Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Antoniu Guterrish: Ayollar huquqlari poymol qilinmoqda va xavf ostida qolmoqda

Antoniu Guterrish: Ayollar huquqlari poymol qilinmoqda va xavf ostida qolmoqda

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish dunyoning ko‘plab mamlakatlarida ayollar va qizlar huquqlari bo‘yicha vaziyat keskin pasayishidan ogohlantirdi. Bu haqda u 6 mart kuni BMT shtab kvartirasida o‘tkazilgan Ayollar maqomi bo‘yicha komissiyaning 67-sessiyasi ochilishida ta’kidlarkan, ayollar va erkaklar o‘rtasidagi tenglik «borgan sari uzoqlashib bormoqda» dedi. Guterrishning so‘zlariga ko‘ra, harakat shu taxlit davom etarkan, xalqaro hamjamiyat o‘tgan o‘n yilliklarda erishgan taraqqiyot alomatlari «ko‘z o‘ngimizda yo‘qolib boradi» va gender tengligiga «300 yildan keyin» erishish mumkin. Bu galgi sessiyasining asosiy mavzusi raqamli texnologiyalar va ayollar huquqlariga bag‘ishlandi. «Matematika oddiy: insoniyatning yarmi ayollar ijodiy g‘oyalarisiz fan va texnologiya sohasi o‘z salohiyatining faqat yarmini amalga oshiradi», — dedi Guterrish. U global tizim ya’ni fan va texnologiya qizlar va ayollar uchun ishlamasligi, shuning uchun u o‘zgarishi kerakligini ta’kidladi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti rahbari dunyo bo‘ylab uch milliard odam hali ham internetga kirish imkoniga ega emasligi, ularning aksariyati rivojlanayotgan mamlakatlardagi ayollar va qizlar ekanligi, kam rivojlangan mamlakatlarda ayollarning atigi 19 foizi internetdan foydalanishi haqidagi ma’lumotlarni keltirarkan: «Biz dunyomizdagi «Silikon vodiysi» ayollar huquqlarining «O‘lim vodiysi»ga aylanishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz», — deya qo‘shimcha qildi.

BMT rahbari onalar o‘limining ko‘payishi, qizlarning ta’lim muassasalariga jalb qilinmasligi va yosh turmushga chiqishini misol tariqasida keltirarkan, bu borada ayniqsa noqulay vaziyat Afg‘onistonda kuzatilayotganini qo‘shimcha qildi. «Ko‘p joylarda ayollarning jinsiy va reproduktiv huquqlari poymol etilmoqda. Ayrim mamlakatlarda qizlar maktabga ketayotganda o‘g‘irlab ketilishi va tajovuzga uchrashi xavfi ostida», – deydi u.

Bundan tashqari, sayyoramizning turli mintaqalarida – Ukrainadan Sahelgacha bo‘lgan inqiroz va mojarolar, birinchi navbatda, ayollar va qizlarga ta’sir qilishini, pandemiya millionlab ayollar va qizlarning – haq to‘lanadigan ishdan ketishga majbur bo‘lganini  eslatdi. 

«Asrlar davomidagi patriarxat, diskriminatsiya va zararli stereotiplar» ilm-fan va texnologiya sohasida erkaklar va ayollar o‘rtasida katta tafovut yaratdi, – deya davom etdi BMT rahbari.

U butun dunyo bo‘ylab hukumatlar, fuqarolik jamiyati va biznes vakillarini gender teng huquqli ta’lim imkoniyatlarini ta’minlash, malaka oshirish, «raqamli gender tafovutini bartaraf etish»ga sarmoyalarni ko‘paytirish uchun «birgalikda ishlashga» chaqirdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring