Harbiy tavsiyanoma olganlarga imtiyozni qo‘llash tartibi qanday?
Ko‘pchilik shu savol bilan murojaat qilayotgani uchun aniq misol bilan tushuntirmoqchiman.
Harbiy xizmatda bo‘lib, Qo‘mondonlikning tavsiyanomasini olgan abituriyentlar uchun umumiy kvotaning 5 foizi miqdorida qo‘shimcha joy ajratiladi. Bunda joriy yilda:
- kunduzgiga - 5687 ta;
- sirtqiga - 1887 ta;
- kechkiga - 328 ta joy ajratilgan.
Batafsil kvota mana bu yerda.
Kvotalar OTMlar kesimida taqsimlangan.
Ko‘pchilik «yo‘nalishlar kesimida nechta joy borligini qanday bilsak bo‘ladi, axir raqamlar umumiy OTM uchun berilganku» deb so‘rashadi.
Yo‘nalishlar kesimida kvota bo‘linmaydi, umumiy OTM bo‘yicha hisoblanadi. Ammo unaqada yo‘nalishlar chalkashib ketmaydimi?
Keling, O‘zbekiston milliy universiteti misolida ko‘rib chiqamiz.
O‘zMU uchun harbiy tavsiyanomasi borlarga jami 179 ta qo‘shimcha o‘rin berilgan, shundan 43 tasi grant, 136 tasi kontrakt. Lekin O‘zMUda yo‘nalishlar juda ko‘p. Aytaylik, tarix va iqtisodiyot yo‘nalishiga topshirgan tavsiyanomalilar qanday qilib o‘zaro kuch sinashadi?
Buning tartibi quyidagicha:
➖ tushunish osonroq bo‘lishi uchun O‘zMUga 3 ta grant, 7 ta kontraktga, jami 10 ta joy berilgan deb tasavvur qilamiz;
➖ aytaylik O‘zMUga jami 40 nafar harbiy tavsiyanomasi bor abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tdi;
➖pastdagi 1-rasmga qarasangiz, 40 abituriyent turli yo‘nalishlarga topshirdi va har biri turlicha ball to‘pladi;
➖dastlab 40 abituriyentning ballari o‘zaro saralanadi;
➖O‘zMUga hujjat topshirgan tavsiyanomalilar orasida eng yuqori ball olgan 10 nafar abituriyent qo‘shimcha kvotaga qabul qilinadi (2-rasmda alohida rang bilan berilgan). Demak, ularning dastlabki uch nafari grantga, keyingi 7 nafari kontraktga olinadi;
➖qo‘shimcha kvotaga kira olmay qolgan 30 abituriyent o‘zining bali bilan umumiy, el qatori tanlovda ishtirok etadi, ya’ni bali yetsa kiradi, yetmasa kirolmaydi;
➖rasmga qarasangiz, imtiyozli kvotaga kirgan 10 nafar abituriyent turli yo‘nalishlarni tanlaganini ko‘rasiz. Agar bali ko‘proq bo‘lganda boshqa yo‘nalishdagilar imtiyoz asosida kirgan bo‘lardi.
Kvotalarning yo‘nalishlar kesimida emas, OTMlar uchun umumiy saralanishining tartibi shunday.
Afsuski qabulga oid qarorlarning bir mantiqqa zid joyi ham bor. 4-10-o‘rinda kontraktga kirgan harbiy tavsiyanomalilarning bali umumiy kvotada budjetga yetishi ham mumkin edi.
Masalan, 4-o‘rinda turgan Usmon 141,1 ball to‘plab psixologiya yo‘nalishiga kontraktga kirdi. Ammo umumiy kvotada bu ball budjetga yetardi deb tasavvur qilamiz. Ya’ni agar Usmon tavsiyanoma olmaganda, u psixologiya yo‘nalishiga budjetga kirgan bo‘lardi. Lekin imtiyozlilarning bali avval alohida hisoblanishi tufayli u 4 yil kontraktda o‘qishga majbur bo‘ladi.
Boshqacha aytganda Usmon uchun imtiyoz foyda bermadi, aksincha zarar qildi.
Ehtimollar nazariyasi bo‘yicha shunaqa bo‘lishi mumkin. Qonunchilikdagi ushbu bo‘shliqni bartaraf etish, agar imtiyozli abituriyent o‘z kuchi bilan grantga kirsa, uni kontraktga o‘tkazmaydigan tizimni yo‘lga qo‘yish kerak. Shunda ham adolatli, ham mantiqiy yechim bo‘ladi.
Beshta yo‘nalishni tanlaganda, tavsiyanoma faqat 1-yo‘nalishga o‘tadi. 2 va undan keyingi yo‘nalishlarda qo‘shimcha kvota berilmaydi, umumiy tartibda tanlovda qatnashiladi.
Xullas, tartibi shunaqa. Qo‘shimcha kvota beradigan boshqa imtiyozlar (nogironlar, xotin-qizlar, ichki ishlar va harbiylarning farzandlari) ham mana shunday prinsipda hisoblanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter