Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Andijonda yong‘inda qolgan oilaning 9 a’zosi qutqarib qolindi

Andijonda yong‘inda qolgan oilaning 9 a’zosi qutqarib qolindi

Foto: Daryo

Andijon shahridagi ko‘p qavatli uylarning birida sodir bo‘lgan yong‘inda bir oilaning 9 nafar a’zosi va mehmonlar qutqarib qolindi. Bu haqda «Daryo» muxbiri Umidjon Mamarasulov xabar bermoqda.

Andijon viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining Ommaviy axborot vositalari va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qilish guruhi inspektori Azizbek Yarqulovning ma’lum qilishicha, joriy yilning 2 fevral kuni soat 10:10 da Andijon viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi navbatchilik qismiga Andijon shahar «Paxtakor» mahalla fuqarolar yig‘ini Chinobod ko‘chasidagi 10-uyning 15-xonadonida yong‘in sodir bo‘layotganligi to‘g‘risida xabar kelib tushgan.

— Kelib tushgan xabarga asosan Andijon shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari mayor M.Usmonov boshchiligidagi jangovar ekipaj ko‘rsatilgan manzilga yetib borgan vaqtda xonadon derazasidan qalin tutun chiqib, uy ichi alangada qolgan edi, — deydi Azizbek Yarqulov.

Holatni to‘g‘ri baholagan bo‘linmaning yarmi yong‘inni o‘chirishga va qolgan qismi esa xonadon ichida bo‘lgan fuqarolarni avtonarvon orqali qutqarishga kirishadi. Tez orada yong‘in yong‘in o‘chiruvchilarning sa’y-harakati bilan o‘chirilib, uy ichida bo‘lgan 9 nafar xonadon egalari va mehmonga kelgan fuqarolarning hayoti qutqarib qolinadi.

Sodir bo‘lgan yong‘inda xonadonning taxminan 30 kv.metr pol qismi va uy-ro‘zg‘or buyumlari yonib zararlangan. Mazkur holat yuzasidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv ishlari davomida yong‘in xonadondagi elektr simlarining qisqa tutashuvi oqibatida kelib chiqqanligi aniqlandi.

Hozirda tergov surishtiruv ishlari davom etmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring