Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bo‘r zavodida og‘ir mehnat qilgan, yoshini katta ko‘rsatib, urushga ketgan, 83 yoshida yiqilib o‘ziga kelmagan adib Odil Yoqubov

Bo‘r zavodida og‘ir mehnat qilgan, yoshini katta ko‘rsatib, urushga ketgan, 83 yoshida yiqilib o‘ziga kelmagan adib Odil Yoqubov

O‘zbek adabiyotida davr bilan hamnafas, munosib o‘ringa ega betakror asarlar muallifi Odil Yoqubovning sevimli rafiqasi, hayotda, ijodda hamnafas ko‘makchisi, maslahatgo‘yi bo‘lgan Maryamxon aya Yoqubovani ziyorat qilish va suhbatlarini olish maqsadida xonadoniga bordik. Kichik jussali oq yuzidan nur yog‘ilib turgan, 86 yoshni qoralagan bo‘lsa-da, chehrasini go‘zallik tark etmagan farishtamisol aya... Xuddi eng yaqin insonizni ko‘rgandek, Maryamxon ayaning mehr to‘la so‘zlariga quloq tutdik.

– Bolaligim urush yillariga to‘g‘ri kelgan, – deb boshladi Maryamxon aya. – Urush boshlanganida 3-4 yoshlarda edim. Otam, amakilarim, qarindoshlarimizni urushga kuzatganimizni eslayman. Biz amakilarim bilan bir hovlida yashardik, ikki aka-uka quda bo‘lishgan edi. Ota-onam 4–5 farzand ko‘rishganu ular vafot etib, faqat men qolgan ekanman. Onam otamning urushdan qaytishlarini juda intiqlik bilan kutganlar. Otam kelganlaru boshqaga uylanib, uydan chiqib ketganlar. Biz onam va otamning ota-onalari bilan bir hovlida yashab qolaverganmiz...

Qoratoshda 59-maktabda o‘qidim, universitetning filologiya fakultetida tahsil oldim. Yoshligimda yozgi ta’tilda pioner lageriga yo‘llanma olib berardilar, men esa lagerga bormasdan kattalar bilan birga bobolarim yurti bo‘lgan Turkistonning Qarnoq qishlog‘iga ketar va yozni shu qish­loqda o‘tkazardim.

 – Ustoz Odil Yoqubov ham Qarnoqda tug‘ilib o‘sganlar-a?

– Ha, u kishi bilan shu qishloqda tanishganmiz. 1951-yilda Odil Yoqubovning «Tengdoshlar» qissasi sobiq «Lenin uchquni» (hozirgi «Tong yulduzi») gazetasining qator sonlarida bosilib chiqqan. Men uning har bir sonini katta qiziqish bilan o‘qib chiqqanman. Bu qissa qahramonlarining hayoti meni butkul o‘ziga rom etgan edi.

1952-yili onam bilan Qarnoqqa bordik. U paytlarda gazeta-jurnallarga qiziqish juda kuchli edi. Borishim bilan amakimning qizi Karomat savolga tutdi: «Tengdosh­lar»ni o‘qidingmi? Juda zo‘r asar-a? Shu asarni yozgan yozuvchi bizning qish­loqdan».

Karomatning bu gapidan keyin menda yozuvchini ko‘rish istagi tug‘ildi. Biron narsa bo‘lsa xarid qilarmiz, degan maqsadda qishloq do‘koniga kirdik. Karomat qorachadan kelgan, o‘rta bo‘yli, yuzlari qizg‘ish, qalin sochli, keng peshonali yigitni ko‘rsatib, qulog‘imga pichirladi: «Mana, shu yigit «Tengdoshlar»ni yozgan yozuvchi bo‘ladi. U vaqtincha opasining o‘rnida ishlayapti». Istarasi issiqqina yigit bizga qarab kulimsirab turardi. Men anchadan beri izlab yurgan o‘zimga yoqqan paltoni olishimni ayt­dim. U menga sinchkovlik bilan qarab, kulimsirab, paltoni olib berdi-da: »Juda yarashdi, ochilib ketdingiz... Aslida siz paltoni ochib yubordingiz shekilli... Xuddi o‘n besh kunlik oydek...» dedi.

Sotuvchi juda sekinlik bilan paltoni taxlab qo‘limga tutqazdi. Keyinchalik pulni qayta-qayta sanashlariyu paltoni sekinlik bilan taxlashlarini «Bularning hammasini sen yonimdan tez ketib qolmasliging uchun qilgandim», deb eslardilar kulib. Men esa Odil aka bilan tanishuvimiz haqida gapiradigan bo‘lsam, «Palto bahona men bu sotuvchi yigitning xaridoriga aylanib qoldim», derdim. Odil aka: «bu qiz do‘kondagi molimizga qo‘shib, ko‘ng­limu oromimni ham olib ketgan», derdilar.

– Ustoz Odil Yoqubovning bolaligi va oilasi haqida nimalarni bilasiz?

– Otasi Egamberdi Yoqubov partiya tizimida, yuqori lavozimlarda faoliyat yuritganlar. Ammo Odil aka 10 yoshga kirganlarida otasini «xalq dushmani» degan tamg‘a bilan qamab yuborishgan va u kishi shu bo‘yi­­cha qaytmaganlar. Kichik farzandi 4 yoshida o‘lgach, qaynonam Gulshan aya 4 nafar farzandi bilan qolavergan. Juda og‘ir va mashaqqatli hayot zarbasini yeganlar. Bo‘r zavodida og‘ir mehnatda tinimsiz ishlab, bo‘rni eritib, qoliplarga quyib, yoyib, quritib, bolalarini boqqanlar. Odil aka ikki nafar opasidan keyingi birinchi o‘g‘il bo‘lib, oila mas’uliyatini juda erta zimmasiga olgan.

– Odil Yoqubov yosh bo‘lishiga qaramay, yoshini katta ko‘rsatib, urushga ketgan ekanlar. Bu haqida gapirarmidilar?

– Ha-a, Odil aka juda oriyatli yigit bo‘lgan. Odamlarning ta’na-dashnomlaridan orlanib, o‘smirlik payti «xalq dushmanining bolasi», degan tamg‘ani ko‘tara olmaganlari uchun urushga ketib, otasining nomlarini oqlash niyatida bo‘lganlar. O‘zlari juda nimjon bo‘lgan ekanlar. 1927-yil bo‘lsalar ham 1926-yilda tug‘ilganman deb, o‘zini katta ko‘rsatib, urushga ketganlar. Juda nozik va nimjon yigit bo‘lganlari uchun yelkasiga osgan quroli yerga tegib yurar ekan...

Urushdan 6 yil deganda qishlog‘iga qaytib kelgan. Keyinchalik zamonlar o‘zgarib, qaynotamning nomi oqlangach, boshini baland ko‘tarib yurdilar. 

– Yangi kelin-kuyovning hayotga qarashlari, orzulari ham go‘zal bo‘lishi tabiiy. O‘sha paytda sizlarning turmush tarzingiz, yashash sharoitingiz qanday edi? Ayni urush, undan keyingi tiklanish yillari...

– Nimasini aytasiz... 1-kursni tugatgach, uyimizga sovchilar kelishgan. Ammo bobolarim meni Odil aka bilan turmush qurishimga tish-tirnog‘i bilan qarshi bo‘lishgan. Chunki ular diniy ulamolar edi, bularning otalari esa qishloq boylariga qarshi kurashgan »kommunist». Qolaversa, Odil aka mendan 11 yosh katta edi. Yaqinlarim nuqul kitob yozib, oila tebratib bo‘lmasligini, ijara uyda umrim o‘tishini, tengdoshlarimni ko‘rganimda afsuslanishimni aytishardi. Ammo Odil akani tengdoshlarim bilan solishtirganda ular orasida osmon bilan yercha farq bor edi. Odil aka mulohazali, aqlli, mening ko‘ng­limni og‘ritmas, go‘yoki kaftlarida guldek meni asrardilar. Men ularning yonlarida o‘zimni baxtli sezardim. Kattalarning qarshiliklari bizning muhabbatimizni yanada mustahkamladi. Har kuni darsdan chiqishim bilan universitet yonidagi favvora yoniga – uchrashuvga chopardim. U yerda meni Odil aka kutardilar. Ishqilib, uyimizdagilar hech chorasini topolmagach, to‘yga rozilik berishdi. Biz Toshkentda yashaymiz, ular Turkistonda. Meni kelin qilib, Qarnoqqa olib ketishdi. To‘ydan keyin 2 xonali ijara uy olib, hammamiz Toshkentga ko‘chib keldik. Bir xona bizga, bir xonada qaynonam, qaynopamning 2 nafar yetim bolasi, qaynim, jiyanlari bilan birga yashadik.

– Yangi xonadonning yo‘qchiligi sizni qiynab qo‘ymadimi?

– Yo‘q, desam xato bo‘lar. Lekin men ham, Odil aka ham oldindan o‘rtamiyonagina oilada ulg‘ayganmiz. Buning ustiga ne mashaqqatlar bilan oila qurganimiz uchunmi, iqtisodiy qiyinchiliklardan cho‘chimaganman. Odil aka xijolat bo‘lib: «Mar, jonim, bir oz sabr qilgin, hademay o‘zimizning uyi­miz bo‘ladi, keyin oyog‘imizni uzatib yotamiz, sening oldingda xijolatdaman-da», derdilar. Men esa hech e’tirozsiz bu hayotga ko‘nib ketganman. Qaynonam juda oilaparvar, rahmdil ayol edilar. Bir burda nonni teng taqsimlaganlar.

Odil aka universitetning oxirgi kursida o‘qish bilan birga, Yozuvchilar uyushmasida ishlardilar. 1955-yil oxirida hozirgi O‘zbek milliy akademik drama teatrida u kishining «Chin muhab­bat» nomli ilk dramasi qo‘yildi va viloyatlar teatrlarida ham sahnalashtirildi. Bu drama oilamizni moddiy jihatdan tiklashimizga sababchi bo‘ldi. Keyin «Aytsam tilim kuyadi, aytmasam dilim», «Olma gullaganda» kabi qator asarlari sahnalashtirildi. Turmush o‘rtog‘im: «O‘zimning qut-barakali Maryamim, sen hayotimga kirib kelishing bilan ijodimga ham, topish-tutishimga ham baraka kirdi», derdilar quvonib. Bir yildan keyin quvonch bilan kirib keldilar: «Mar, jonim, suyunchi! Endi bizning o‘z uyimiz – o‘lan to‘shagimiz bor. Mayli biroz tor-ku, lekin o‘zimizniki-da». O‘shanda bizga Amir Temur xiyoboni yonidagi Yozuvchilar uyushmasi tasarrufidagi binodan bir xonali uy berishgan edi...

– Ustoz Odil Yoqubov o‘zbek adabiyotining ulug‘ namoyandalaridan biri, ammo shu darajaga yetish uchun qanchalik mehnat qilganlariyu mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tganlarini hammadan ko‘ra siz yaxshi bilasiz, to‘g‘rimi?

– To‘g‘ri, ijodkorda halovat bo‘lmaydi. Ijod – mashaqqat degani. U kishi har doim behalovat edilar. O‘z olamida yashar, qahramonlari bilan muloqot qilayotganini sezar edim. Kechasi ijod qilib, tongda chiroyli husnixat bilan oq qog‘ozga ko‘chirar edilar. Odil aka ijod qilish uchun hech qachon sharoit tanlamasdilar. Qayerda, qanday holatda bo‘lishidan qat’i nazar yozib ketaverardilar. Qish­loqqa dam olishga borsalar ham, safarda ham, poyezd yoki samolyotda ham yozaverardilar. Ertalab tong sahar bir xil vaqtda turib, qo‘l­yozmalarini oqqa ko‘chirardilar. Ish stolim bo‘lsin demasdilar. Bitta stolimiz bor edi, shunda ijod qilardilar, mehmon kelsa men darrov shu stolga dasturxon ham yozardim.

– U kishining oiladagi o‘rni qanday edi?

– Oilada onaning, qaynonaning roli katta ekan. Bu kishining otalari bo‘lmagani uchunmi, oilaning bosh erkagi, boquvchisi bo‘lganigami, qaynonam ularni hammadan oldin tutardilar. Turmush o‘rtog‘im rashk­­chi edilar, men bunga ham ko‘ndim. Qaynona oyijonim oilamizni yo‘lga qo‘yishda bizga ko‘p yordamlari tekkan. Universitetning 2-kursida o‘qiganim bois katta o‘g‘limiz Murodjon buvisining bag‘rida ulg‘aydi. Qish­loqqa ketsalar ham birga olib ketardilar. Murodjonning farzandli bo‘lganini ham ko‘rdilar. Boshqa o‘g‘illarimizni ham yozgi ta’til boshlanishi bilan Qarnoqqa jo‘natib yuborardik.

Odil aka bolalariga ota sifatida qattiqqo‘l bo‘lmaganlar. Bolalarni do‘stim, deb chaqirar edilar. Biron noto‘g‘ri ish qilishsa, tartibga chaqirishlarini so‘rasam, «Qani, do‘stim, keling-chi», deb oldiga chaqirib, gaplashardilar. Erta tongdan bolalarini uyg‘otib, «Qani, do‘stim, turing-chi, hovlida qaymoqday havo, yaxshi dam olib, badantarbiya qilinglar», derdilar. Bolalar ham bir-biriga «ketdik qaymoqqa», deb hazillashishardi. Oilamizda qattiq so‘z bo‘lmas edi. O‘g‘il bolalarga ota tarbiya­­si muhim ekan. Ular bo‘lmaganda men o‘g‘il bolalarni qanday tarbiyalar ekanman, deyman. 

– Ustozni taniganlar ochik chehrali, xushchaqchaq, to‘g‘ri so‘zli inson, mansab uchun kattalarga mulozamat kilishni yoqtirmasdi deb xotirlashadi.

– Juda to‘g‘ri ta’riflashibdi. Hech kimni ayab o‘tirmasdilar, qo‘rqmasdan fikrini dangal aytardilar. Juda to‘g‘riso‘z va ko‘ngilchan odam edilar. Mehmonni juda yaxshi ko‘rardilar. San’atdan mumtoz musiqalarni yoqtirardilar. Ovqat tanlamasdilar-u, taom dasturxonga tortilgach, og‘izlariga shirin tuyulsa, darrov kimnidir chaqirardilar. Albatta, men ayolligimga borib, norozilik bildirardim. Mehmon chaqirmoqchi ekansiz, ertaroq aytmaysizmi, endi yana ovqat pishirishim kerak, derdim. Albatta, alohida tayyorgarlik qilib, qo‘y so‘yib, mehmon kutmasdilar, ko‘pincha, kutilmaganda, ayniqsa, xamir ovqat pishgan kuni yeb o‘tirgan taomi do‘stlarisiz tomog‘idan o‘tmay qolardi. Do‘stlari esa qo‘ni-qo‘shni yoki turli kasb egalari bo‘lardi. Do‘stni mansabi yoki kasbiga qarab tanlamasdilar.

Uyimizga odamlar hamisha biron yumush bilan kelishardi. Kimdir bemor, kimdir boshqa ehtiyoj bilan, deganday. Ularni shifokorga olib borib ko‘rsatardilar, oiladan ozgina pul orttirib, «borim shu edi», deb dori-darmoniga berardilar. Aslida oilamizdan pul ortmasdi.

Boshqa paytlari sahargi oshlarga borishga yoki qishloqdan keladigan guras-guras mehmonlar bilan soatlab gaplashib o‘tirishga doimo vaqtini qizg‘anardilar... Biroz o‘tirgach, uzrini aytib, ishiga ketardilar yoki ijodga sho‘ng‘irdilar. Mehmonlar menga qolardi.

– Oila, ro‘zg‘or bo‘lgach, er-xotinning urishi – doka ro‘molning qurishi, deganlaridek, albatta, kelishmovchiliklar bo‘lishi tabiiy.

– Ularning menga asosiy talabi – ko‘chaga ko‘p chiqmasligim edi. O‘zlarining ishi bilan chiqishim mumkin edi: masalan, qo‘l­yozmalarini mashinkada terdirishga, tayyor bo‘lgach, ustidan ko‘rib, redaksiya yoki nashriyotlarga berishga borishim mumkin edi. Ammo o‘shanda ham tizzamdan o‘tadigan nihoyatda qalin va qop-qora sochimni «yomon ko‘z»lardan berkitishim, ya’ni o‘rib, tashlab qo‘ymasligim, faqat turmaklab ko‘chaga chiqishim mumkin edi. Kundalik bozorni o‘zim qilar edim. Oila budjetini menga ishonardilar. Biron narsani beo‘rin xarid qilmas edim. Oilada qaynonaoyim, qayinukam, onam, bularning jiyanlari, ovsinim yashardik. Ulardan ortsa yangi ko‘ylak kiyishim mumkin edi. Ammo biron joyga ketsalar, menga sovg‘asiz qaytmas edilar. Ayniqsa, Farg‘onaga borsalar, albatta, atlas olib kelardilar. Men esa buvijonimdan o‘rganganimdek bichib, tikib, kiyib olardim. Ikkalamiz ham adabiyot kishisi bo‘lganimiz uchun ham bir-birimizni yaxshi tushunardik. Janjallashgan kunimizni eslolmayman. Turmush o‘rtog‘im nima desa, o‘zimga yoqmasa ham «xo‘p», derdim. Chunki tarbiyam boshqacha muomalaga yo‘l qo‘ymas edi.

– Talabalik yillaringizdan boshlab, hatto undan ham avvalroqdan Odil Yoqubovning birinchi tahrirchisi, taqrizchisi va qo‘lyozmalarining birinchi o‘quvchisi bo‘lgan ekansiz. Buni siz va o‘g‘lingiz Iskandar Yoqubov hamkorligida chop etilgan «Ulug‘ va sadoqatli muhabbat» kitobidagi ustoz bilan bir-biringizga yo‘llagan maktublaringizni o‘qigan har bir kitobxon anglashi mumkin.

– Ha, u kishi gohida yoritmoqchi bo‘lgan har bir voqea tafsilotlarigacha men bilan maslahatlashar edilar. Chunki Odil Yoqubov rus filologiyasini, men o‘zbek filologiyasini tugatgan edik. Ba’zi so‘zlarning, gaplarning ma’nosini to‘g‘ri ishlatish uchun mendan foydalanardi. Hamisha menga qarab: «Yaxshiyam hayotimda sen borsan, Maryam! Boringga shukr!» derdilar. Bu gap orqali butun mehri va sevgisini ifodalar edilar.

– Siz ustoz asarlarining qaysi birini eng yaxshi asar sifatida e’tirof etasiz?

– Ona o‘z bolalarini yaxshi-yomonga ajratishi mumkinmi?! Menda ham shunday. Har bir asarning ilk so‘zidan so‘ng­­gi qo‘yilajak nuqtagacha yozuvchi bilan hamnafas to‘lg‘onardim: bu gapni noto‘g‘ri ishlatibsiz, o‘rniga mana buni ishlating... kabi. Men uchun ularning qadri biri-biridan a’lo.

– Oiladagi eng go‘zal, quvonchli kunlarni qaysi voqealar bilan bog‘laysiz?

– Shukr qilgan yetar murodga, deganlaridek, biz ham shukr bilan murodga yetganlardanmiz. Uysiz odam boshpanani, bolasiz inson farzandni orzu qiladi. Sekinlik bilan ijara uydagi hayotimiz bir va ikki xonali uyga, keyin hovliga aylandi. Ketma-ket o‘g‘illarimiz tug‘ildi. Murod, Iskandar... Men qiz ko‘rishni orzu qilganman. Shunchalar xohlaganman-ki, kichik o‘g‘lim tug‘ilganida bir soat yig‘lab o‘tirganman... Ammo kelin olganimda bildimki, kelinlar qiz kabi mehribon bo‘lar ekan.

– Ustoz o‘z asarlarida o‘sha davrning, ta’bir joiz bo‘lsa bugungi kunning ham eng dolzarb muammolarini yoritganlar. Ammo turg‘unlik yillarida yozuvchining o‘z fikrini dadil ayta olishi ham qahramonlik edi, desak mubolaga bo‘lmaydi. Tayziqlar bo‘lganini eslay olasizmi?

– Bunday narsalarni bizga aytmasdilar. Ko‘ngilxiraliklarni uyga ko‘tarib kelmas edilar. U kishi o‘z asarini, o‘z fikrini qattiq himoya qila oladigan kishi edilar. Yig‘ilishlar, taqdimotlarda men ham qatnashardim. O‘zlarinining haqli ekanini isbotlay olardilar. Birovning yordamiga muhtoj odam emas edilar. Ishlaganda ham astoydil mehnat qilardilar. Ayniqsa, «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida ishlaganlarida shunday mavzular yoritilardiki, gazetaning har soni barcha adabiyot ixlosmandlari orasida qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketardi. Chekka qishloqlardan ham keluvchilar, maktub yo‘llovchilar, ijodkorlarning keti uzilmasdi.

– Hayot oq va qora ranglardan iborat. Hayotingizdagi qora ranglar, ya’ni, qayg‘uli, og‘ir kunlar haqida ham gapirib bersangiz.

– Men eng og‘ir kunlar deganda moddiy boylik kamligi yoki shunga o‘xshash narsalarni tushunmayman. Eng og‘ir kun deb faqat yo‘qotishlarni tushunaman, xalos. Odil akaning 70 yoshga kirganlarida mazalari bo‘lmay qoldi. Davolandilar, oyoqqa turdilar, xudoga shukr, ijodlarini davom ettirdilar. Ammo 83 yoshlarida yiqilib, oyoqlari sindiyu qayta o‘ziga kelmadilar. Bir oy hushsiz yotdilar va bu olamni tark etdilar... Bu oilamizdagi, hayotimizdagi haqiqiy yo‘qotish, mening eng qora kunim bo‘ldi...

– Sizning uyingizdan hamisha ustozning hamkasblari, shogirdlarining oyog‘i uzilmagan. Kelgan mehmonni bir choynak choy va bir kosa ovqatsiz jo‘natmas ekansiz. Bunga qanday ulgurar edingiz?

– Odil aka ijodining muxlislari respub­likamiz barcha viloyatlaridan, hatto chet davlatlardan ham kelishardi. Ba’zilari eshikdan kirishlari bilan Odil akani maqtab ketishardi, bu esa o‘z-o‘zidan u kishiga yoqmasdi, choy olib kirishim bilan sabrsizlanayotganini, vaqtini qizg‘anayotganini yuz-ko‘zlaridan ilg‘ab olardim: «Ovqatni tezlashtir», derdilar. U paytlarda hozirgidek yarim tayyor ovqatlar bo‘lmagani uchun ovqat tayyor bo‘lgunicha bir-bir yarim soat vaqt o‘tardi. Shuning uchun yil sayin tajribam ortib, bo‘sh vaqtim bo‘ldi, deguncha mayda chuchvara tugib, muzlatib qo‘yadigan bo‘ldim. Norinning xamirini ham, go‘shtini ham kesib, yarim tayyor holatga keltirib qo‘yardim. Mehmon kelishi bilan choydan keyin dasturxonga chuchvara va norin tortadigan bo‘ldim. Xonadonimizga aziz mehmonlar, yozuvchi va shoirlar ham ko‘p kelishardi. Said Ahmad shunday payt­larda: «Aslida sizni ko‘rgani emas, Maryamxonning «firmenniy» chuchvaralarini sog‘inib keldik», deya hazillashardilar.

Hovlimizga Chingiz Aytmatov ham bir necha bor tashrif buyurganlar. Kelishlari bilan yong‘oq daraxtidan 5-6 ta yong‘oq terar:  «Adil, bu deyman, yong‘oqlaring juda ko‘p hosil beribdi-ku! Bir og‘aynigarchilik qilib, bir-ikki qop yong‘oq yuborarkansan-da», derdilar kulib.

Keyingi gal turmush o‘rtog‘i Mayramxonni ham mehmonga olib kelgan edilar. Mayramxon juda shirinsuxan, dilbar va go‘zal ayol edi. Unda ham endigina gullab turgan yong‘oqq qarab: «Eh, Mayramxon, sen bu yong‘oqni yemading – bu dunyoga kelmading... Juda zo‘r yong‘oq. Lekin hosil pishsa Adil bir qop yong‘oq yuboradi Shundaymi, Adil?» degandi Chingiz aka. Qizig‘i shuki, rus tilida gaplashish ikki adib uchun qulay bo‘lsa ham, ular qirg‘iz tilida gaplashishardi.

1998-yilgi tashrifida Aytmatov: «Adil! Kechroq bo‘lsa ham «Muqaddas»ni o‘qidim. Mening «Jamila»m va «Sarvqomat dilbarim» rus tilida chiqdi. Aslida sening «Muqaddas»ing avvalroq chiqqanida sen mendan ham mashhur bo‘lib ketarding. Lekin «Ulug‘bek»ing nafaqat o‘zbekning, balki barcha turkiy xalqlar adabiyoti, hatto jahon adabiyotining xazinasidan joy oldi, deganida hamma mehmonlar qarsak chalib yuborishgan edi.

– Yozuvchi qahramonlarini qanday tanlardi?

– Qahramonlarini hayotdan olardilar. Uydami, yo‘ldami, qishloqdami, odamlarni kuzatishni, ularning suhbatini olishni yaxshi ko‘rardilar. Qaysi asarini o‘qisam, men o‘sha odamni taniyman, ko‘rganday bo‘laman, qarindoshlar, yaqinlar bo‘lib chiqadi.

– Ovqat kechiksa, sizga qarashib yuborarmidi?

– Yo‘-o‘q, hatto pichoq ushlasalar lablarini tishlab turardilar, hatto tuxum qovurib, choy damlash qo‘llaridan kelmasdi.

– Ijodkor borki, hamisha qalbi muhabbatga oshno bo‘ladi, deyishadi. Ustozning sevgisini nimalarda his qilardingiz-u biron marta xiyonatini sezganmisiz?

– Yo‘q, sezmaganman. Umrlari yakunida «Men sizni jonimdan ortiq sevdim, hammadan qizg‘ondim, sizni ishlatmadim, rozi bo‘ling. Ammo hech qachon sizga xiyonat qilmadim», dedilar va men bu gapga ishondim... Urushga ketishlaridan oldin qishlog‘ida sevgan qizi bo‘lgan. Ammo 6 yil urushga ketganida ota-onasi boshqa yigitga uzatib yuborishgan ekan. «Tilla uzuk» asarini o‘qigan o‘quvchi buni yaqqol tushunadi.

– Farzandlar kamoli, baxti, ularning otasiga o‘xshash tomonlari... Ustozning hayoti asarlarida davom etyapti va yashayveradi. Oilada ustoz bilan bog‘liq qanday qadriyatlar saqlanib qolgan?

– Bolalarni bog‘cha bermoqchi bo‘lib, bog‘cha mudirining oldiga bordim. Ammo u turmush o‘rtog‘imning Yozuvchilar soyuzida ishlashini eshitib, «Menga soyuzpechatning bolasi kerakmas», dedi. Shu bo‘yicha bolalarim bog‘cha yuzini ko‘rishmadi. Odil aka esa o‘z manfaati uchun yuguradigan inson emasdilar. Ularni bir-biriga mehr-oqibatli bo‘lsin, deb to‘rtalasini ham 99-sonli o‘zbek tiliga ixtisoslashgan maktabda o‘qitdik. Ular ham bugun o‘g‘il-qizlariga, nevaralariga o‘zbekona bilim va tarbiya berayaptilar. Nevaralarim kelishsa, qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib so‘rashishadi, nima yumushim bo‘lsa, so‘zsiz bajarishadi. Ana shunday qadriyatlar hukm surayotganidan quvonaman: 4 nafar o‘g‘illarimizning hammasi o‘zlari sevgan sohalarda bilim olishdi. Ilmiy izlanishlar qilishdi, professorlik darajasiga yetishishdi. Kelinlarim, nevaralarim ham Odil aka istaganlaridek ilm yo‘lidan borishdi. Hayotda o‘z o‘rinlarini topishdi. O‘g‘illarimga otasidan xayru saxovatlilik, silai rahm, mehribonlik, mas’uliyatlilik, ilmga chanqoqlik kabi hamma yaxshi xislatlari o‘tdi. Ularga qarab, Allohga shukrona aytaman...

Saodat Matyoqub qizi suhbatlashdi.

(«Adolat» gazetasidan)

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring