Mantiqsiz qarorni o‘ylab topish oson, uni bekor qilish qiyin
Jurnalist Aziza Qurbonova yaqinda o‘z kanalida xorijdan uchib kelayotgan yo‘lovchilar to‘ldirayotgan mantiqsiz majburiyatnoma haqida yozgan edi.
Kuni kecha Qozog‘istondan qaytganimda bizga ham shunaqa qog‘ozni to‘ldirishga berishdi (rasmi ilova qilindi).
Buni kim o‘ylab topganini bilmadimu, lekin g‘irt bema’nilikdan boshqa narsa emas.
Birinchidan, qog‘oz koronavirusni tarqashiga sababchi bo‘luvchi eng katta vositalardan biri. Butun dunyo pandemiya sharoitida qog‘ozdan voz kechayotgan bir paytda, bizda qog‘ozga boshqorong‘u bo‘lgan byurokratlar butun samolyotga virus tarqashiga sababchi bo‘ladigan ishni qilishibdi.
Ikkinchidan, bu qog‘ozni to‘ldirish uchun ruchka kerak, lekin u hammada ham yo‘q. Noiloj bitta ruchkani hamma bir-biridan olib, to‘ldiryapti. Virusni butun samolyotga osongina tarqatish uchun yana bitta sabab.
Uchinchidan, bu qog‘ozga muhr (pechat) urdirish kerak ekan. Samolyotdan tushgan yuzlab insonlar bitta darchaga borib, pechat kutib turibdi. Shunaqangi to‘polon va zich navbatki, asti qo‘yaverasiz. Kimdadir virus bo‘lsa, bemalol yuz kishiga yuqtirishi uchun yana bir nuqta.
To‘rtinchidan, bu mantiqsiz majburiyatnomadagi hamma ma’lumot shundoq ham bazada bor-ku. Kim qaysi reysda qayerdan uchib keldi, ularning pasport ma’lumoti qanaqa, yashash joyi, kerak bo‘lsa telefon raqamigacha bor-ku, nima uchun uni yana qayta yozib berish kerak, tushunmadim.
Beshinchidan, majburiyatnomada xorijdan kelganlar 14 kun uyidan yoki mehmonxonadan chiqmasligi kerakligi aytilgan. Qayerda yozilgan bu qoida? Qachon e’lon qilingan? Haliyam kuchidami? Kim amal qilyapti? Shu qoidani o‘ylab topganlarni o‘zi ham amal qilmaydigan qoidani aytish uchun shuncha byurokratiya shartmi?
Xullas, bu majburiyatnomani o‘ylab topgan va amalga kiritganlar virus odamlar orasida ko‘proq tarqalishini xohlashyaptimi, nima balo. Ayni bugun mamlakatda ommaviy tadbirlar bemalol o‘tkazilayotgan bir paytda bu kabi mantiqsizliklarga chek qo‘yish kerak.
Yoki katta miqdorda qog‘ozga chop etib qo‘yishganu, endi toki o‘sha qog‘oz tugamaguncha yozdiraverasizlarmi?
Bu majburiyatnoma bizning jamiyatda juda ko‘p uchraydigan holatga yaqqol misol bo‘la oladi: mantiqsiz qarorlar osongina chiqariladi, lekin uni bekor qilish uchun ko‘pchilik uzoq kurashishga to‘g‘ri keladi. Doim shunaqa bo‘lgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter