Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Baxtiyor Sheraliyev

Muammodan qutulish uchun undan qochish emas, uni hal qilish kerak!

9-sinflar uchun yangi biologiya darsligi nashrdan chiqdi. Lekin u chindan ham yangimi?

9-sinflar uchun yangi biologiya darsligi nashrdan chiqdi. Lekin u chindan ham yangimi?

Foto: «smapse.ru»

Kuni kecha bir tanishim 9-sinflar uchun Biologiya darsligining 2019-yilda chop etilgan «qayta ishlangan va to‘ldirilgan 5-nashri» chiqqanini aytib, darslikning PDF formatdagi elektron versiyasini telegramdan yubordi.

Darslikni ko‘rib chiqar ekanman u yerda deyarli hech qanday yangi narsa ko‘rmadim. Kitobda o‘zgarishlar bor, lekin bu o‘quvchi foydasiga deb ayta olmayman. Darslik 494 082 nusxada chop etilgan. Mualliflari o‘zgarmagan. Darslikni varaqlab qarasangiz o‘zgarishlarning aksariyati kosmetik o‘zgarish ekanligiga guvoh bo‘lasiz. Har to‘rt yilda chop etiladigan, mualliflar iddao qilishicha «qayta ishlangan va to‘ldirilgan» yangi nashrda bugungi fan yangiliklari umuman joy olmagan, mavjud ma’lumotlar yangilanmagan, kamida xatoliklar ham talaygina.

To‘g‘risi, darslikni varaqlar ekanman, salkam 500 ming nusxada chop etilgan ushbu darslikni ko‘rib davlatning sarflagan puliga achindim. Darslik haqida fikrlarimni batafsil tahliliy maqola ko‘rinishida ifodalashni niyat qilib qo‘ydim.

Hozirda darslikning ekspertizasi bilan shug‘ullanmoqdaman. Ishonasizmi, har bir mavzusida ilmiy jihatdan kamchiliklar va xatoliklar chiqmoqda. Ular bir-ikkita emas! Mana nima uchun bizning biologlar xalqaro biologiya olimpiadalarida o‘rin olmaydi, mana nima uchun bizning biologlar hamon o‘tgan asr biologiyasi qobig‘ini yorib chiqib keta olmayapti.

Xullas, hozircha hukmingizga darslikdagi bir-ikkita kamchiliklarni havola qilaman. Agar Siz ham shunga o‘xshash kamchilik va ilmiy xatoliklarni payqasangiz iltimos, @hujayrauz_bot orqali menga xabar bering. Siz ko‘rsatgan kamchiliklarni yoziladigan tahliliy maqolada ishlataman. Maqolani xudo xohlasa Xalq ta’limi vazirligining maxsus nashri «Ma’rifat» gazetasi chop ettiramiz.

9-sinf darsligida uchragan kamchilik va ilmiy xatoliklardan namunalar:

Darslikning 4§ 13-betida prokariot organizmlar amitoz bo‘linish yo‘li orqali ko‘payishi aytilgan. Vaholanki prokariot organizmlar teng ikkiga bo‘linish yo‘li bilan ko‘payadi. Amitoz bo‘linish va teng ikkiga bo‘linib ko‘paysh alohida-alohida jarayon, bu haqida quyidagi maqolada batafsil yozganman.

Xuddi mana shu paragrafning 15-16 betlarida ko‘k-yashil suvo‘tlarini o‘simliklar olamiga mansub deb ketilgan. Bu ilmiy jihatdan kamchilik emas, balki katta xatodir! Boisi ko‘k-yashil suvo‘tlar deb nomlanadigan organizmlar bakteriyalar dunyosiga mansub sianobakteriyalar deb nomlangan alohida tip hisoblanadi. Ular hech qanaqasiga o‘simliklar olamiga mansub emas. Nahotki darslik mualliflari bu haqida bilmasa?!

Darslik 2019-yilda chop etilganidan keyin undagi ma’lumotlar mavzuga oid eng so‘nggi raqamlar, ma’lumotlar asosida bayon etilishi lozim. Masalan, darslikning 6§ 19-betida Zamburug‘lar haqida yozilayotganida ularning 100 000 ga yaqin turi mavjud deb yoziladi. Vaholanki, 2017 yilda xalqaro mikologlar jamiyati zamburug‘larning yer yuzidagi kashf etilgan soni 120 000 ga yaqin deb ko‘rsatadi. Ayrim darslik mualliflari biologiyada raqamlar muhim ahamiyatga ega emas deb o‘z ayblarini xaspo‘shlamoqchi bo‘ladilar. Raqamlar muhim bo‘lmasa, unda nima sababdan darslikni davlatning milliardlab pulini sarflab qaytadan chop etdingiz?

Darslikning 9§ 30-betida hujayra nazariyasi haqida ma’lumot beriladi. Darslik mualliflar hozirgi zamon hujayra nazariyasi nechta ekanligi, ularda nimalar yozilganligini o‘qib ham ko‘rishmagani yaqqol seziladi. Men bu haqida alohida yozaman. Zamonaviy hujayra nazariyasi 7 ta banddan iborat va buni butun dunyo tan olib bo‘lgan, bizning darslik mualliflariga bu narsa hali yetib kelmagan ko‘rinadi.

Darslikning 13§ 41-sahifasida yozilgan quyidagi ilmiy xato ma’lumotni mualliflar qanday oqlashar ekan hayronman. «Mitoxondriyalar yarim avtonom organoid bo‘lib ularning membranalararo bo‘shlig‘ida DNK, RNK va ribosomalar bo‘ladi». Ushbu gapda nima xato ekanligini payqadingizmi? Agar sezmagan bo‘lsangiz o‘zim aytaqolay, mitoxondriyaning membranalararo bo‘shlig‘ida hech qanday DNK, RNK yoki ribosoma bo‘lmaydi. Ushbu molekula va organoid mitoxondriyaning ichki membranasi ichida joylashadi.

Xullas, bunday xato va kamchiliklar hali juda-juda bisyor. Men ularning har birini alohida-alohida qayd etib boryapman. Ekspertiza yakuniga yetgach, albatta bu haqida darslik mualliflari, taqrizchilar, darslikni chop etishga ruxsat berganlardan hisob so‘raymiz. Zero, mamlakatda millionlab o‘quvchilar xato, eski, kamchiliklarga to‘la ma’lumotlarni o‘rganishi, shu xatolikni to‘g‘ri deb OTM kirish imtihonlarida testlar ishlamasligi kerak. Aks holda hali uzoq vaqt biologiya sohasida so‘nggi vagonda qolaveramiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring