj oldi. Bu vaqtga kelib hayoti va saltanatining asl tayanchi bo‘lgan Navoiydek do‘stidan ayrilgan, keksalik onlarini sharob bilan qorishtirib sarxush o‘tkazayotgan Boyqaroning saltanati tanazzulga uchrayotgandi. Negaki, Movarounnahrni fath qilgan Shayboniyxon Jayhunni kechib, Balxni qo‘lga olgan, endi Hirotdek shahri azimga tobora yaqinlashib kelardi.
Ayniqsa, 1506-yilda Shayboniyning jangu jadallarda qo‘li baland kelib, Boyqaroni mag‘lubiyatga uchratishi aniq bo‘lib qolgan edi. Shu yili zulhijja oyida, Bobo Ilohiy mavzesidagi jangda Shayboniyning ustunligi sezilib, uning qo‘shini Hirot tomon shiddat bilan intiladi.
Bu vaqtda sharobxo‘rlikni odat qilib olganidan, uning yonoqlaridagi mayda qizil tomirlar taram-taram bo‘lib bo‘rtib turar, yelkasi bukchayibroq qolgan, buyragi va jigari ishdan chiqqan, kasalmand holga kelib qolgandi. Natijada, bir tomondan xastaligi, ikkinchi tarafdan mag‘lubiyat alamidan Boyqaro hushidan ketib, uning vujudida ham hayot-mamot jangi borardi. Oqibatda fojia yuz berdi.
Dushman tobora saroyga yaqinlashayotganda, sultonning amaldorlari uning chuqur uyquga ketganini bilmay, o‘ldiga chiqarib, bu voqeani jang arafasida dushmandan hamda o‘z qo‘shinidan yashirib turish maksadida uni shoshilinch ravishda dafn etadilar. Bu sulton Husayn Boyqaroning eng qaro kuni edi.
Umid Bekmuhammad,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter