Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Binodan chiqib keting!» – Prezident Administratsiyasi rahbari o‘tkazgan majlisning audiosi tarqaldi

«Binodan chiqib keting!» – Prezident Administratsiyasi rahbari o‘tkazgan majlisning audiosi tarqaldi

Kecha, 27-sentyabr kuni Prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov raisligida tanqidiy videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda ayrim hokimlar va tashkilot rahbarlari ishdan olinib, yana ayrimlariga boshqa intizomiy jazolar berildi.

Jumladan, Sardor Umurzoqov Prezident qarori asosida davlat xizmatchisi etikasiga nomunosib xatti-harakatlari, rahbarlik madaniyatini saqlamagani, o‘tkazilgan qabullarda fuqarolarga hurmatsizlikka yo‘l qo‘ygani va faoliyatidagi boshqa kamchiliklari uchun Andijon tumani hokimi A.Egamberdiyevni egallab turgan lavozimidan ozod etilganini bildirdi.

– Andijon tumani hokimi Egamberdiyev janobi oliylari, selektorda ayvonda o‘tirmayapsizmi? O‘zingizni bunday tutishingiz bilan butun dunyoga sharmanda bo‘ldik. Masofani saqlashni bahona qildinglar. Unda nega sektor rahbarlari yoningizda edi?! Fuqarolarga nisbatan hurmatsizlik, dimog‘dorlik, kibr-havo... bu nima degan gap?!

Siz butun davlat tizimini obro‘sizlantirdingiz...

Shuning uchun siz bugun davlat rahbarining qarori bilan, birinchidan, egallab turgan lavozimingizdan ozod etildingiz. Ikkinchidan esa sizning bu xatti-harakatingizga huquqiy baho beriladi. Chiqib keting zaldan! – dedi Administratsiya rahbari.

Shuningdek, rahbarlik etikasi qoidalariga rioya etmagani, xizmat vakolatidan chetga chiqib qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygani uchun Asaka, Paxtaobod va Farg‘ona tumanlari hokimlari ham ishdan olingan. 

Yig‘ilishda Samarqand viloyati Nurobod tumani hokimi ham ishdan olinib, uning yangi hokimlik vazifasiga kelganiga qaramay, o‘zini to‘ralarcha tutgani hamda joriy yil 23 avgust kuni berilgan vazifalarni o‘z vaqtida bajarilmaganini ro‘kach qilib, tuman hokimligi Devonxona bo‘limi mutaxassisiga jismoniy kuch ishlatgani aytildi.

– Kim sizga ruxsat berdi?! O‘zingizga, viloyatingizga va butun davlat tizimiga isnod keltirdingiz! Har bir aytgan haqoratomuz gaplaringizning audiolari turibdi. Achinarlisi, hurmatli Prezidentimiz ham shularni eshitib juda ham qattiq ranjidilar. Davlatimiz rahbari qaror qabul qildilar: siz hokimlik darajasiga munosib emassiz! Zaldan chiqib keting! Guvohnomasini olib qo‘yinglar! – degan Prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov.

Videoselektor yig‘ilishida, shuningdek, Surxondaryo viloyati hokimi T.Bobolovning o‘z faoliyatini davlat siyosati va amalga oshirilayotgan islohotlarga mos ravishda tashkil etmagani, hokimlarga qo‘yiladigan talablarga rioya etmasdan majlis qatnashchilarini haqorat qilganligi hamda bu bilan keng jamoatchilikning noroziligiga sabab bo‘lgani aytilib, unga nisbatan oylik maoshining 40 foizi miqdorida jarima jazosi tayinlani aytildi. 

«O‘zbekchorvanasl» agentligi direktori B.Atamuradov ham Prezident qarori bilan egallab turgan lavozimidan ozod etilgani aytildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring