Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

YI bosh diplomati sanksiyalarni chetlab o‘tish yuzasidan tushuntirish berdi

YI bosh diplomati sanksiyalarni chetlab o‘tish yuzasidan tushuntirish berdi

Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar borasida haqiqiy hayot qanchalik murakkabligini yaxshi bilish va shu asosda yechim izlashga harakat qilish kerak. Bu haqda Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel sanksiyalarni chetlab o‘tish holatlari yuzasidan bergan tushuntirishda so‘z boradi.

«Biz sanksiyalar deganda, cheklovchi choralarni ko‘zda tutamiz. To‘g‘ri yuridik atama ana shu. Ular Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini tugatish uchun bosim o‘tkazish strategiyamiz yadrosini tashkil etadi. Yevropa Ittifoqining choralari ekstraterritorial ta’sirga ega emas, ya’ni ular faqat Yevropa sub’yektlariga tegishli. Ammo biz ba’zida ular chetlab o‘tilayotgani va samaradorligi pasaytirilayotganini ko‘rmoqdamiz. Cavol tug‘iladi: bunday vaziyatda qanday yo‘l tutishimiz kerak? Bu savolga javobni chegaralarimiz ichidan topish mumkin», – deb yozadi YeI bosh diplomati.

Qayd etilishicha, YeI Rossiyaning energiya manbalarini sotib olishni xohlamaydi, chunki bu mablag‘lar Ukraina urushini moliyalashtirishga yo‘naltirilishi mumkin. Shuningdek, Bryussel Rossiyaga urush uchun zarur bo‘lgan texnologik mahsulotlar va butlovchi qismlar sotishga ham qarshi. Bular YeIning iqtisodiy sub’yektlari uchun majburiy bo‘lgan qarorlardir. Boshqa davlatlarning cheklov choralarini chetlab o‘tishga harakat qilishi esa hassos masala.

«Umuman, bizning cheklov choralarimiz samara bermoqda. Masalan, biz neft va gazni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Rossiyadan sotib olishni deyarli to‘xtatdik va energiya qaramligidan xalos bo‘ldik. Rossiyaga ko‘plab muhim tovarlar va materiallarni eksport qilishni to‘xtatdik. Ammo so‘nggi oylarda biz uchinchi mamlakatlar Yevropa Ittifoqi tomonidan taqiqlangan tovarlar, shu jumladan, yuqori texnologiyali mahsulotlar importini misli ko‘rilmagan darajada oshirganiga guvoh bo‘ldik. Misol uchun, Yevropa Ittifoqining Rossiyaga avtomobil eksporti 2022 yilda 78 foizga kamaydi, Yevropa Ittifoqidan Qozog‘istonga eksport esa 268 foizga oshdi», – deb yozadi J.Borrel.

Bundan tashqari, Hindiston va Xitoydan Rossiya nefti importi ham keskin oshgan. Deylik, Hindistonning Rossiyadan neft importi 2022 yil yanvarida oyiga 1,7 million barreldan 2023 yil aprelida oyiga 63,3 million barrelgacha oshdi. Boshqacha aytganda, Ukraina bosqinidan keyin Rossiyaning Hindiston umumiy neft importidagi ulushi 0,2 foizdan 36,4 foizga ko‘tarildi.

Bu o‘rinda diplomat ikki muhim jihatga e’tibor qaratgan.

Birinchidan, bu o‘rinda Hindiston hukumatini ayblash u qadar to‘g‘ri emas, chunki hind shirkatlari Yevropa qonunlariga bo‘ysunmaydi.

Ikkinchidan, Hindistonning Rossiyadan neftni arzon narxda sotib olishi normal holat. Chunki Rossiya mahsulotni arzon narxda sotish bilan zarar ko‘radi va urushni moliyalashtirish imkonidan mahrum bo‘ladi.

J.Borrelga ko‘ra, sanksiyalar chindan ham buzilgan vaziyatlarda axloqiy dilemma yuzaga kelmoqda. Chunki ayrim shirkatlar Rossiya bilan qonuniy tartibda oldi-berdi qilgani holda, axloq chegaralarini buzayotgan bo‘lishi mumkin.

J.Borrel Hindiston kabi mamlakatlar keysi orqali YI kompaniyalarining o‘zlari sanksiyalarni chetlab o‘tmasligi muhimligini urg‘ulagan.

«Biz birinchi navbatda Yevropa Ittifoqidagi iqtisodiy sub’yektlar nima qilayotganiga qarashimiz kerak. Agar Hindiston neftni qayta ishlovchilari mahsulot sotayotgan bo‘lsa, bunga sabab Yevropa kompaniyalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki vositachi orqali xarid qilayotganidir. Biz haqiqiy hayot qanchalik murakkabligini yaxshi bilishimiz va shu asosda yechim izlashga harakat qilishimiz kerak», – deb xulosa qiladi u.

Avvalroq J.Borrel Rossiyaga nisbatan joriy etilgan moliyaviy jazo choralari qanchalik o‘zini oqlamoqda degan savolga atroflicha javob bergan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring