Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hayot va o‘lim orasidagi 35 yil. Ayanchli muhabbat qissasi

Hayot va o‘lim orasidagi 35 yil. Ayanchli muhabbat qissasi

Foto: «L’ÉQUIPE»

Abadiy 17-mart

Bernadett Adams «Sug‘ur kuni» filmini yoqtirmaydi. Uning uchun hayotning o‘zi huddi «sug‘ur kuni»dek. Mana 35 yildirki u turmush o‘rtog‘i, sobiq futbolchi Jan-Per Adamsga g‘amxo‘rlik qilish bilan kunini o‘tkazadi.

Fransiyaning Kesarg kommunasidagi unchalik katta bo‘lmagan uyning shinam xonasida shiftga tikilgancha yotgan qora tanli erkak 1970-yillarda Fransiya milliy terma jamoasining mashhur himoyachisi edi. Uning hayoti 1982-yilning 17-martida to‘xtagan. Shundan beri huddi haykaldek qotib qolgan, 35 yilllik umr uning uchun faqat yotishdan iborat bo‘ldi.

O‘sha kuni u unchalik murakkab bo‘lmagan tizza paylarini operatsiya qildirish uchun Lion shifoxonasiga borgan edi. U paytlarda Adams futbolchilik faoliyatini deyarli tugatgan va Dijondagi murabbiylik kursida ta’lim olayotgan edi. Tizzasidagi og‘riqlar tinchlik bermagach, mashg‘ulotlar ham ko‘ziga ko‘rinmagan Adams og‘riq qoldiruvchi dorilar yordamida bir necha oyni o‘tkazdi. Operatsiya qildirish uchun Parijga yo‘l olganida, Liondagi tanish shifokor amaliyotni uning klinikasida qildirishni maslahat berdi. Tizza operatsiyasi unchalik murakkab amaliyot bo‘lmasa-da, taqdir beshafqat bo‘lib chiqdi. O‘sha paytlarda Fransiyada shifokorlarning ish tashlashi avj olgani sababli shifoxonalarda mutaxassis yetishmovchiligi kuzatilardi.

Adamsning o‘g‘illari Loran va Frederik otasining termadagi do‘stlari – Marius Trezor va Alan Jiress bilan.
Foto: Bernadett Adams arxivi.

Eduard Erriot nomidagi Lion shifoxonasining anesteziologi ba’zan bir paytning o‘zida uchta (ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra sakkizta) operatsiyaga yordam berar, ulardan biri ko‘pincha bolalar operatsiyasi bo‘lardi. Xato ham aynan uning bee’tiborligi va shoshqaloqligidan kelib chiqdi. U adashib Jan-Perga ikki marotaba narkoz berib yuboradi. Aksiga olib jarrohning boshqa yordamchisi tibbiyot institutining tajribasiz talabasi bo‘lib, u futbolchining miyasiga kislorod yetishmayotganini o‘z vaqtida payqamay qoladi.

Bu paytda Bernadett o‘zi yoqtirgan qahvani ichib, o‘g‘illari – 11 yoshli Loran va 4 yoshli Frederikning to‘polonlaridan zavqlanib o‘tirardi. Garchi u turmush o‘rtog‘i bilan oxirgi marta gaplashganida: «Hammasi yaxshi bo‘ladi, hecham xavotirlanmang», – deb tinchlantirgan bo‘lsa-da, o‘zini allanechuk xavotir tark etmagan edi. Taqdir ekan, bu so‘zlari eri uning og‘zidan eshitgan so‘nggi so‘zlar bo‘lib chiqdi. Hozir ham uning nimjon qo‘lini ushlaganida xayoliga o‘sha kuni aytilgan eng so‘nggi so‘zlar yana va yana kelaveradi.

I will wait for you (men seni kutaman)

Erining qo‘ng‘irog‘ini bir necha soat kutganidan so‘ng Bernadett xavotirlana boshladi va bolalarini uyga tashlab zudlik bilan shifoxonaga chopdi. Shifokorlar madam Adamsga dahshatli haqiqatni darhol aytishga shoshilishmadi.  Jan-Per chuqur koma holatiga tushib qolgan edi. Keyingi besh kunni Bernadett haykaldek qotib qolgan futbolchi erining yonida o‘tkazdi. Yig‘ladi, baqirdi, yana yig‘ladi – Jan-Per esa, hatto qimir ham etmasdi.

Keyingi kun, oylar fransuz tibbiyotining eng yorqin vakillari maslahati, ko‘rigi bilan o‘tdi va futbolchi boshqa gospitalga ko‘chirildi. Yakuniy tashxis o‘ta ayanchli edi: futbolchi miyasining bir qismi qayta tiklanmaydigan darajada zararlangan! Kunlar o‘tib, Jan-Per mustaqil ravishda nafas ola boshladi, unga sun’iy nafas oldirish apparatlari shart bo‘lmay qoldi. Aynan shuning uchun ham uning oilasida tanlash imkoniyati mavjud emas edi.

Jan-Per Adams o‘g‘li Loran bilan.
Foto: Bernadett Adams arxivi.

– Men bunday yo‘l tutishni xayolimga ham keltira olmasdim, – deydi 30 yil o‘tgach Bernadett Adams. – Evtanaziya qilish mumkin bo‘lgan vaqt kelganida, vrachlar menga qarashdi, men ularni eshitishni ham xohlamadim. U mening sevimli odamim axir, – qanday qilib uning joni uzilishini xohlashim mumkin?!

Biroz vaqtdan so‘ng Bernadett erini o‘z uyiga olib ketdi. O‘shandan beri u turmush o‘rtog‘iga g‘amxo‘rlik qilishdan to‘xtamaydi. Kechalari qoni yaxshi aylanishi uchun yotgan joyidan qo‘zg‘atadi. Kunduzlari ovqatlantiradi, yuvintiradi, soqolini olib qo‘yadi, kiyimlarini almashtirib, yangiliklardan aytib beradi va birgalikda musiqa eshitadi...

Fransiyada 70-80-yillarda mashhur bo‘lgan «Sherbur soyabonlari» melodramasida jarang sochgan qo‘shiq hali-hamon yodida. O‘shanda ular to‘y marosimida bu musiqaga raqsga tushishgan edi. Endi esa, uning mavzusi va so‘zlari umuman boshqa ma’noni anglatayotgandek.

If it takes forever I will wait for you

For a thousand summers I will wait for you

Till you’re back beside me, till I’m holding you

Till I hear you sigh here in my arms

Uyqudagi pahlavonning uyi

Jan-Per yotgan xonadagi vaqt go‘yoki to‘xtab qolgandek. Uning yoniga kimdir kirsa, yana soatlar ishlab ketadi. Ko‘pincha uni ko‘rishga allaqachon katta odamlarga aylangan bolalari kelib turadi. Ularning kattasi Loran mehribon, xushchaqchaq va kuchli otasini yaxshi eslasa, kichigi ko‘proq uning suratlaridan biladi. Hozir Jan-Per va Bernadettning nabiralari ham bor. Ular gapirmas bobolarini qo‘lidan ushlab, ochiq, lekin hech narsani ko‘rmaydigan ko‘zlariga tikilib nimalarnidir o‘ylashadi. Bernadett bu hovlini «Uyqudagi pahlavonning uyi» deb ataydi. Mana 35 yildirki u hech kimga Jan-Perni tasvirga tushirishga yoki suratga olishga yo‘l qo‘ymaydi. U erini boshqalarning xotirasida mana shunday holatda qolmasligini juda-juda xohlaydi. Lekin mehmonlarga sobiq futbolchining oldingi suratlarini mamnuniyat bilan ko‘rsatadi. Bu Fransiyaga Senegaldan endigina suzib kelgan 10 yoshli Jan-Per, bunisi – o‘smirlik chog‘idagi surati, bu uning birinchi professional jamoasi – «Nim», bunisi esa, uni muxlislarga tanitgan «Nitssa». Bu suratda terma jamoadagi sherigi Marius Trezor bilan: yengilmas «stopperlar» juftligini muxlislar «qora tanli soqchilar» deb atashardi.

Jan-Per Adams va Marius Trezor –
Fransiyaning «qora tanli soqchilari».
Foto: Bernadett Adams arxivi.

Adams Fransiya futboli tarixida o‘ziga xos iz qoldirdi. U terma jamoa libosida rasmiy o‘yinlarda 22 marta maydonga tushgan. Mamlakat futbol federatsiyasi ham uning xizmatlarini unutgani yo‘q. Doimiy ravishda uning oilasini moddiy qo‘llab-quvvatlaydigan tashkilot tez-tez xayriya uchrashuvlari ham tashkil etib turadi.

Lion klinikasi bo‘yicha sud ishi 10 yildan ortiqroq davom etgan bo‘lsa-da, aytarli natija bermadi. Bir oylik hibsda saqlash va uncha ko‘p bo‘lmagan jarima (hozirgi kundagi kursda 900 yevro atrofida) adashgan anesteziolog uchun yetarli deb hisoblandi.

Yaxshiyamki dastlabki yillarda Bernining ota-onasi yordamga keldi. Axir ular bir paytlar dilbar qizlarini qayoqdagi qora tanli senegallik qochoqqa tegayotganida tish-tirnog‘i bilan qarshi chiqishgan edi. U paytlarda irqiy bag‘rikenglik tushunchasini Yevropada ham hech kim qabul qila olmasdi. Vaqt o‘tib, Jan-Perni yaxshiroq bilishganidan so‘ng nafaqat unga ko‘nikishdi, balki mehribon, quvnoq va turmush o‘rtog‘ini hurmat qiladigan bunday yigitni juda yoqtirib qolishdi.

Jan-Perning o‘g‘illari Loran va Frederik
xayriya uchrashuvida.
Foto: ogcnice.com

Quvonchdan o‘lishni xohlayman...

– O‘zimni yolg‘iz his qilmayman, men uchun Jan-Per mutlaqo tirik, – deydi Bernadett. – Bilaman, u meni eshitmaydi, lekin u bilan doim suhbatlashaman, turli yangiliklarni aytaman. Balki qaysidir lahzada u meni tushunib qolar. Ba’zida, u seskanib ketadi. Masalan, it hurganida yoki eshik taqillaganida. Demak nimagadir umid qilsa bo‘ladi.

Uning uchun vaqt to‘xtab qolishi, shunchaki majoziy ma’noda emas. Jan-Per Adams deyarli yetmishga kirdi. Boshida esa bir nechtagina oq sochi bor, xolos.

Bernadett Adams uyqudagi pahlavonning uyida.
Foto: Bernadett Adams arxivi.

Bernadett Adams dunyo ilm-fani haqidagi yangiliklarni diqqat bilan kuzatib boradi. U bir kun kelib zamonaviy tibbiyot Jan-Perning miyasini qisman bo‘lsa-da qayta tiklay olish darajasiga chiqishiga ishonadi. Ammo uni hayotda ko‘proq boshqa narsa tashvishlantiradi:

– Hammasidan ham men undan oldin o‘lib ketishdan qo‘rqaman. Men Jan-Perga har kuni, har soatda kerakman. Aks holda, u o‘lib qoladi, axir u huddi yosh boladek. Agar men g‘amxo‘rlik qilmasam, kim unga qaraydi? O‘g‘illarim? Men unday bo‘lishini xohlamayman, chunki bu mening taqdirim.

– 35 yildan beri bitta orzum bor. U hech bo‘lmasa 5 daqiqaga hayotga qaytsa, menga ana shu vaqt ham yetardi. Yana u bilan gaplashish, taftini his qilishni xohlayman. Shundan keyin bemalol, quvonchdan o‘lsam ham mayli... 

Jan-Per va Bernadett Adams yangi tug‘ilgan o‘g‘li bilan.
Foto: Bernadett Adams arxivi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring