Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Buxoroda ikki nafar ishchi baxtsiz hodisa oqibatida halok bo‘ldi

Buxoroda ikki nafar ishchi baxtsiz hodisa oqibatida halok bo‘ldi

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida Buxoro elektr tarmoqlari korxonasining uch nafar ishchi-xodimi ish jarayonida halok bo‘lgani xususida xabarlar tarqaldi.

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisining matbuot kotibi — axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ulug‘bek O‘rinovning «Xabar.uz»ga bildirishicha, halok bo‘lganlar Buxoro elektr tarmoqlari korxonasining emas, balki AJning «Buxoro magistral elektr tarmoqlari» filiali xodimlari bo‘lishgan.

Vafot etganlar uch nafar emas, ikki nafar bo‘lishgan. «Qorako‘l» podstansiyasida 2 nafar yosh mutaxassis bilan o‘lim baxtsiz hodisa tufayli sodir bo‘lgan. Ular Aksiyadorlik jamiyatiga qarashli 500 kV kuchlanishli podstansiyada baxtsiz hodisaga duch kelishgan va balandlikdan qulab tushish oqibatida halok bo‘lishgan. Yigitlar tez tibbiy yordam ko‘rsatilishiga qaramay, voqea joyida halok bo‘lishgan»,-dedi Ulug‘bek O‘rinov.

Ma’lum bo‘lishicha, sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa to‘g‘risida shu kunning o‘zida tegishli organlarga xabar berilgan.Ayni paytda holat sabablari tegishli organlar tomonidan o‘rganilmoqda. «Marhum hamkasblarimizdan birining bir nafar, keyingisining ikki nafar farzandi bo‘lgan. Ularning oilasiga hamdardlik bildirgan holda, barcha kompensatsiya to‘lovlari amalga oshirildi»,-dedi suhbatdosh.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring