Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bu xotinning eri yo‘qmidi?

Bu xotinning eri yo‘qmidi?

Birinchi kursda bizga antik adabiyot fanidan Viloyat Fayziyeva degan dotsent opa dars bergan edi. Sofokl ijodini o‘rganishga yetib kelganimizda u kishi:

‒ Shanba kuni Hamza teatrida «Shoh Edip» spektakli o‘ynaladi. Bosh rolda ‒ Shukur Burhon. Kechqurun soat besh yarimda hammangizni teatr kassasi oldida kutaman. Birgalashib ko‘ramiz, keyin darsda muhokama qilamiz, ‒ deb e’lon qildi.

G‘irillab shanba ham yetib keldi. Biz, nodon, o‘yinqaroq talabalar, tabiiyki, teatr haqidagi gapni aytilgan zahoti unutgan edik. To‘g‘ri-da, o‘zingiz o‘ylang axir, haftada bir keladigan muborak kun ‒ shanbani pivo yo futbol, yo choyxonadagi osh o‘rniga qanaqadir teatrga qurbon qiladigan anoyi bor ekanmi?

Vijdoni picha qiynalgan bitta yarimtamiz esa darhol o‘zimizni oqlaydigan vaj karson topdik: kelarmidi, aytdi-qo‘ydi-da. Nima, bu xotinning boshida eri, qaynonasi, bola-chaqasi, uyida ro‘zg‘or tashvishi yo‘qmi, ishdan keyin biz bilan teatrda yetaklashib yursa...

Dushanba kuni ma’lum bo‘ldiki, yigirma beshta talabadan birontasi «Shoh Edip»ga bormabdi. Shoh bo‘lsa o‘ziga.

Antik adabiyot darsi boshlandi. Opa Homer haqidagi mavzuni juda maroqli qilib tushuntirib berdi. Xayriyat, teatrga kelmagan ekan, deb biz ham yengil tortdik.

‒ Shanba kuni sizlarni teatrda bir soat kutdim, ‒ dedi. ‒ Afsus, kelmadinglar. Kelasi shanba soat besh yarimda kassa oldida kutaman. Xayr.

Qattiqqo‘l, talabchan bu opaning bizni koyib-netib o‘tirmaganini ko‘rib, hayron qoldik.

Yana shanba keldi. Har kim har yoqqa tarqab ketdi. Spektakl tag‘in esdan chiqdi.

Dushanba kuni ma’lum bo‘ldiki, yigirma beshta talabadan uchta qiz, ular ham tug‘ilgan kundan chiqib, teatrga boribdi. Dotsent Viloyat Fayziyeva bilan «Shoh Edip»ni tomosha qilishibdi. Ularning spektakl haqidagi taassurotlari «Dahshat!» degan bitta so‘zdan iborat edi.

Tag‘in antik adabiyot darsi boshlandi. Opa Esxil ijodi haqida zo‘r ma’ruza qildi. Dars tugagandan keyin bizga qarab sekingina:

‒ Shanba kuni kutdim, yigirma ikki kishi yana kelmadi, ‒ dedi. ‒ Afsus. Sizlarga bitta savolim bor: Toshkentga nega kelgansizlar o‘zi? ToshDUda o‘qiyapman, deb avvalo ota-onangizni, keyin o‘zingizni aldab yurgandan ko‘ra, haliyam kech emas ‒ qishloqlaringizga qaytib ketganingiz ma’qul. Dalangizda qo‘y boqib, bog‘ingizda olma qoqib yursangiz ham kuningiz o‘tadi. Lekin teatrni, galereyani, konservatoriyani, muzeyni ko‘rmasdan-bilmasdan turib, odam qanday jurnalist bo‘lishi mumkin? Qanday ziyoli bo‘lishi mumkin? Ertaga boshqa millat vakillari bilan qanday teng bo‘lib gaplashishi mumkin?

Hammamiz boshimizni egib olgan edik.

‒ Shanba kuni soat besh yarimda sizlarni teatr kassasi oldida kutaman, ‒ dedi opa, keyin sirli ohangda qo‘shib qo‘ydi: ‒ Ey nodon bolalarim, Shukur Burhon ham g‘animat, ko‘rib qolinglar. Xayr.

Domlaning gaplari jon-jonimizdan o‘tib ketgan ekan, shanba kuni hammamiz yasan-tusan qilib Hamza teatriga bordik. Opa kassa oldida bizni kutib turgan ekan, birgalashib zalga kirdik.

Spektakl boshlandi va besh daqiqa o‘tmasdan biz... jinni bo‘lib qoldik ‒ sahnada buyuk Shukur Burhonni, betakror Qudrat Xo‘jayevni, beqiyos Amin Turdiyevni ko‘rib... Asqad Muxtorning ilohiy tarjimasini eshitib...

Spektaklga boshqa odamlar bo‘lib kirgan edik ‒ butunlay boshqa odamlar bo‘lib chiqdik.

Antik adabiyot muallimasi Viloyat Fayziyevaning sharofati va marhamati bilan, afsungar san’atning qudrati bilan qalblarimizda mana shunday buyuk evrilish yuz berdi.

Shu kundan e’tiboran barchamiz teatr shaydosi ‒ ashaddiy «teatral»larga aylanib qoldik.

Hamza teatrining ham eng gullab-yashnagan davrlari ekan. Shaxsan men teatr sahnasida qo‘yilgan «Hayot shomi spektaklida Olim Xo‘jayevni, «G‘ariblarda» Nabi Rahimov bilan Sora Eshonto‘rayevani, «O‘g‘irlangan umr»da Yayra Abdullayevani, «Oltin devor»da G‘ani A’zamovni o‘z ko‘zim bilan ko‘rish baxtiga musharraf bo‘ldim.

Viloyat opa esa bir semestr dars berib, biz bilan xayrlashib ketdi. Umr yo‘llarida qaytib ko‘rishish nasib etmadi.

...Ba’zan turib-turib o‘ylab qolaman: chindan ham bu xotinning boshida tergaydigan eri, qaynonasi, etagiga yopishadigan bola-chaqasi, ro‘zg‘or tashvishi yo‘qmidi?

Bor edi, albatta. O‘zi kursdosh qizlarimizdan Matlubaga aytgan ekan: uchta bolasi, tajang bir eri, zahargina qaynonasi bilan birga yashar ekan.

Lekin, nazarimda, bu ayolning qalbida o‘zbek ziyolisi, o‘zbek millati uchun qayg‘urish tuyg‘usi bor edi. Va bu tuyg‘u qolgan hamma narsadan ustun edi.

 Xayriddin SULTON

 (“Navoiy-30” kitobidan)

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring