Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bolalar kitoblariga chizilgan qahramonlar «tirik» bo‘lishi kerak

Bolalar kitoblariga chizilgan qahramonlar «tirik» bo‘lishi kerak

foto: Dinara Mo‘minova«Tomchi» kitobidan

Bolalar kitoblarida chizilgan qahramon juda, juda, juda muhim rol o‘ynaydi. Bu kitoblarda matn kam bo‘lgani uchun qahramonni rasmlar namoyon qilib berishi, ya’ni ochishi kerak. Qahramonning boshiga do‘ppi kiydirib qo‘yish bilan uni o‘zbek qilish oson emas.

Mutaxassislar rasm «tirik» bo‘lishi kerak deydilar. Tirik deganda ular qimillashi kerak bo‘lgan illyustratsiyani emas, balki bir nima so‘zlay oladigan illyustratsiyani nazarda tutadilar. Ya’ni bir kitobdagi illyustratsiya aynan shu kitob uchun yaratilganligini o‘quvchi his eta olishi kerak. Shuning uchun  tekinga beriladigan rasmlar yig‘ilgan saytlardan olingan rasmlar qanchalik chiroyli, yorqin yoki mukammal bo‘lmasin, aynan shu kitob yoki shu hikoya uchun yozilmagani uchun ular kitobda «o‘lik» bo‘lib ko‘rinadi. Buni bola juda oson tushunadi.

Kichik yoshdagi bolalar kitoblari 3 xil yo‘lda nashr etiladi:

Muallif matn yozadi, illyustratorni nashriyot tanlaydi va rasm chizdiradi.

Muallif ham matn yozuvchi, ham illyustrator bo‘ladi.

Muallif matn yozadi, illyustratorni muallifning o‘zi topadi va rasm chizdiradi.

Uchchala holatda ham muallifning roli asosiydir. Oldingi zamonlarda yozuvchi matn yozardi-da, nashriyotning o‘zi biron rassom topib matnni muallifdan fikr so‘ramay bezar edilar. Bugun rasmli kitoblarda bunday yo‘l ishlamayapdi.

Rasmli kitob muallifi illyustrator bilan birgalikda rasmlar ustida uzoq va chuqur ishlashi kerak. Illyustrator chizgan qahramon muallif tasavvuridagi qahramonga imkon qadar yaqin bo‘lishi kerak. U albatta do‘ppi kiygan, qishloq bolasini eslatadigan, kiyimi milliylikka urg‘u beradigan bo‘lishi shart emas, lekin aynan shu hikoyada namoyon bo‘layotgan bolani yoki holatni ko‘rsata olishi kerak. Ana shundagina kitob mukammal hisoblanadi. Shunda bu kitobni ko‘rayotgan bola illyustratsiyadagi qahramonni va hikoya syujetini ich-ichidan his eta oladi.

                                                                                        Dinara Mo‘minova, bolalar yozuvchisi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring