Bosh prokuratura poytaxtning Kamolon mahalllasidagi qotillik bo‘yicha axborot berdi
Kechadan buyon ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentning Kamolon mahallasida sodir bo‘lgan qotillik xususida turli xabarlar tarqamoqda. Shu munosabat bilan Bosh prokuratura matbot xizmati ushbu holat bo‘yicha axborot berdi.
Mahkama matbuot xizmati rahbari, adliya maslahatchisi Hayot Shamsutdinovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, 5-oktyabr kuni tongga yaqin Toshkent shahar IIBB Navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga ko‘ra, Shayxontohur tumani, Katta bog‘ MFY, Kirkiy ko‘chasi, 8-uyning yotoqxonasidan, shu xonadonda istiqomat qilib kelgan A.A.ning murdasi bo‘yin sohasidan dazmol shnuri bilan bug‘ilgan xolatda topilgan.
Sud tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, A.A.ning o‘limi bo‘yin a’zolarining sirtmoq bilan bo‘g‘ilishidan kelib chiqqan mexanik asfiksiya natijasida yuz berganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan 05.10.2019 yilda Toshkent shahar prokuraturasi o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 1-qismi («Qasddan odam o‘ldirish») bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tezkor-tergov harakatlarida aniqlanishicha, A. A.ni o‘z turmush o‘rtog‘i K. A. ( o‘rtalarida kelib chiqqan o‘zaro nizo sabab) qasddan o‘ldirish maqsadida qarindoshi O.X. bilan jinoiy til biriktiradi.
Jinoiy rejalarini amalga oshirish maqsadida, O.X. qotillik sodir etilishidan bir necha soat avval ( 2019-yil 4- oktyabr kuni soat 19 .00.larda) yuqori manzilda qayd etilgan xonadonga yashirin ravishda kirib, uyning mehmonxonasidagi stol ostiga berkinib, qulay fursatni kutadi.
Nihoyat, soat 00.30.lar atrofida (2019-yil 5-oktyabrga o‘tar kechasi) A.A. uxlagan deb o‘ylab, yotoqxonaga kiradi, biroq u uyg‘oq bo‘lgani sabab uning ustiga chiqib, yuz qismiga chap qo‘li mushti bilan bir necha zarbalar beradi. So‘ng oldindan tayyorlab qo‘yilgan dazmol elektr simi bilan bo‘yin sohasidan bo‘g‘a boshlaydi. A.A. o‘ziga nisbatan bo‘layotgan tajovuzdan himoyalanib, yordamga chaqira boshlagan vaqtda o‘z xotini K. A. yuz qismiga yostiq bosib, erining nafas yo‘llarini berkitib, mudhish jinoyatga ko‘maklashadi.
A.A.ning joni uzilgach, O.X. marhumga tegishli 2 ta uyali telefon apparati, 500 AQSh dollari va 110.000 so‘m pullarini hamda jinoyat izlarini yashirish maqsadida sherigi K.A.ga tegishli 1 dona uyali telefon apparati va tilla taqinchoqlarini qo‘lga kiritib, voqea joyidan yashiringan. K.A. esa jinoyati fosh etilishini oldini olish va javobgarlikdan qutilib qolish maqsadida shu kecha unga va turmush o‘rtog‘iga nisbatan noma’lum shaxslar tomonidan bosqinchilik sodir etilganligini aytib, marhumning ota-onasini o‘yg‘otgan.
Tergov davomida O.X.ning yashash xonadonida (Uchtepa tumani, Lolazor ko‘chasi) o‘tkazilgan tintuv davomida marhumning uyidan olib ketilgan tilla buyumlar yerto‘laga yashirib qo‘yilganligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.
Ayni paytda O. X. va K. A. jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, ularga nisbatan JKning 97-moddasi 2-qismi «p» bandi bilan ayblov e’lon qilingan va ehtiyot chorasi sifatida qamoq qo‘llanilgan.
Tergov harakatlari davom etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter