Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Andijonda bloger kaltaklanishi yuzasidan surishtiruv o‘tkazilmoqda — IIB

Andijonda bloger kaltaklanishi yuzasidan surishtiruv o‘tkazilmoqda — IIB

Foto: blogerning sahifasidan

Kecha bloger Otabek Nuritdinov ijtimoiy tarmoqlar orqali Asaka tumanidagi «Xolid ibn Valid» jom’ye masjidi yaqinida spirtli ichimliklar do‘koni faoliyat ko‘rsatayotgani xususida xabar tarqatgani ortidan kaltaklanib ketilgani haqida ma’lum qilingandi. Ayni holat bo‘yicha Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi rasmiy ma’lumot tarqatdi.

Unga ko‘ra, dastlabki surishtiruv davomida spirtli ichimliklar bilan savdo qiluvchi do‘kon Asaka shahridagi «Xalilillo quvonchi» xususiy korxonasiga qarashli ekani aniqlangan. Shuningdek, do‘kon egasi Yu.D. kechaning o‘zida farzandlari A.X. va A.A.lar bilan birga O.Nuriddinovning farzandi davolanayotgan «Turttosh» ko‘chasidagi shifoxonaga borib, Otabek va uning onasi bilan suhbatlashgan. Ayni jarayonda Yu.D.ning o‘g‘li A.A. blogerning yuzga urib, tan jarohati yetkazganligi o‘z tasdig‘ini topgan.

Surishtiruv davomida Yu.D. va uning farzandlari O. Nuritdinovning yashash manziliga kelib, ichki ishlar organlari xodimlarini ro‘kach qilgani ortidan bu bilan uni qo‘rqitmoqchi bo‘lishgani ham aniqlangan.

Holat bo‘yicha Asaka tumani IIB tomonidan tergov oldi surishtiruv harakatlari davom etmoqda, deyiladi rasmiy ma’lumotda.

Yodga solamiz: mahalliy amaldorlar faoliyatidagi ehtimoliy korrupsion faktlar, budjet mablag‘larini o‘g‘irlash va talon-toroj qilish holatlari haqidagi chiqishlari bilan tanilgan O. Nurtdinov o‘tgan yilning 30 dekabr kuni favqulodda tezkorlik bilan o‘tkazilgan surishtiruv natijasida 15 sutka ma’muriy qamoq jazosiga tortilgandi. Blogerning jazoga tortilgani jamoatchilikda turli shubhalar uyg‘otgani, yaqinda Andijon viloyat hokimi matbuot kotibiga tegishli ekani aytilgan yozishmalar ijtimoiy tarmoqda tarqalishi esa o‘sha shubhalarga battar moy quyganidan boxabarsiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring