Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Nurbek Alimov

Oz narsani qurbon qilgan odam, oz narsaga erishadi. Ko‘p narsani xohlagan odam esa ko‘proq narsadan voz kechishi kerakligini biladi.

«Na chin musulmonmiz, na kofir tamom...»

«Na chin musulmonmiz, na kofir tamom...»

Foto: «Xabar.uz»

Bugun kechasi bilan uxlaganim yo‘q, yo‘l yurib charchab keldim, lekin shu ikki kun ichida xayolimdan o‘tgan fikrlarimni yozmasam, shu voqealarga o‘z pozitsiyamni aytmasam, o‘zimni kechirmas edim.

Tasavvur qiling: hokimlikda selektor yig‘ilishi bo‘layapti. Hokim aytadi: «Xalq ta’limi, tur, ertaga ertalabdan hamma xodimingni yo‘l bo‘yiga olib chiqasan, komissiya kelayapti (birorta kattakon kelayapti)». Bilasizmi fojiamiz nimada? Biz birorta ishni birovning ko‘zi uchun qilamiz. Kattakon o‘tayotgan paytda yo‘lning bo‘yida obodonlashtirish ishlari sahnalashtirilishi kerak. Ishonavering, agar o‘sha ishlayotganlar hech nima qilmay, shunchaki egilib olib yerni ushlab tursa ham obodonchilik ishlari ketayapti degan illyuziya paydo bo‘ladi. Shu yetadi.

Kelayotgan katta oynalari qoraytirilgan «Mersedes»da 120 km/soat tezlikda o‘tib ketadi. U to‘rt yil oliy ma’lumot olgan Eshmat ketmon chopib gul ekayotganini ko‘rmaydi. Lekin hokimto‘raga kerak bu sahna. Primitiv aqli bilan katta o‘tayotganda tumanni hamma obodonlashtirayapti, ish qaynayapti deb o‘ylasin deydi...

Kattaqo‘rg‘onlik o‘qituvchilar obodonlashtirish ishlarida.
Foto: «Xabar.uz»

Bizda yo‘llarni tekis qilish o‘rniga yo‘lning chetini go‘zallashtirishadi. Bundan uch-to‘rt yil ilgari esa viloyatlarda fevral oyida, hali gullar chiqmasidan kaltakka rangli qog‘ozlardan gul shakli yopishtirilib yo‘llarning bo‘yiga suqib chiqilar edi! Kimga kerak bu masxarabozlik? Insonning ustidan bundan ortiq kulish mumkinmi? O‘sha paytda Yevropadan kelgan mehmonlarga buning nima uchun qilinayotganini tushuntira olmaganman. Qanaqadir urf-odat bo‘lsa kerak deb o‘ylashgan... O‘sha ishlarni ham kim qilar edi? Qoyil, darrov topdingiz: o‘qituvchi va vrachlar.

Ularga bundan tashqari yana qanday ishlar yuklanadi?

Erta bahorda chigit ekilishini massivma-massiv kuzatish, yagana, g‘o‘zaga qurt tushsa qurtni terish, paxtani terish, bug‘doyga otryad bo‘lib chiqish, paxta yoki bug‘doy planini bajarmagan fermerlarni topib kelish, ularni shu planni bajarishga majburlash, yo‘l bo‘yiga gul ekkani chiqish, metallom yig‘ish, obuna, saylovda imzo yig‘ish, saylov taklifnomalarini tarqatish, saylov komissiyasiga a’zo bo‘lish, siyosiy partiyalardan kuzatuvchi bo‘lish, aholi sonini hisoblash, aholi tomorqasida nimalar ekilganini aniqlash... Bular ularning funksional vazifasi bo‘lmish bolalarni o‘qitishdan tashqari, shunchaki qo‘shimcha vazifalar xolos. Agar bulardan bosh tortsa, ishdan haydaladi. Nima uchun bizda arizangni yoz degan so‘z juda qo‘rqinchli so‘z hisoblanadi? Chunki boshqa ish topish qiyin... Uch-to‘rtta bolasi bor... Un, moy, makaron olishi kerak... Maktablarning o‘zidagi tadbirbozligu qog‘ozbozliklarni qo‘shing endi. Oldinlari o‘qituvchi kasbini tanlaganidan faxrlangan bo‘lsa, hozirgi yoshlar bu kasbdan qochishadi. Ertaga farzandlarimizni kim o‘qitadi?

Diana Yenikeyevaning ota-onasi
Foto: «Xabar.uz»

Diananing ota-onasining rasmini ko‘rdim... O‘zimning qizcham bor, shu qizim ikki yoshda va ulg‘aygani sari sentimental bo‘lib ketayapmanmi deyman shunaqa bolasi o‘lganlarni ko‘rganimda... Ularning mungli nigohlariga ko‘zlarim dosh bera olmadi, tezroq uyga borib qizchamni quchoqlagim keldi... U ham ertaga men o‘qituvchi bo‘laman deyishidan qo‘rqib olib ketdimmi g‘arbga? Bilmadim...

Xullas, nima uchun bizda o‘qituvchilar oliy tabaqadan eng quyi pog‘onaga tushib qoldilar? Sabablarning ildizi qayerda? Men doim bizning davlat na kapitalist, na komunistik tizimda deb aytaman. Xayyom aytganiday «na chin musulmonmiz va na kofir tamom».

Biz soliqlar yig‘ilishi, biznes modellari, bank, kredit masalalarida kapitalistmiz, boshqaruvda esa kommunistik prinsip. Qonun ustuvorligi deb bong uraveramizu o‘sha qonunni ham kecha o‘qituvchini bosib ketganiday yanchib ketishmayaptimi ayrim rahbarlar? Bizda obodonlashtirish boshqarmalarida ishlaydigan odamlar 500 ming so‘m oylik olib ishlaydi, maktabni ham bitirish shart emas u yerda ishlash uchun. Hollandiyada 20 mln so‘m, Rossiyada 4-5 mln so‘m olib ishlashadi shu soha vakillari. Nahotki yurtning kelajagi uchun, o‘qituvchilarni o‘z o‘rniga ko‘tarish uchun ushbu sohani rivojlantira olmasak?

Shunday qilish kerakki, ishsizlar o‘zlari yugurib kelsin men ishlayman deb, yoki umuman obodonlashtirmaylik, ko‘kalamzorlashtirmaylik! Mayli, yurtimda gullar o‘smasin... Ammo o‘qituvchilar o‘lmasin. Kelajak avlodni yetishtirib beruvchi bog‘bonlar juvonmarg bo‘lib ketishmasin...

Hammaga omonlik tilayman.

2018 yil 19 mart

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring