Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tursunali Akbarov

Yig‘lab borma, ho‘ngrab chiqadi!

Bosh prokuraturada bir kun: «ichkari»da nima gaplar? (Ikkinchi qism)

Bosh prokuraturada bir kun: «ichkari»da nima gaplar? (Ikkinchi qism)

Foto: «Xabar.uz»

...Yaqin o‘tmishga tosh otaverish yaxshimas, albatta. Biroq o‘zgarishlar taqqoslarda yaqqolroq namoyon bo‘ladi-da. Shu ma’noda keyingi yillarda faoliyati yaxshigina elakdan o‘tgan prokuratura tizimining bugungi faoliyatini yaqin o‘tmishga qiyoslab (o‘rni kelsa, albatta) bayon qilmaslikning iloji yo‘q. O‘zgarishlar birinchi navbatda muomala-munosabatda namoyon bo‘layotganini hamma ko‘rib-bilib turibdi. Kecha qabuliga kirishning o‘zi mahol bo‘lgan tuman prokurori (yuqorirog‘ini qo‘yavering) bugun uyma-uy yurishi, oddiy odamlar boshqa mansabdorlar qatori «tirik» Bosh prokurorni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, arz-hol qilayotgani bor-yo‘g‘i ikki yil burun ertakning o‘zi emasmidi?

Bunday o‘zgarish-yangilanishlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan xalqchil siyosat, mamlakat rahbarining siyosiy irodasi hosilasi, albatta. Biroq yodda tutmoq kerakki, bir siyosiy tizimdan ikkinchisiga o‘tish hech qachon osonlik bilan amalga oshmagan. Bu jarayonning o‘ziga yarasha murakkabliklari bor. Inson omili bor joyda muayyan xato va kamchiliklar «aji-i» deb chiqaveradi. Bundan hech qaysi tizim mustasno emas.

Endi sal pastroqqa tushib, Bosh prokuraturada o‘tgan kunimizning bayoniga qaytsak.

Yuqorida munosabat haqida gapirdik. Bu avvalo nimada yaqqol ko‘rinyapti? Ommaviy axborot vositalariga nisbatan munosabat o‘zgarganida. Zero, busiz iloji yo‘q: tizimning nechog‘liq ochiqligini bildiruvchi eng samarali vosita ham shu. Bosh prokuraturaning Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy targ‘ibot bo‘limi (ayni paytda Matbuot xizmati) faoliyati haqida yozmishimizning o‘tgan qismida bir oz to‘xtalib o‘tdik. Takrori shart bo‘lmasa kerak. Biroq ta’kid shartki, mazkur bo‘lim mudom jamoatchilik e’tiborida («bosimi ostida» desak mubolag‘a bo‘ladimi?) turadi. Mahkamaning «yuzi» ham shu bo‘lim. Bo‘limda besh nafar xodim faoliyat yuritadi, bitta inspektor lavozimi — vakant.

Faoliyatimiz sabab bu bo‘lim bilan ilgari ham ko‘p va xo‘p to‘qnash kelganmiz. Tajribamizdan kelib chiqib aytsak, jurnalistlarning axborot olish huquqi aynan shu yerda buzilardi ko‘proq. G‘alati tartibi bor edi-da. Ya’niki, muayyan masalada axborot olish uchun albatta rasmiy xat bilan murojaat qilish shart edi. Xat devonxonada qayddan o‘tib, to tegishli rahbarning stoliga yetib, nihoyat, imzo chekilib, shu bo‘lim mutasaddisi qo‘liga tushishining o‘zi ikki kundan kam vaqtni olmasdi. Bo‘lim rahbari uni o‘rganib, javob yozib, boz o‘zidan kattarog‘idan tasdiqlatib, muxbirga ma’lum qilinishiga ketadigan fursatni-ku, aytmang. Bu jarayonda so‘ralgan masalaning dolzarbligi yo‘qolib-yitib ketishi-chi?!

«Yopiqlik»ning ko‘z ilg‘amas belgilaridan biri ham shu-da.

Buyam mayli, bir safar qiziq holat bo‘lgandi deng. Ikki yarim yil avval edi, chamasi. Siyosiy gazetada rizq terib yurgan paytimiz. Bo‘limning o‘sha paytdagi boshlig‘i «iltimos» qildiki, bitta maqola bor, shu gazetangizda chiqishi kerak, srochno!.. Xo‘p, muammo yo‘q. Biroq matn talabga javob bermagani sabab boshqatdan yozishga to‘g‘ri keldi. Va... «o‘qib berishlari» uchun yana o‘zlariga yuborildi (ehtiyot shart). Gazetaning yangi soni tayyor, bosmaxona ikki oyoqni bir etikka tiqib turibdi, matndan esa darak yo‘q. Qo‘ng‘iroq qilishga majbur bo‘ldik: kutib qoldik, matnni tezroq o‘qib beringlar... Go‘shakni ko‘targan yigitning gapi hamon quloq ostida jaranglaydi: «Rasmiy xat bilan murojaat qiling...»

Bugun bunaqa tartib yo‘q. Guvohi bo‘ldik: qo‘ng‘iroqlar tinmaydi, tarmoq orqali yozayotganlar qancha? Murojaat qilayotgan hamkasblarimizdan rasmiy xat so‘rash yo‘q, shaxsi, maqomi, hatto akkreditatsiyadan o‘tgan-o‘tmagani bilan ham qiziqilmaydi. Falon nashrdan falonchiman deyilsa, bas. So‘rovi o‘rganilib, iloji boricha tez javob beriladi. Qisqasi, axborot vaqtida taqdim qilinadi, unda mahkamaning pozitsiyasi mujassam. Tamom. Murojaatiga javobni olgan jurnalist uni qanday yozadi, voqelik yoki holatni qanday talqin qiladi bu — uning o‘ziga havola, kasbiy salohiyati va mahoratiga bog‘liq. Yoqsin-yoqmasin, buning uchun («jurnalist nega bunaqa yozdi-i?») bo‘lim boshlig‘i rahbariyat tomonidan «oborib-olib kelinmaydi»! Ilgari biror nashrda tanqidiy maqola chiqqani uchun kaltak bundan butkul bexabar bo‘lgan bo‘lim boshlig‘ining boshida ham sinardi (kulgili-a?). Boz maqolada ko‘tarilgan muammo qolib, uni yozgan jurnalist shaxsi ko‘proq «o‘rganilgani»-chi?! Matbuotning  avvalgi abgor holatiga (hozir ham maqtanishga tilimiz bormaydi rosti, bu endi bizning muammo) davlat organlarining shu va shu kabi munosabatining ta’siri yo‘q deysizmi?

Yana bir muhim holat: endilikda ommaviy axborot vositalarida chiqqan tizimga taalluqli maqola yuzasidan Bosh prokuraturaning munosabatini so‘rab murojaat qilishga ehtiyoj qolmayapti tobora. Chunki mahkama matubot xizmati barchasidan boxabar: bosma nashr deysizmi, internet-saytlarimi, hattoki ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan fikr-mulohazalar e’tibordan chetda qolayotgani yo‘q. Xodimlar erta tongdanoq hammasini jamlab, tartiblab, qisqacha izohi bilan rahbariyatga yetkazadi. Qisqa fursatda tegishli «fishka» bilan chiqqan «bildirgilar» topshiriqqa aylanib, bo‘lim va boshqarmalarga tarqatiladi va nazoratga olinadi. Ayrim «sensatsion» xabarlar-ku zudlikda o‘rganib, bayonot berishni talab etadiki, buning uchun tunlar tongga ulanib ketishini ayniqsa,  internet-saytlarda faoliyat ko‘rsatayotgan hamkasblarimiz yaxshi biladi.

Bu o‘rinda asosiy  urg‘u ommaviy axborot vositalaridagi  xabar-maqolalardan «kattalar» bexabar emasligiga, ularni bexabar qoldirmaslikka qaratilmoqda. Bugungi davrda busiz iloj yo‘q, hazrat Navoiy lafzida aytilsa: «Erursen shoh, agar ogohsen sen, Agar ogohsen sen, shohsen sen!». 

Ularning ijro va natijalari-chi? Bu endi alohida mavzu. Ayni bayonlar ijro va natijalar haqida emas, balki mahkamaning Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi faoliyatiga kichik chizgi sifatida yozilmoqda.

Ommaviy axborot vositalari, umuman, jamoatchilik bilan ishlash osonmi? Hech-da. Jurnalist xalqiday qitmiri kam (ba’zan tan olib ham qo‘yaylik).  Tizim misolida aytsak, bir tomonida talabchan rahbariyat, ikkinchi tomonida, asosan, har gapini «ilib» olib, o‘ziga qarshi otishga shay jurnalistlar:  mutasaddining holatini tasavvur qilavering. Bu  mutasaddi  ko‘plarga tanish, shu-unchalar bayonlar oxirida ismini yana bir karra tilga olmasak bo‘lmas: adliya kichik maslahatchisi Surayyo Rahmonova.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring