Alisher Navoiyga to‘rtta qabr nega kerak edi?
Do‘stining kutilmaganda vafot etishi uning uchun shunchalik oir musibat bo‘ldiki, uzoq vaqtgacha o‘ziga kelolmay yurdi. 1501-yil 3-yanvardan 6-yanvargacha esa marhumning uyida aza tutib o‘tirdi. Barcha ma’rakalarga o‘zi bosh bo‘ldi. Uning uchun shundan keyin Hirotdagi eng tabarrruk ziyoratgoh qadamjo ham Sari Puli Injil jome masjidi hovlisidagi qabr bo‘lib qoldi. Zero, bu maskanga buyuk mutafakkir Mir Alisherbek Navoiy hazratlari dafn etilgan edi.
Qadim Hirotning xushmanzara Muxtor tog‘ yon bag‘rida joylashgan Musallo (Namozgoh)da Xuroson hukmdori Husayn Boyqaro ko‘plab me’moriy obidalar bunyod qildirgan. Ularning aksariyati Mir Alisherbek hazratlari boshchiligida barpo etilgan. Bu joylar Navoiy uchun qadrdon go‘shaligining boisi, Musaffo atrofidagi Baliqli bulog‘i yonida amakisi Haydarbekning hovlisi bo‘lib, u yoshligidan ma’rifatli amakisi bilan suhbatlashgani tez-tez kelib turardi. Vaqt o‘tib, Xuroson davlatida muhrdor, amir va hokim darajasiga yetishgach esa, bor boyligiga bir qator inshootlar barpo ettirdi.
Ayniqsa, Musallodek so‘lim joyda Navoiy hazratlari masjide jome, «Shifoiya» shifoxonasi, «Dor ul-xuffoz» (qorilar) madrasasi, «Safoiya» hammomi, Injil arig‘i yoqasida esa «Xalosiya» xonaqohi hamda «Ixlosiya» madrasasini tiklatgan edi.
Qolaversa, umri o‘tgani sayin Navoiy mahzun xayollar og‘ushida yuradigan bo‘lib qoldi. O‘zi «Mahbub ul-qulub» asarida yozganidek, «Bu xoksor va parishon ro‘zg‘or kamina bolalikdan to qarilikka qadar, ko‘hna davron voqealaridan, aylanuvchi osmon hodisalaridan, fitna qo‘zg‘ovchi buqalamunligidan, tovlamachiligidan, zamonaning rang singari gunogunligidan ko‘p vaqt va uzoq muddat har xayol va taraddudlar bilan ovora bo‘lib yurdim...»
Ana shunday «taraddud»lardan biri, issiq jon emasmi, qolaversa, o‘limini bo‘yniga olmagan musulmon emas, deganlaridek, o‘ziga qabr tayyorlatish bo‘ldi. Alisher Navoiyning o‘ziga hayotligida qabr tayyorlatishi zamondoshlarini hayratlantirgan, ba’zilari esa bu holning sababini tushuna olmagan ham. Negaki, mutafakkir shoir o‘ziga Hirotning Rizaviya bog‘i hovlisida, Abdulla Ansoriy mozorida, Sa’didin Qoshg‘ariy mozorida va o‘zi soldirgan Sari Puli Injil masjidi jome hovlisidan qabr tayyorlatib qo‘ygan edi. Navoiyning to‘rtta joydan o‘ziga qabr tayyorlatgani, hatto Abdurahmon Jomiyni ham tajjubga solgan.
O‘sha davrda yashab ijod etgan Faxriddin Ali Safiyning «Latoif ut-tavoif» asarida yozilishicha, ba’zilar Jomiyga Alisherbekning qabr tayyorlatib qo‘yganini aytib berishganida, u «Mir Alisher bu qabrlarning qaysi birida yotmoqchi ekan o‘zi», deya mutoyiba ham qilgan ekan.
Tabiiyki, Navoiyning qabr tayyorlatgan maskanlari hirotliklar uchun eng tabarruk joylar edi. Xoja Abdulla Ansoriy «Piri Hirot» deya dovruq taratgan peshvo bo‘lib, ko‘plab hirotliklar o‘sha maskanga dafn etilishini vasiyat qilardilar. Rizaviya bog‘i ham Hirotdagi eng muqaddas joy hisoblangan. O‘z vaqtida naqshbandiya xojalarining xalifasi bo‘lgan Mavlono Sa’daddin Qoshg‘ariy mozori ham tabarruk maskan edi.
To‘rtinchi qabr tayyorlangan joy «Sari Puli Injil» masjidi jome hovlisi ham Navoiyning tez-tez tashrif buyurib turadigan qadamjolaridan bo‘lgan. Umuman olganda, Navoiy hazratlari mo‘min musulmon banda sifatida qayerga borsa, eng avvalo, tabarruk qadamjolarni ziyorat qilardi. Hirotdagi o‘ziga qabr tayyorlatgan joylar ham Navoiy hazratlari muntazam ziyorat qilib turadigan maskanlardan bo‘lgan. Hatto, Alisherbek hajga boraverishi ortga surilaverib, islomning beshinchi farzi armonga aylanajagini anglagach, do‘sti Husayn Boyqarodan Xoja Abdullo Ansoriy ziyoratgohining jorubkash (supuruvchi)ligini ham so‘rab olgandi. Navoiy bu qadamjoga kelib, Ansoriy maqbarasi atroflarini supurib ketardi. Keyinchalik esa mazkur ziyoratgohda xonaqoh qurdirib, tevarak atrofni yana ham obod qildi.
1501 yil 3 yanvarda Navoiy vafot etgach, qarindosh-urug‘lari – akasi Bahlulbek, uning o‘g‘li Amir Kamoliddin Sulton Husayn, ukasi Darveshalibek, Hasan Ali Jaloyir va boshqalar uni Sari Puli Injil masjidi hovlisidagi oldindan o‘zi tayyorlatib qo‘ygan qabrga dafn etadilar. Keyinchalik Navoiy dafn qilingan masjidi jomeni hirotliklar «Qudsiya», ya’ni muqaddas joy deya ataydigan bo‘lishdi.
Umid Bekimmetov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter