Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

AQSh Isroilni yana qurol bilan siylamoqchi

AQSh Isroilni yana qurol bilan siylamoqchi

AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati 14 may kuni mamlakat qonun chiqaruvchi idorasi – Kongressni Isroilga 1 milliard dollardan ziyod miqdorda qurol-aslaha yetkazish rejasidan xabardor qildi.

«The Wall Street Journal» nashri Oq uydagi manbalariga tayanib xabar berishicha, Vashington tomonidan yahudiy davlatiga beriladigan navbatdagi qurol-aslaha paketi 700 million dollarlik bronetexnika, 500 million dollarlik jangovar texnika va 60 million dollarlik minomyot o‘q-dorilarini o‘z ichiga oladi.

Oq uy navbatdagi qurol-aslaha paketini yetkazish jarayoniga kirishgani xabar qilingan.

9 may kuni prezident Jo Bayden Isroil Rafahda harbiy amaliyot boshlagudek bo‘lsa, ayrim qurollarni yetkazishni to‘xtatish bilan tahdid qilgan edi. Ammo tahlilchilar bu xalqaro hamjamiyat bosimi ostida bildirilgan «poxoldo‘q» ekani, Vashington har qanday holatda ham Isroilni dastaklashda davom etishini ta’kidlagandi. «The Wall Street Journal»ning so‘nggi xabari bu taxminni tasdiqladi.

2023 yil  7 oktyabr kuni Isroil HAMAS harakati hujumiga javoban G‘azo sektoriga bostirib kirganidan buyon 35173 nafar falastinlik halok bo‘ldi.

Prezident Bayden Falastin–Isroil ziddiyatida yahudiy davlatini qo‘llab-quvvatlab, G‘azoda minglab tinch aholi vakillari halok bo‘layotganidan ko‘z yumayotgani sabab siyosiy doiralarda, hatto uning saylov shtabida ham norozilik kuchaymoqda. Oq uy rasmiylari orasida ham o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirayotganlar soni ortmoqda.

Avvalroq AQSh davlat departamentining harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha byurosi direktori Josh Pol Vashingtonning Isroilga harbiy ko‘makni oshirish haqidagi qaroriga norozilik ifodasi sifatida o‘z ixtiyori bilan iste’foga chiqqan edi. 11 yil davomida mas’ul lavozimda ishlab kelgan J.Pol HAMASning Isroilga hujumini qoralagani holda, hozirgi vaziyatda yahudiy davlati tutayotgan siyosat va AQSh uni qo‘llab-quvvatlayotgani xato ekanini ta’kidlagan.

AQSh Qurolli kuchlari uchuvchisi Larri Hebert esa Oq uy qarshisida ochlik e’lon qildi. U Baydenning Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy harakatlarini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlab kelayotganiga shu tariqa norozilik bildirgan.

Xalqaro tashkilotlar Isroil armiyasini qurollantirayotgan birinchi raqamli mamlakat – AQShdan qurol-aslaha yetkazishni to‘xtatishni talab qilmoqda. Oxfam hamda Human Rights Watch inson huquqlari tashkilotlari Isroil bombardimonlarida minglab falastinlik tinch aholi vakillari o‘ldirilganini qayd etib, Tel-Aviv Vashington tomonidan yetkazilayotgan qurollardan xalqaro huquq me’yorlari doirasida istifoda etishini savol ostiga olgan.

Jahon matbuoti xabariga ko‘ra, xalqaro hamjamiyat e’tiroziga qaramay, AQSh Isroilni goh imi-jimida, goh oshkora qurollantirishda davom etmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring