Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ulug‘bek Oripov

Ba’zan sukut haqiqatdan afzal bo‘lishi mumkin.

Alisher Qodirovga: «Bir yarim million so‘m maosh uchun ham minnatmi?...»

Alisher Qodirovga: «Bir yarim million so‘m maosh uchun ham minnatmi?...»

Foto:«BBC»

«Saviyasizlar haqida otashin nutq»

«Milliy tiklanish» partiyasi raisi Alisher Qodirov ziddiyatli shaxs. Yetakchining til va bayroq haqidagi otashin fikrlari safdoshlari qatori ko‘plab vatanparvarlarga moyday yoqdi. Shu bahonada partiya lideri o‘z obro‘sini ma’lum darajada ko‘tarib oldi.

Ammo... Uning o‘qituvchilar haqida bildirgan fikri nafaqat ta’limda mehnat qilayotganlar, balki oddiy kishilarning ham g‘azabini qo‘zg‘atdi.

Iqtibos: «Bugun xalq ta’limiga 10 trln. so‘m mablag‘ni yo‘naltiryapmiz. Shundan 1.7 trln. so‘m qurilishga ketyapti. Balki biz saviyasiz o‘qituvchilarga maosh berishga ko‘p pul sarflayotgandirmiz, balki ko‘proq mablag‘ni maktablar qurishga sarflarmiz?»

Bir narsa aniq: bugun maktablarda ishlayotgan o‘qituvchilarning hammasini zo‘r, bilimli deya olmaymiz. Ammo masalaning asosiy joyi shundaki, zo‘r ham, g‘o‘r ham bir yarim million (dars soati va hududiga qarab 2-2.5 million so‘m) maosh olishga majbur bo‘lmoqda. Ayrim o‘qituvchilarning maoshi esa bir millionga ham yetmaydi. Bundan xabaringiz bormi, janob Qodirov? Qishloqdaku, qo‘shimcha tirikchilik evaziga chidab yurishibdi, shaharlarda esa ta’lim deyarli ayollarga qolib ketgan, ular ham ro‘zg‘orda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lmagani sabab, past maoshga rozi bo‘lib ishlashadi.

Xalq pulini «saviyasizlar»dan himoya qilishga bel bog‘lagan deputat avvalo o‘qituvchilarning munosib oylik olishi haqida gapirishi kerak edi. O‘zbekistonda o‘qituvchi oyligi raqobatbardosh (masalan, o‘sha orziqib kutilayotgan ming dollar) bo‘lsa, sarakni sarakka, puchakni puchakka ajratish haqida gapirsa bo‘ladi.

Saviyalilarni ham ushlab qololmayapmiz

25 yashar Farhod Sharipov Xitoyning yirik shaharlaridan birida ishlaydi. Kasbi —o‘qituvchilik. Maxsus ingliz tili kurslarida yosh bolalarga dars beradi. Topish-tutishi yomon emas. Barcha xarajatlardan ortib, pul yig‘ish, davolanish xarajatlariga ham yetadi.

U olis qishloq maktabida ishlab yurgan vaqtida 1.5 million so‘m maosh olardi. To‘g‘ri, qo‘shimcha kurslar ochib pul topish mumkin, ammo o‘quvchilar bunga quntsiz. Arzimagan oylikni kutish joniga tegib, birinchi imkoniyatdayoq, xorijga ketdi.

O‘zbek ta’limi. jamiyati har kuni shunday yo‘qotishlarga uchramoqda. Sababi aniq: past maosh va qiyin kasb...

«Bir yarim stavka ishlayman, biroq...»

Biologiya o‘qituvchisi Shahzod Rashidovning xorijga ketaman deb ko‘p ham ko‘zi uchayotgani yo‘q. Ammo O‘zbekistonda, ayniqsa Toshkentda soat sayin oshayotgan narxlar uni shunga undaydi. U magistraturada tahsil oladi, Mikrobiologiya institutiga kirishga hujjat topshirgan, kamiga maktabda 1.5 stavka dars beradi. Ilmning ketidan quvgani quvgan.

Ammo... Shu ilmni deb chekilgan zahmat kundalik xarajatlardan ortmaydi. Natijada, ko‘zni shart yumib, ingliz tili mashg‘ulotlariga qatnay boshladi. Niyat magistraturani tugatiboq rivojlangan davlatlardan biriga «surish».

Kuchlilar ketgan, sabrlilar ishlamoqda

Ha, shunday. To‘g‘ri, oxirgi yillarda ahvol ancha o‘nglandi. O‘qituvchi qog‘ozbozlik va majburiy mehnatdan qutildi. Ammo bu hammasi zo‘r degani emas.

O‘qituvchilarning maoshiga qo‘shilayotgan foizlar, ustamalar va boshqa raqamlar bizga vahimali bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Poytaxtda ishlovchi o‘qituvchilarning ma’lumot berishicha, sinf rahbarligi uchun beriladigan summa o‘rtacha 250-300 ming so‘mni tashkil etadi. Yilda 3-4 marta mukofot olish huquqi bor. Biroq, bular ham shiddat bilan oshib borayotgan narxlar va shafqatsiz bozor iqtisodiyoti sharoitiga dosh bera olmaydi.

Xotima

«O‘qituvchilik eng qimmat kasb bo‘lishi kerak. Bunga faqat raqobat bilan erishish mumkin. Raqobat saviyali va saviyasiz o‘qituvchini ko‘rsatib beradi» — deya munosabat bildiribdi Alisher Qodirov. Haq gap. Lekin bu kasb qimmatlilikka erishi uchun mamlakat yuksak ilmiy taraqqiyotga erishishi lozim.

Shu o‘rinda bir taklifni o‘rtaga tashlamoqchiman: o‘qituvchilar maoshi sezilarli miqdorda oshirib, korrupsiyadan xoli attestatsiya tizimi ishga tushishi kerak. Yaxshi o‘qituvchi ko‘proq, yomon o‘qituvchi kamroq maosh olishi ta’minlansa, ta’limda haqiqiy jonkuyarlar qolishi, «kurmaklar»ning chetlashishi  ehtimoli oshadi. 

Maoshlar «belni sindirmaydigan» bo‘lishi shart. Ungacha o‘qituvchilarni elakdan o‘tkazish masalasi hozircha «yopishmay» turaveradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring