Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sherali Otaboyev

Qo‘rqoqlardan qo‘rqaman.

Tatimayotgan shirinlik: shakar bozorida Rossiyaga qaramlik yuzaga kelmoqdami?

Tatimayotgan shirinlik: shakar bozorida Rossiyaga qaramlik yuzaga kelmoqdami?

COVID-19 pandemiyasi butun dunyoda ko‘pik kabi global miqyosdagi muammolarni yuzaga chiqardi, ulardan biri – oziq-ovqat xavfsizligidir.

Jahon hamjamiyati kuchlarni birlashtirgan holda COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurash muammosini hal qilishga urinmoqda. BMT bosh kotibi Antonio Guterrish 2020 yil 9 iyundagi «oziq-ovqat xavfsizligi tahlili to‘g‘risidagi xabarlar chop etilishi» munosabati bilan so‘zlagan nutqida «agarda, shoshilinch choralar ko‘rilmasa, oziq-ovqat borasida tobora yaqinlashib kelayotgan global favqulodda vaziyat yuzaga kelishi, bu esa o‘z navbatida, millionlab yosh bolalar va kattalar uchun uzoq muddatli yomon oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkinligi ravshanlashmoqda» deb alohida ta’kidladi.

COVID-19 pandemiyasi nafaqat tashvishli xabar, u kelgusida ehtimoli bor yanada xavfliroq sinovlarni yengib o‘tish uchun asosiy mashq maydoni hamdir. Pandemiya bizga juda ko‘p narsani tushunishga o‘rgatdi. Hozir biz nigohimizni kelajakka tikkan ekanmiz, yo‘lni to‘g‘ri tanlay bilishimiz kerak.

Jahon miqyosida pandemiya bilan bog‘liq muammo hali hal qilinmagan bo‘lsa-da, eng jasoratli iqtisodchi-mutaxassislar ham uzoq muddatlarga asqotadigan kafolatli taklif berishga botina olmayaptilar, berganlari ham xotirjam bo‘lishni va’da qilmayaptilar. Bugungi kunda mutlaqo aniq bo‘ldiki, oziq-ovqat xavfsizligi muammosi har doimgidan-da keskin tus oldi, u global qamrovga ega bo‘lib, endi uning yechimi uzoq muddatlarni talab qilmoqda.

Albatta, pandemiya ko‘rinishidagi baloni yengishimizga hech kim shubha qilmaydi. Masala shundaki, bu holat qachongacha davom etishi mumkin va muammoning yechimi bizga qanchaga tushishi mumkin?  Biron yil avval kimdir bizga shunday yashashga mahkum bo‘lasizlar, bugungi o‘rinlaringizni boshqasiga almashasizlar, deyishsa, illo ishonmas edik.

Shu o‘rinda, pandemiya mavzusida ishlangan va muvaffaqiyat qozongan «Avanpost» seriali yodga tushadi. Serial qahramonlaridan biri, yetarlicha o‘ziga boy kishi avtomobilini pachka-pachka pul bilan to‘ldirib, og‘ir oyoq xotini bilan pandemiyadan qochish maqsadida shimol tomon yo‘l oladi. O‘z manzilidan uzoqlashgan sayin u to‘qnash kelayotgan muammolar va dilxiraliklar soni ham ko‘payaveradi. Tabiiyki, ularni odatiga ko‘ra pul vositasida hal qilishga urinadi. Biroq, jamiyatni qamrab olgan alg‘ov-dalg‘ov holat, ochlik va izg‘irinda uning pullarini hech kim olmaydi ham, chunki, foydasiz ekanligini tushunishadi. Betob xotini uchun ming azobda topgan bir bo‘lak non bilan qand parchasi uchun u o‘zini baxtiyor his qiladi.

Filmdagi voqealar, albatta, kinochilar tomonidan o‘ta bo‘rttirib ko‘rsatilgan, biroq... Bugun biz o‘zimizni o‘tga-cho‘qqa urib topayotgan, g‘amlayotgan «bisotlarimiz, boyliklarimiz» navbatdagi kataklizm-halokat yoki dunyo hamjamiyatiga virus ko‘rinishida keladigan ofat ehtimoli sharoitida, yiqqan-terganlarimiz chaqaga ham arzimaydi. Eng muhimi, yegulik mahsulot va dori-darmon, ana shularning yo‘qligi haqida o‘ylashning o‘zi kishini butkul chorasizlikka, ruhiy tushkunlikka tushiradi.

Shu tariqa biz hamma narsaga tayyor bo‘lishimiz kerak, «A» rejamiz bor ekan, doimo «B» rejamiz ham bo‘lishi shart. Bo‘lib o‘tgan voqelikni e’tiborga olgan holda, bugun uzluksiz muhokama qilinayotgan va aytilayotgan oziq-ovqat xavfsizligiga erishish yo‘lida jiddiy ishlash vaqti kelgan. 

So‘nggi yillarda O‘zbekiston oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasida samarali chora-tadbirlarni amalga oshirdi. Bugungi kunda mamlakatimiz o‘z aholisining birinchi darajada zarur bo‘lgan, hayotiy muhim oziq-ovqat mahsulotlari, xususan, g‘alla, tuz, o‘simlik yog‘i, tuxum, shakar, kartoshka, meva, poliz va uzumga bo‘lgan ichki talabini to‘la qondirmoqda. Ulardan don va tuxumning 70 foizidan ziyodi, o‘simlik yog‘i, sut, kartoshka, sabzavot, meva, poliz ekinlari, uzum, tuz va shakarning 100 foizidan ortig‘i mahalliy ishlab chiqarish ulushiga to‘g‘ri keladi. Oziq-ovqat ta’minoti tizimining barqarorlik darajasi 85% dan yuqori. Bunday ma’lumotlar 2020 yilda o‘tkazilgan ixtiyoriy milliy so‘rovida ma’lum qilingan.

Qayd etish kerak, 2017-yilda «Xorazm-Shakar» va «Angren Shakar» korxonalari faoliyati bir qator sabablarga ko‘ra to‘xtatildi, bu esa boshqa mamlakatlar, xususan, Rossiya, Ukraina, Pokiston kabi mamlakatlardan valyutaga sotib olinadigan import shakarga to‘la yo‘l ochib berdi.

Ammo, davlat rahbariyati tomonidan amalga oshirilgan sa’y-harakatlar tufayli mahalliy shakar ishlab chiqaruvchilariga ma’lum imtiyozlar berilishi evaziga 2018-yilda strategik muhim mahsulot yana mahalliy shakar ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarilishi qayta yo‘lga qo‘yildi.

Bugungi kunda mahalliy shakar zavodlari, ularning norentabelligi sababidan tugatilishi va yopilishi xususida qizg‘in bahslar yana avjiga chiqqan. Albatta, bu borada xayrixohlar ham, qarshilar ham bor.

Ishlab chiqaruvchilar o‘z fikrlarining dalili sifatida: aprel oyidan e’tiboran 20 turdagi import mollarga, shu jumladan, shakar olib kiruvchilarga ham bojxona to‘lovlari va aksizi nol stavkada belgilangani sababli mahalliy shakar import shakar bilan raqobatlasha olmasligini ta’kidlamoqdalar.

Ayni vaqtda mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotiga esa yil boshidan ichki bozorda qat’iy ravishda birja savdolari orqali realizatsiya qilinishi talabi qo‘yilgan. Birja savdolaridagi mahsulotga barcha toifadagi xaridorlarga teng imkonlar berildi. Ishlab chiqarilgan mahsulotning umumiy hajmidan 10 foizigina ishlab chiqaruvchi ixtiyoriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar orqali olis qishloqlar, markazdan uzoqda joylashgan hududlardagi iste’molchilarga o‘z chakana tarmoqlari orqali sotish imkoni qoldirildi.

Ustiga-ustak, xaridorlar birjadan xarid qilish ko‘nikmalariga hali ega emas. Rossiya import shakariga esa xaridorga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xoh naqd, xoh pul o‘tkazish yo‘li bilan sotilishi imkoni berildi. Mahalliy ishlab chiqaruvchi esa xaridor bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish imkonidan mahrumdir. Oqibatda, yil boshidan mahalliy mahsulotning sotilishi keskin kamayib ketdi va soha bugungiday ayanchli holatga keldi.

Ularning muxoliflari – mahalliy shakar ishlab chiqarishni yo‘q qilish tarafdorlari esa zavodlar norentabelligini ta’kidlab, ayni vaqtda Rossiyadan arzon oq shakar sotib olish foydaliroq ekanligini aytishmoqda.

Qisqa muddatli foydaga ham, uzoqni ko‘zlagan istiqbolga ham dalil isbot topiladi. Xalqaro shakar tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston haqiqatan ham Rossiya import shakari hajmini keskin suratda oshirgan. 2020-yilning birinchi yarmida Rossiyadan O‘zbekistonga shakar yetkazib berish 214 ming tonnani tashkil etdi. Taqqoslash uchun: o‘tgan hisobot davrida bu ko‘rsatkich nolga teng bo‘lgan.

Rossiya import shakarining hajmi keskin oshishiga, o‘tgan yili bu mamlakatda rekord mo‘l xosil yig‘ib olingani evaziga shakar nihoyatda arzonlashgani sabab bo‘ldi. 2019 yilda qand lavlagisining yalpi hosili avvalgi yildagiga nisbatan 29 foizga oshdi, ya’ni 54,3 mln tonnani tashkil qildi. Shakar bahosining arzonlashishi va Rossiya zavodlariga ulangan qulay transport imkonlari bu davlatdagi shakar eksportchilariga O‘zbekistonga jo‘natilayotgan shakar hajmini keskin oshirish imkonini berdi.

Shunday qilib, O‘zbekiston shakar qamish xom ashyosini arzon baholarda sotib olib, uni o‘zida qayta ishlash imkoniyatlariga ega bo‘la turib, bu mavsumda Rossiyadan tayyor oq shakar olish foydaliroq deb bildi. Rossiyada shakar ishlab chiqarish oshib-toshishi oqibatida uning narxi tushib ketishi Rossiya kompaniyalari takliflari foydali deb topilishiga sharoit yaratdi.

Sugar.ru axborot portalining egasi Vadim Gomoz aytishicha: «Rossiyada hayratlanarli miqdorda ortiqcha mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Mamlakatning shakarga bo‘lgan talabi 6 million tonnani tashkil qilgani holda, uni 7.7 million tonna miqdorida ishlab chiqarmoqda. Ortiqchasi 1,7 mln. tonnani tashkil etyapti. Rossiya uchun 74 ta shakar zavodi ko‘pdir. Ularning sonini kamaytirish, eskirgan uskunalar va texnologiyalarga, ekologik talablarga zid keladigan, mehnat unumdorligi past bo‘lgan korxonalarga bozorning ob’yektiv qonuniyatlari asosidagi reaksiyasi deb qaralmog‘i kerak. Yaqin 10-15 yil ichida bu sohadagi yana 10 dan ziyod korxonaning tugatilishi kutilmoqda. Rossiya shakar bozorida mahsulotning haddan ziyod ortiqcha ishlab chiqarilishini ekspertlar mo‘’jizadan boshqa narsa emas deb baholamoqda».

RUSAGRO ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari va, xususan, O‘zbekiston Rossiya shakar yetkazib berish uchun eng jozibador manzil hisoblanadi. Avvalroq, guruh bosh direktori Maksim Basov agar Rossiya ortiqcha shakar ishlab chiqarsa, asosan O‘zbekistonga kiritilishini ta’kidlagan edi.

Hamkorlarning bunday optimistik prognozlari va bayonotlari, albatta, dalda beradi, yana shu narsa tushunarliki, ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlari uchun yangi bozorlarni topish va eskilarida pozitsiyalarini mustahkamlash uchun faol ish olib borishlari aniq. Biznes – bu biznes, biroq tanganing orqa tomonini tasvirlaydigan faktlar ham borligini unutmaslik kerak.

Nufuzli va obro‘li Forbes nashri «Shirinligi yo‘qolgan hayot. Qozog‘istonda shakar bozorining 85 foizini importchilar egallab oldilar» sarlavhasi ostida maqola chop etdi. Unda qishloq xo‘jaligi vaziri Saparxan Omarovning ma’lum qilishicha, yilning birinchi yarmi yakunlari bo‘yicha mahalliy kompaniyalar eksport va ichki bozorda realizatsiya qilingan mahsulot bilan qo‘shib hisoblaganda mavjud talabning 15 foizini qondira oldilar, bu ko‘rsatkich avvalgi shu davrda 47,2% bo‘lgan edi. Tegishlicha, import ulushi endi 85 foizni tashkil qiladi. Qozog‘istonga 238,9 ming tonna shakar kirib keldi. Bu o‘tgan yilning birinchi yarmidagi ko‘rsatkichdan 2,2 baravar ko‘p degani. Qozog‘istondagi shakar qamish shakarining umumiy hajmining 94,6 foizi, ya’ni 271,3 tonnasi MDX davlatlaridan kirib keldi. Bu o‘tgan yildagiga nisbatan 2,1 marta ko‘pdir. Asosiy importchi Rossiya davlati bo‘ldi.

Oziq-ovqat xavfsizligining yetarli darajada ta’minlanmasligi mamlakatning boshqa davlatlarga qaram bo‘lib qolishiga sabab bo‘lishi, oxir-oqibat yetkazib beruvchi davlatning o‘z mahsuloti narxlarini oshirib borishiga, kerak bo‘lsa, bu baholarni monopolistlarcha amr etishiga olib kelishini anglash uchun katta aql shart emas.

Qozog‘iston shakar, oziq-ovqat va qayta ishlash sanoati assotsiatsiyasi hozirgi vaziyatdan xavotirda va ochiqdan ochiq bong urib, aytmoqdaki: Qozog‘iston shakar sanoatini qayta jonlantirish haqida o‘ylashi kerak (ayni vaqtda Qozog‘istondagi 7 ta shakar zavodidan 3 tasi to‘xtatilgan).

Qo‘shni Turkmanistonda aholiga oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, shakar ham talon bilan berilayotganini eshitgan bo‘lsangiz kerak. Yaqinda ommaviy axborot vositalari Tojikistonda ham shakar narxi keskin oshgani xabarini tarqatdi.

Qo‘shnilarimizning ayanchli tajribasini inobatga olib, O‘zbekistonda shakar ishlab chiqarishni saqlab qolish, shuningdek, oziq-ovqat mustaqilligini saqlab qolish zarurligi haqida jiddiy fikrlashga undaydigan boshqa misollar ham bor.

23-iyul kuni «MDH shakar bozori 2020» onlayn-anjumani bo‘lib o‘tdi va unda 17 mamlakatdan 220 ga yaqin ishtirokchi qatnashdi. Konferensiyada xalqaro shakar tashkilotining joriy 2019/20 yilgi mavsumda Jahon bozorida 9,3 million tonna shakar tanqisligi kutilayotganligini ifodalovchi tahliliy ma’lumotlar e’lon qilindi. Jahon bo‘yicha bu mahsulotni ishlab chiqarish 166.8 million tonnagacha kamayadi.

Dunyo ekspertlarining ta’kidlashicha, umumiy ma’noda, jahon shakar bozori sarosimali ahvolda. Shakar zavodlari hamma yoqda, hattoki butun dunyo bo‘yicha mahsulot yetkazib beruvchi eng peshqadam lider davlatlarda ham – zavodlar eskirgan, ta’mirlashga muhtoj, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash maqsadi bilan yopilmoqda. (Bizda hozirda bunday zarurat yo‘q, zavod yangi uskunalar bilan jihozlangan).

Soha mutaxassislari bu masala davlat aralashuvisiz hal bo‘lmasligini taxmin qilmoqdalar.

Iyun oyining boshlarida angrenshakar.uz saytida «Qo‘shni shakar zavodlari qulab bo‘ldi. Navbat O‘zbekistonga keldimikin?» sarlavhasi ostida maqola chiqdi. Unda aytilishicha, har ikkala mahalliy zavodlar bankrotlik yoqasida, chunki ularning mahsulotlari omborlarda to‘lib ketdi. «Agar maxalliy ishlab chiqaruvchilar bilan importchilar orasidagi tafovut o‘z vaqtida bartaraf etilmas ekan, shakar mahsuloti borasida sog‘lom raqobat tartiblari amalda buzilishi tayin» – deyiladi maqolada.

«2020-2021-yil mavsumida Rossiya shakar eksportini 3 barobar kamaytirishi mumkin», – deya xabar beradi IKAR (Agrar bozor vaziyatini o‘rganish instituti) Sugar.ru saytida. 2020-2021 qishloq xo‘jalik yilida Rossiya (1 avgustdan 31 iyulga qadar muddat oralig‘idagi shakar uchun) oxirgi mavsumda yetkazib berilgan rekord miqdordan uch baravar kamaytirishi mumkin.

«Keyingi mavsumda eksport hajmi oshmaydi, chunki, tashqariga chiqarish imkoni bo‘lgan hajmning hammasi amalda yuz berib bo‘ldi. So‘nggi 5 yil davomida Rossiyada shakar ishlab chiqarish uzluksiz oshirib bajarib kelindi, ayniqsa, yakunlanayotgan mavsumda ishlab chiqarish keskin oshirib yuborildi, ichki talab 6 mln tonna o‘rniga 8 mln tonna shakar ishlab chiqarildi», dedi IKAR eksperti Yevgeniy Ivanov.

IKAR ma’lumotiga ko‘ra, keyingi mavsumda shakar eksporti 3 baravar kamayishi mumkin: bunga sabab oshirib ishlab chiqarilgan mahsulot hisobiga uning narxi tushib ketdi, qand lavlagisi yetishtirilayotgan maydonlar qisqardi, bundan tashqari hosildorlik pasayishi ehtimoli ham yo‘q emas. Shuningdek, geopolitik vaziyat borasida, shakar bozorida yetakchi ishtirokchilar hisoblangan Ukraina va Belarusdagi voqealarning rivojlanishini e’tiborga olsak, vaziyatni taxmin qilishimiz yanada qiyinlashadi.

O‘zbekistonda shakar ishlab chiqarish sanoatini saqlab qolish uchun imkoniyatlar hali mavjud. Aks holda bugun «kelajakda nima bo‘lsa bo‘lar» qabilida ish tutish o‘zgalar tegirmoniga suv quyib, shu orqali qaramlik yuzaga kelishiga sababchi bo‘lib qolish hech gap emas.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring