Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni, haqiqatdan o‘zga hech narsani…

Elektr va gaz narxini belgilashda yangi tizim joriy qilinadi

Elektr va gaz narxini belgilashda yangi tizim joriy qilinadi

Foto: «Xabar.uz»

Elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlarini belgilashda «ijtimoiy norma» tizimi butun mamlakat bo‘ylab joriy qilinadi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish, Moliya hamda Energetika vazirliklarining qo‘shma bayonotida aytilishicha, bu borada tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasi yaqin kunlarda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi. Jamoatchilikning barcha takliflari ko‘rib chiqiladi.

Bu nima degani?

Eng avvalo energiya resurslari bozor narxiga o‘tadi. Ammo bu davrda aholining kam ta’minlangan va past daromadli qatlami manfaatlari ijtimoiy himoya qilinadi. Jumladan, pensiya va bolalari uchun nafaqa oluvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida qo‘shimcha chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Ta’kidlash joizki, davlat tomonidan energiya resurslari narxlarini «shartli subsidiyalash» amaliyoti saqlab qolinadi. Biroq, «shartli subsidiyalar»ni taqsimlashda ijtimoiy himoya samaradorligini oshirish maqsadida «ijtimoiy norma» tizimi butun respublika bo‘yicha amalga kiritiladi.

Ijtimoiy norma nima degani?

Energiya iste’mol qilishning ijtimoiy normasi sifatida aholi tomonidan imtiyozli tarif bo‘yicha to‘lanadigan ma’lum miqdordagi energiya tushuniladi. Ya’ni, muayyan belgilangan miqdorgacha nisbatan pastroq (imtiyozli) narxda sotiladi va bu miqdordan oshig‘i erkin bozor narxida sotiladi.

Shartli subsidiya nima degani?

Elektr energiyasining 1 kVt soatining tannarxini 800 so‘m deb olsak, bu energiya aholiga tannarxidan ancha arzon narxga, ya’ni bugungi kunda 295 so‘mdan sotiladi. Yetmagan qismi davlat budjetidan qoplanadi.

Shunda bir oyda o‘rtacha 200 kVt soat elektr energiyasi ishlatadigan xonadon oyiga 101 ming so‘m, 400 kVt soat elektr ishlatadigan xonadon esa 202 ming so‘m miqdorida davlatdan shartli subsidiya olmoqda.

Misol uchun: bir paytning o‘zida 2-3 ta konditsioner, bittadan ortiq muzlatkich, kompyuter va boshqa elektr jihozlaridan foydalanuvchi, ya’ni to‘lov qobiliyati yuqori xonadonlar mos ravishda ko‘proq elektr energiyasini sarf qiladilar. Natijada ushbu xonadonlar ko‘proq shartli subsidiya olmoqdalar. Xullas, boylar ko‘proq foyda qilyapti, kambag‘allar kamroq. Elektr energiyasi umuman yetib bormagan yoki chiroq ko‘p o‘chadigan joydagi aholi esa umuman foyda qilmayapti. Ammo ular ham budjetga soliq to‘laydi, ya’ni davlatning zararini qoplash uchun mehnat qiladi.

Elektr energiyasi iste’mol qiluvchi jami 7,3 mln abonent mavjud. Ularning 80 foizi oyiga o‘rtacha 200 kVt soatgacha elektr energiyasini iste’mol qiladi. Lekin, mazkur xonadonlarning hissasiga aholi iste’mol qiladigan jami elektr energiyasining bor-yo‘g‘i 31 foizi (5,7 mlrd kVt s) to‘g‘ri keladi.

Bu nima beradi?

Bayonotda aytilishicha, energo resurslarni rentabelli, ya’ni foyda keltiradigan narxlarda sotish sohaga xususiy investitsiyalarni jalb qilishga yordam beradi, bu esa kelajakda yangi quvvatlarni yaratish, aholini uzluksiz va sifatli energiya bilan ta’minlashning birdan-bir yo‘lidir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring