Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda yirik ilmiy anjuman o‘tkazildi: tafsilotlar (foto)

Buxoroda yirik ilmiy anjuman o‘tkazildi: tafsilotlar (foto)

Buxoroda an’anaviy XII Xalqaro Ibn Sino o‘qishlari - «Abu Ali ibn Sino va sivilizatsiya» mavzusida ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.

Ibn Sino jamoat fondi, Buxoro viloyati hokimligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot universiteti, O‘zbekiston farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi tomonidan tashkillashtirilgan Xalqaro anjumanga Isroil, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Koreya, Qirg‘iziston, Rossiyadan 50 ga yaqin ilmiy mutaxassislar jalb etilgan. Tojikiston va Turkiya Birinchi o‘zbek-turk ilmiy forumi TIKAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan Turkiyadan 20 nafar taniqli olim va ekspertlar, jumladan, Turkiyaning yirik universitetlari rektorlari ishtiroki ta’minlangan.

Tarixdan ma’lumki, Abu Ali al-Husayn ibn Abdulloh ibn al-Hasan ibn Ali ibn Sino hijriy 370 (milodiy 980) yilda Buxoroning Afshona, hozirgi Isfana qishlog‘ida tug‘ilgan. Ibn Sino 1002 yilda Buxorodan chiqib ketgan. Shundan so‘ng Urganch, Obivard, Naso, Nishopur, Jurjon, Ray, Isfahon, Hamadon kabi shaharlarda bo‘ladi. U 1037 yilda (hijriy 428)  57 yoshida Hamadon shahrida vafot etgan.

Anjumanning birinchi kunida Buxoroga tashrif buyurgan mehmonlar uchun Abu Ali ibn Sino nomidagi memorial-muzeyiga sayohati uyushtirilgan.

Memorial-muzeyda allomaning tibbiyot sohasiga oid qo‘lyozmalari mavjud. Bildirilishicha, Hindiston kutubxonalarida ham bugunga qadar Ibn Sino merosiga oid 25 mingta kitob va 17 mingta jurnal saqlab kelinmoqda. Memorial-muzey Abu Ali ibn Sinoning bolalik va o‘smirlik yillarini, faoliyati yo‘nalishlarini, uning tibbiyot sohasidagi merosi bilan Sharq tabobati o‘rtasidagi ustuvorlik va uyg‘unlikni o‘zida aks ettirgan, buyuk hakimning o‘tmishdoshlari, zamondoshlari hamda izdoshlari haqida keng ma’lumotlar jamlangan yetti bo‘limdan iborat. Mutafakkir turli fanlarga oid 450 dan ortiq ilmiy asarlar yaratgan. Biroq, bizgacha Ibn Sinoning 242 ta asari yetib kelgan. Shulardan 4 tasi adabiyotga, 5 tasi musiqaga, o‘ndan ortig‘i astronomiyaga oid asarlar va hokazo.

«Abu Ali ibn Sino jahon ilm-fani, xususan, tibbiyot ilmi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk vatandoshimizdir. Buyuk hakim bobokalonimiz fanning o‘ndan ziyod yo‘nalishi bilan shug‘ullangan va ular rivojiga ulkan hissa qo‘shgan. Muzeyimizdagi eksponatlar shu haqda ma’lumot beradi. Aytish joizki, mazmunan va shaklan boyigan muzey ulug‘ olim hayoti hamda ijodining to‘laqonli solnomasiga aylandi»,– dedi Buxoro davlat badiiy-me’morlik muzey-qo‘riqxonasining Abu Ali ibn Sino memorial-muzeyi bo‘limi rahbari.

«Abu Ali ibn Sino merosi ezgulikka, yer yuzidagi barcha insonlarning salomatligiga xizmat qilayotgan ekan, demak, u umumbashar farzandi, buyuk siymodir, – dedi Eronning Abu Ali Sino nomidagi Xalqaro ilmiy-amaliy fan va Madaniyati jamg‘armasi rahbari, professor Giaseddin Taxamoxammadi Xalqaro anjuman doirasida jurnalistlar bilan bo‘lgan suhbatda,– Har ikki yilda buyuk tibbiyot ustozi merosini o‘rganishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjumanni orziqib kutib, Buxoroyi sharifga oshiqadiganlar ko‘p. Ulug‘ olim tug‘ilgan Afshona qishlog‘ida bo‘lganimizdan benihoya xursandmiz. Markaziy Osiyo xalqlari madaniyatini O‘rta asr sharoitida dunyo madaniyatining oldingi qatoriga olib chiqqan buyuk mutafakkirlardan biri Abu Ali ibn Sino, ma’lumki, Avitsenna nomi bilan mashhur. O‘tkir zehni, takrorlanmas iste’dodi bilan ilm-fanni chuqur o‘rganishga, o‘zining falsafiy aql nazariyasi bilan dunyoni hayratda qoldirgan buyuk daho tug‘ilib o‘sgan bebaho tuproqni ziyorat aylamak biz uchun ham sharaf, ham quvonchdir. Benazir tabobat ilmi sohibi basharti, misli quyosh nuridek hali hanuz dunyo ahlining tan va ruhiga jonbag‘sh ekan, uning boy merosi o‘rganilaveradi, izlanishlar davom etaveradi»

Avitsenna o‘qishlari doirasida xorijiy institutlar bilan hamkorlik bo‘yicha qator memorandumlar imzolandi.

 «Insoniyat tarixida nurli iz qoldirgan buyuk siymo oradan qancha vaqt o‘tmasin, barcha zamon va makonlar uchun birday ulug‘vor bo‘lib qolaveradi, kishilarni hamisha hayratga solaveradi. Ibn Sinoni anglash barchamiz uchun farzdir. Xalqaro Ibn Sino o‘qishlari platformasi Abu Ali ibn Sinoning boy ilmiy va madaniy merosini yanada chuqur o‘rganishga turtki bo‘ldi. Xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish uchun konstruktiv shart-sharoitlar yaratdi. Xususan, TIKA bilan 2024 yilda Abu Ali ibn Sino qo‘lyozmalari va qo‘lyozma nusxalarini o‘rganish maqsadida O‘zbekiston olimlarining Turkiyaga birinchi ilmiy ekspeditsiyasini, Eronning Abu Ali Sino nomidagi ilmiy-amaliy fan va Madaniyati fondi bilan birgalikda 2024 yil Samarqandda Birinchi O‘zbekiston-Eron ilmiy forumiga o‘tqaziladi», -dedi Abu Ali Ibn Sino fondi rahbari, Ibn Sino zamonaviy tibbiyot asoschisi Nozimxon Mahmudov.

Anjuman  doirasida buyuk alloma merosini o‘rganish va yanada barqarorligini ta’minlashda xizmat qilib kelayotgan bir guruh ishtirokchilar  Ibn Sino faxriy mukofoti bilan taqdirlandi.  Shuningdek, tibbiyot fanlari professorlari hamda Buxoro davlat Tibbiyot universiteti vakillariga faxriy doktorlik unvonlari va oltin medallari topshirildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring