Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ulug‘bek Oripov

Ba’zan sukut haqiqatdan afzal bo‘lishi mumkin.

Faqat qishdamas, yozdayam yashash oson bo‘lmay qoldi

Faqat qishdamas, yozdayam yashash oson bo‘lmay qoldi

Foto:«Xabar.uz»

Kamina yigirma yetti yoz ko‘rib, bunday jaziramani boshidan o‘tkazmagan. Avval subhidamda et sovuqdan junjikib uyg‘onardi, endi bo‘lsa bo‘g‘zimgacha terga botib, issiq havo qisib turmoqdaman.

Menku mayli, issiqqa chidolmay, og‘zini kappa-kappa ochib yopayotgan qariyalar, kechagina tug‘ilib, jaziramada hamma joyiga toshma toshgan go‘daklar ko‘zga ko‘rinadi. Jafokash o‘zbek xalqi yillar davomida yozni xushnudlik va mehnat bilan o‘tkazardi, kuz kelib, kunlar sovushi bilan o‘tin-ko‘mir, svet-gaz masalasi ko‘ndalang turardi.

Endi esa yoz fasli ham odamlar uchun oson bo‘lmayapti.

Ko‘chaga chiqasan. Shahar ko‘chalari og‘zidan olov purkayotgan tandirga o‘xshaydi. Bironta parkka borib salqinlab kelay desang, bog‘larning eshigiga qulf osilgan, ayrimlari esa qurilish maydoniga aylangan. Mutasaddilar qurilishu, tashkiliy ishlarni, oddiy insonlar esa tirikchilikni o‘ylaydi. Kimlardir mo‘may pul orttirishni, xorijdan villa olishniyu, kezi kelganda surishni o‘ylaydi.

Ammo deyarli barchamiz asosiysini, abgor bo‘layotgan tabiatni o‘ylamaymiz. Bir hovuch ekofaolning qilgani xuddi qumga singib ketayotganday.

Ekologiya qo‘mitasi, Ekologik partiya degan nomi jarangdor partiyalar bor. Afsuski, ularning qo‘lidan xattoki milliylikni bayroq qilib olgan partiyaga o‘xshab populistlik qilish ham kelmayapti. Shunday vaziyatda hech bo‘lmasa minbardan turib otashin bayonotlar berish ham mumkin. Ammo bu tashkilotlar negadir jim...

«O‘zgidromet» yozmoqda: «Oxirgi paytlar kuzatilayotgan jaziramalar o‘tmish issiqlariga o‘xshamayapti. Kechgi minimumlar yuqori, dim, ertalabdan noqulaylik tug‘diradigan jaziramalar shunga o‘xshash o‘tmish issiq kunlaridagi sutkalik havo harorati umumiy fonidan 5-6 darajaga yuqorilab ketgan.

Bu, yaqqol issiqxona samarasi(parnik effekti) natijasida yuzaga kelmoqda. Sutka davomidagi maksimum va minimum haroratlar orasidagi farqning kamayishi, bu, keskin isish hodisasini yuzaga keltirishi tabiiy. Va shaharsozlik ta’siri omili».

Bizning na salqin dengizlarimiz, na poyonsiz o‘rmonlarimiz bor. Ko‘p narsadan mosuvomiz. Shu ahvolda qurilish bahona daraxt kesayotgan, yashil hududlarni yo‘q qilayotganlarning yuragiga qoyil qolaman. Yana ular seni xalq ko‘z o‘ngida «yangilikka, qulaylikka qarshi» kabi sifatlar bilan ko‘rsatishadi.

Yoshligimda «So‘nggi ajdarning halokati» deya nomlangan fantastik hikoyalar to‘plamini sevib o‘qib chiqqandim. To‘plam Hojiakbar Shayxovning «Umid sayyorasi» hikoyasi bilan boshlanadi. Atmosferasi ftor bilan himoyalangan Nuvogap sayyorasidagi boshboshdoqliklar, qurollanish poygasi, tabiatni xo‘rlash ortidan ekologik falokat yuz beradi. Sayyora quyoshi — Dega yulduzining ultrabinafsha nurlari nuvogapliklarning katta qismini davosiz kasallikka duchor etadi.

Hikoyada Yer uchun muhim chaqiriq, mujda bor. Yerda ham odamlar o‘zaro kelishmovchilikka chek qo‘yish, yadro sinovlari, ekologiyani asrash kabi muhim ishlarda birikmas ekan, uniyam shunga o‘xshash taqdir kutadi deydi asar qahramoni...

Bizning yurt ayniqsa, qurg‘oqchil mintaqada joylashgan. Aholi shiddat bilan o‘smoqda. Shu ketishda yigirma yillarda suv, havo, dov-daraxt, tabiiy resurslar bo‘yicha holatimizni tasavvur qilishga qo‘rqaman. Yaxshiyam o‘zbekni qutqaruvchi bir ibora bor:

«Yashasak ko‘raveramiz...»

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring