Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bank xodimlari malakasi xorij tajribasi asosida oshiriladi

Bank xodimlari malakasi xorij tajribasi asosida oshiriladi


O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan kadrlarni tanlash, ularning malakasini oshirish masalalari yuzasidan brifing o‘tkazildi.

Unda «O‘zmilliybank» AJ Xodimlar bilan ishlash departamenti direktori o‘rinbosari Umid Valiyev va «Gazprombank» AJ ijrochi direktori Aleksey Shevchenko tomonidan kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning uzluksizligi, o‘qitish dasturlarining zamonaviy tijorat banklari tomonidan keng foydalanilayotgan raqamli texnologiyalarga muvofiqligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi.

Bugungi kunda korporativ boshqaruv, moliyaviy menejment, audit, moliyaviy xatarlarni boshqarish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, qimmatli qog‘ozlar bozori sohalarida bank sektorining yuqori malakali kadrlarini o‘qitish tizimini yanada takomillashtirish muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, bank xodimlarini baholash va rag‘batlantirishning ilg‘or xalqaro tajribasini joriy etish dolzarb vazifalardan biridir.

Prezidentimizning 2019 yil 31 oktyabrdagi «Bank-moliya sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda yurtimizda yosh rahbarlarni saralaydigan, ularning layoqatiga mos lavozimlarni taklif yetadigan samarali mexanizm ishlab chiqilyapti. Jumladan, «O‘zmilliybank» AJ tizimida ham filial va bo‘lim yosh rahbarlarini faoliyatini qo‘llab-quvvatlash tajribasi mavjud. Bosh ofis departament direktorlarining 4 nafari, direktor o‘rinbosarlarining 10 nafari 35 yoshgacha bo‘lgan xodimlardir. Bank tizimida faoliyat yuritayotgan yosh kadrlar soni ham ortib bormoqda. Bugungi kunda mazkur tashkilot tizimida 5 ming 800 dan ortiq mutaxassis faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, shulardan 32 foizi yoshlar hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

Xodimlar malakasini oshirish maqsadida qator interaktiv loyihalar amalga oshirilib kelinmoqda. Xususan, «O‘zmilliybank» AJ bosh ofisida 17-20 fevral kunlari bank boshqaruvi xodimlari uchun o‘tkazilgan “Boshqaruvchi – 2020” seminar-treningi bu borada muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu loyiha boshqaruv vositalaridan foydalanish ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida «Gazprombank» AJ bilan imzolangan o‘zaro hamkorlik shartnomasiga asosan tashkil etildi.

Qayd etilganidek, samarali boshqaruv rahbar xodim faoliyati bilan chambarchas bog‘liq hisoblanadi. Shuningdek, rahbar xodimlar tarkibi qo‘l ostidagi xodimlarga qo‘yiladigan vazifalarni samarali rejalashtirishi, vazifa yuklashda xodimning imkoniyatlarini inobatga olishi, boshqaruvning turli shakllarini qo‘llay olishi lozim. Trening davomida ishtirokchilar, o‘z bilimlarini mustahkamlash bilan bir qatorda boshqaruvning yangi usullarini o‘rganish imkoniga ega bo‘ldi.

Brifingda mazkur yo‘nalishdagi hamkorlik kelgusida investitsion banking, loyihaviy moliyalashtirish, biznes yuritishning umumiy tamoyillarini shakllantirish va bu orqali bank-moliya sektorida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qilishi borasida fikr-mulohazalar bildirildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring