Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sherali Otaboyev

Qo‘rqoqlardan qo‘rqaman.

«Obod qishloq»mi yoki «barbod qishloq». Chiyalida chaqaloqlar tug‘ilishi mumkin emasmi?

«Obod qishloq»mi yoki «barbod qishloq». Chiyalida chaqaloqlar tug‘ilishi mumkin emasmi?

Fotokollaj: Xabar.uz

Yaqinda Toshkent ko‘chalarida sayr qilib yurgan qishlog‘imiz shifokorini uchratib qoldim. U mahallamizda «Gulbahor do‘xtir» nomi bilan mashhur. Familiyasi bilan aytib Gulbahor Razzoqova desangiz hech kim tanimaydi. U 22 yildan buyon ginekolog bo‘lib ishlaydi. Chiroqchi tumanida o‘n minglab go‘daklarni dunyoga keltirgan. Onalar va bolalar o‘limi oddiy hol bo‘lib qolgan zamonlarda ham qo‘lida biror-bir chaqaloq jon bermadi. Qishloq ayollarining gapiga ko‘ra, Gulbahor do‘xtir tug‘ishga kelgan ayollarni o‘zining qizidek qarshi olib, u bilan birga ikki dunyo o‘rtasida jon talashar ekan. Bir-birini tanimaydigan katta shaharlardagi kabi asrab qolgan joni uchun savdolashmaydi. O‘zining kasbiga sodiq holda ayollar va chaqaloqlarning sog‘lig‘i uchun kechani-kecha demasdan kurashadi. Turli shifokorlarni ko‘rgan kamina ham uning ana shu e’tiqodini hurmat qilib kelgan.

Gulbahor do‘xtirni  hayot ko‘p qiynagan. Ana shu qiyinchiliklar tufayli yoshligimda ko‘rgan Gulbahor Razzoqovadan asar ham qolmabdi. Hayot tez qaritibdi. U bilan biroz suhbatlashib, gap-so‘zlaridan angladimki, ichida qandaydir dardi bor. Astagina «Muammolar yo‘qmi?» deya so‘radim. «Yo‘q, yo‘q» degan javobida ham og‘ir xo‘rsinishni sezdim. Darhol kasbiy mahoratimni ishga solib, ichidagi dardlarini sug‘urib olishga kirishdim.

Gulbahor opa dardini yorib qo‘ydi-yu, ammo bu haqda hech kimga oshkor etmasligimni iltimos qildi. Chunki o‘zi bu masalada ko‘p joylarga murojaat qilganligi bois, unga nisbatan tahdidlar boshlangan ekan...

2007-yili tibbiyotni chuqur isloh qilish bo‘yicha  qabul qilingan Davlat dasturida Onalar va bolalar o‘limining oldini olish uchun, ayniqsa, qishloq joylarda tug‘uruqxona va pediatriyani rivojlantirishga katta e’tibor qaratilishi aytib o‘tilgan. Shu qaror asosida 2013-yili Chiyali markaziy shifoxonasi butunlay tugatilib, Chiroqchi tuman markaziy shifoxonasining bo‘linmasi sifatida qoldiriladi. Bir zamonlar 100 o‘ringa mo‘ljallangan Chiyali markaziy shifoxonasi 2013-yil oktyabr oyida rasmiy ravishda tugatilib, atigi 23 o‘rinni saqlab qoldi. Aholi soni o‘sib boravergani sayin shifoxonadagi o‘rinlar soni qisqarib boraverdi. Shundan 10 o‘rinli tug‘uruqxona, 10 o‘rinli bolalar bo‘limi va 3 o‘rinli kattalar bo‘limi hamda tez yordam shoxobchasi qoldirilgan.

Budjetdan katta mablag‘, yangi poliklinika? Bekor gap...

2007-yili Chiyalida yangi poliklinika qurilarmish, davlat budjetidan kattagina mablag‘ ajratilibdi, degan xushxabarlar tarqalgan edi. Ammo yangi poliklinika qurilmadi. Oqto‘nli qishlog‘ining tadbirkorlari tomonidan homiylik asosida qurilgan ikki qavatli bino qishloq vrachlik punkti (QVP)ga aylantirildi. Vaholanki, o‘sha davrda yangi poliklinika uchun ajratilgan mablag‘ning taqdiri bilan qiziqadigan biror tirik jon bo‘lmadi.

Yana ham achinarlisi, Chiyali markaziy shifoxonasining tarkibidagi eski poliklinika ushbu QVPga o‘tkazilib, Chiyali markaziy shifoxonasiga qarashli bo‘lgan aholi soni ham qo‘shib yuborildi.

2014-yilda Chiyalining bir chetida bo‘lgan O‘ymovut qishlog‘ida tashkil etilgan QVPga Oqto‘nli QVPdagi aholi soni olinib yana uzoqlashtirildi. Bu safar ham berilgan va’dalar unutilib, markaziy shifoxona poliklinikasiz qolib ketdi.

2014-yil fevral oyidan boshlab «sanitarka»lar ish o‘rni qisqartirildi. 24 soat ishlab kelgan «sanitarka»larga 12 soatga haq to‘landi. Ularning yuqori tashkilotlarga qayta-qayta murojaatlari natijasida iyul oyiga yana 5 soat qo‘shildi. 24 soatlik ishiga 17 soatlik ish haqi yozildi. 2017-yil dekabr oyidan boshlab tug‘uruq bo‘limi bilan bolalar bo‘limi bitta postga aylantirildi. Tug‘uruqxona doyalari 12 soatga ham tug‘uruqxonada, ham bolalar bo‘limida ishlashgan. Qolgan 12 soatida bolalar bo‘limi hamshiralari ikki bo‘limda navbatchilik qilishiga Chiroqchi tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i tomonidan buyruq chiqariladi. Ushbu ajabtovur ishlar bo‘yicha Adliya vazirligi va prokraturaga bir necha bor murojaat bo‘lishiga qaramasdan, savollar javobsiz qolavergan.

Sharoiti o‘ta og‘ir bo‘lishiga qaramasdan Chiyali tug‘uruqxona bo‘limida har yili 700 nafarga yaqin chaqaloqlar dunyoga keladi. Yana ikki yuz nafarga yaqin homilador ayollar sog‘lig‘ini tiklab ketishadi. Va tug‘uruqqa tayyorlanishadi. Shunday ekan homilador ayollarga malakali vrach va malakali doyalar yordam ko‘rsatishi kerak. Shu sababli tug‘uruqxona bo‘limida ishlayotgan xodimlar kasbiga sodiq qolgan holda tug‘ishga kelgan homilador ayollar va endigina dunyoga kelgan chaqaloqlar hayotini saqlab qolish maqsadida, ma’muriyat chiqargan qarorga zid ravishda, sohasi bo‘yicha yo‘nalishi umuman boshqa bo‘lgan bolalar bo‘limidagi hamshiralarni aralashtirmasdan, 24 soat o‘zlari (!) ishlashmoqda.

«Bizga boshqa shifoxona kerak emas...»

Chiyali hududiga poliklinika zarurligi yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga ham murojaat etilgan. Vazirlikdan kelgan mutasaddi xodimlar Chiroqchi tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan maxsus yollangan odamlar orqali «bizga boshqa shifoxona kerak emas, shuning o‘zi yetarli» degan mazmunda tushuntirish xatlari yozdirib olishgan. Tushuntirish xatlarini mahalla faollari o‘z qo‘llari bilan yozib berishgan ekan. Bunday holat hech bir zamon va makon, hech bir mantiq va maqsadga to‘g‘ri kelmaydi. Qaysi zamonda va qanday odam shifoxona kerak emas, deb ayta oladi?! Vaholanki, vazirlikdan borgan o‘rganuvchi «shifoxona kerakmi, kerak emasmi?» degan savolga javob izlamasdan hududni o‘rganib, aholi soni va atrofidagi «radiusni» hisoblab chiqishi lozim edi. Ammo, lekin, biroq... osongina yo‘li ham bor ekan. Ya’ni, udumimizga aylanib ulgurgan eski usul — ikkita odamga imzo qo‘ydirib olingan bir parcha qog‘oz bilan yuz minglab insonlar taqdirini hal qilib qo‘yaveramiz.

Uylarning rangi «sarg‘aydi», xolos...

O‘tgan 2018-yilda Chiyali xo‘jaligi «Obod qishloq» dasturiga kiritilgan edi. Ushbu dastur bo‘yicha Chiyaldagi barcha uylar xonadon egalarining o‘z pullariga sariq rangga bo‘yatib chiqildi. Mana shu — «Obod qishloq» dasturi ekan.

Bir qarich asfalt yotqizilmadi, hech qanday yangi bino qurilmadi. Balki, qog‘ozlarda Las-Vegas qurilgan bo‘lishi mumkin. Ammo real hayotda hech vaqo ko‘rinmayapti. Hamma joy zo‘r bo‘lsa, nega dasturga kiritildi? Qilinishi lozim bo‘lgan ishlar kammi? Markaziy yo‘l yoqasidagi yerlar tadbirkorlarga bo‘lib berilib, majburan do‘konlar qurdirildi. Yurtimizning boshqa hududlarida «Obod qishloq» dasturiga kiritilgan qishloqlar butunlay o‘zgarib, o‘zgacha bir chiroy kasb etmoqda. Ammo Chiyaliga kelganda hech narsa o‘zgarmadi. Faqat uylarning rangi «sarg‘aydi», xolos...


Qurbon talab qilayotgan ta’lim

Chiyalida aholi soni ko‘pligi bois pedagog kadrlar yetishmaydi. Shu sabab Qarshi shahridan o‘qituvchilar jalb qilingan. Chiyalida yangi binolar yo‘qligi uchun o‘qituvchilar 60 kilometr (!) masofadan qatnab ishlashadi. O‘tgan yil dekabr oyida uch nafar yosh pedagog yo‘lda avtohalokatga uchrab halok bo‘lishdi!.. Endi chetdan o‘qituvchilar kelishni to‘xtatishgan.

Mana sizga kichkinagina muammoning katta oqibatlari.


«Obod qishloq» dasturining eng ajablanarli karomatlaridan biri shuki, katta bir shifoxona qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, 2 800 000 000 so‘m ajratilganligi aholi tomonidan iddao qilinmoqda. Ammo uning o‘rniga 850 000 000 so‘mlik 60x15 o‘lchamdagi kichkinagina imorat qurib berilgan. Agar iddaolar rost bo‘lib chiqsa, 2 milliardga yaqin pul qayda ekan, qaysi «bechora»ga uch qavatli qasr bitkazilgan ekan? Buning sababini surishtiruvchilarga esa aholining o‘zi «bizga shifoxona kerak emas degan» tilxat berishgan qabilidagi ahmoqona javobni ro‘kach qilishmoqda.

Reja bo‘yicha hujjatda 30 o‘rinli deb qurilgan budjeti 850 000 000 so‘mlik yangi binoda atiga 23 o‘rin mavjud.

Suratda: Yangi qurilgan (60x15) shifoxona.

Eshitishimizga qaraganda, ushbu shifoxona quruvchilarini Chiroqchi tuman hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari topgan ekan. Yakunlangan binoni esa Chiroqchi tuman tibbiyot birlashmasining boshlig‘i imzo qo‘yib, qabul qilib olgan emish. Ushbu kichkinagina bino ham shifoxona talabiga javob bermaydi. Tug‘uruqxona bo‘limiga ham, bolalar bo‘limiga ham, kattalar bo‘limiga ham bir eshikdan kirib-chiqilar ekan. Aslida bu kichkinagina bino uchun ikkinchi eshik ortiqchalik ham qiladi. Qoida bo‘yicha, binoni tuman Davlat sanitariya va epidemiologiya nazorati bo‘limi qabul qilib olishi kerak edi. Ammo ular umuman aralashtirilmagan.

...2019-yil yanvar oyida Gulbahor do‘xtir Sog‘liqni saqlash vazirligiga shikoyat bilan borganida vazirlikka kiritilgan qalbaki ma’lumotga ko‘ra, Chiyali aholisining soni 42 ming nafar qilib ko‘rsatilgan, Ko‘kdala aholisi esa 92 ming qilib atayin oshirib ko‘rsatilgan ekan. Aslida esa teskarisi, Chiyali aholisi hozirgi kunda 82 ming nafardan ziyodni tashkil etadi. Chiyali shu paytgacha respublikada o‘z mavqeiga ega bo‘lib kelgan. Aholisining soni bilan yuqori o‘rinlarda turishini hatto yosh bola ham biladi. Birgina misol, xonanda Munisa Rizayeva borib xizmat qilgan Navro‘z bayramida 60 ming nafardan ziyod yoshlar yig‘ilganligini keng jamoatchilik bilib bo‘ldi. Shuning o‘zi qog‘ozdagi faktlarni soxtalashtirgan insonlar uchun isbot.

Aslida odamlar sonini atayin o‘zgartirib yoki yashirib ko‘rsatish davlatga xoinlik hisoblanadi. Bunday qing‘irliklarning boshida turgan shaxslarning yuragi shunchalik kattami yoki ular har qanday qonundan ham ustun turishadimi?!

«Hokim sektori»

Bugun kichkinagina Ko‘kdalaga katta e’tibor berilishining asosiy sabablaridan biri — bu hudud aynan hokim sektoriga qarashli ekanidir. Chiyali esa sektorlar ichida eng pastki pog‘onada turadigan DSIga «nasib qilgan». Hoynahoy, «Chiyali xalqiga hech narsa kerak emas, ular boy, qirq yil qirg‘in kelsa ham ochdan o‘lmaydi, o‘zlarining kunlarini o‘zlari ko‘raveradi, obro‘sini to‘kib hech qayerga arz qilmaydi», degan bo‘lishsa, ne ajab. Aslida shunday tushuncha va qarashlar ham yo‘q emas.

Ko‘kdalaga asosiy urg‘uni berishning yana bir sababi bor. Bu yerda bo‘sh yotgan binolar ko‘p. Bir zamonlar rahbarlarning kuch-qudrati ila ko‘plab binolar oqibati o‘ylanmasdan qurib tashlanavergan. Endi esa qo‘llarida muhr bo‘lgan «rahbarcha»lar oddiy teoremani qo‘llashmoqchi. Ya’ni, tayyor binolarga shifoxonalar joylashtiriladi, hujjatlarda yangi binolar quriladi. Qarabsizki, milliardlab pullar cho‘ntakka jo bo‘ladi-qo‘yadi, deb aytishga afsuski menda aniq fakt yo‘q. Balki bunday g‘ayriqonuniy ishlarga chidash ham mumkindir. Ammo homilador ayollar va bemorlar 30 kilometr uzoqqa qatnashga mahkum etilganiga jim qarab turolmaymiz. Ko‘kdalada qurib tashlangan binolar aholi bormaganligi bois xaroba va tashlandiq bo‘lib yotibdi. Hozirgi rahbarchalarimizning noma’lum niyatlarini amalga oshirish uchun o‘sha tarix yana takrorlanadimi? Yoki odamlar o‘sha taraflarga borishga majbur etiladimi?

Bir yil oldin rahbariyat tomonidan UZI apparati va ijtimoiy dorixona ham va’da qilingan. Bu va’dalar o‘z kuchini yo‘qotdimi yoki va’daligicha turibdimi, bunisi ham javobsiz qolmoqda.

Hozirgi kunda Chiyali markazida 2 ta — Oqto‘nli va O‘ymovut QVPda bittadan tez yordam posti bor. Ular bir-biridan bexabar holda tarqoq harakatlanishar ekan. Ba’zan ikkitasi bir manzilga borib qolishar yoki birining hududida 3 tagacha chaqiruv bo‘lib qoladi. Yoki bo‘lmasa, ular o‘rtasida sansalorliklar vujudga kelib qolarkan. Shu taraflarini inobatga olgan holda markazlashgan tez yordam stansiyasini tashkil etish lozim, deb o‘ylaymiz. Shundagina ular o‘rtasidagi tushunmovchiliklarga barham beriladi.


P.S. Men qishlog‘imizning ginekolog shifokori Gulbahor Razzoqovaning yillar mobaynida to‘plangan dardu hasratlarini oqqa tushirdim. Uning iltimosini inobatga olmasdan elga oshkor qilyapman. Ushbu muammolarga ma’sul bo‘lgan rahbarlar kuch-g‘ayratini Gulbahor do‘xtirga tahdid qilishgamas, yuqoridagi muammoga yechim topishga sarflashsa yaxshi bo‘lardi. Voqealar rivojini kuzatamiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring