Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Erkinjon Karimov

Har qanday vaziyatda ham samimiylik muhimdir.

Talabalarning hiqildog‘iga kelgan ichki qoidalar haqida

Talabalarning hiqildog‘iga kelgan ichki qoidalar haqida

Foto: «Xabar.uz»

Keling, yana mamlakatimizdagi oliy o‘quv yurtlari haqida fikrlashamiz. Xususan, ko‘pchilik talabalarning hiqildog‘iga kelgan ichki qoidalarga to‘xtalamiz.

  1. Dress-kod. Qog‘ozga o‘rab «kiyinish madaniyati» deb ataladigan bu qoida eng muhim talablar qatoriga kirib qolishining boisi nimada?

A) Talabalar o‘rtasida vizual jihatdan tabaqalanishning oldini olishmi?

B) O‘zbekchilikka to‘g‘ri kelmaydigan turli-tuman kiyim-kechaklar kiyganlarning ko‘zga tikondek qadalishini oldini olishmi?

V) Balki «ibodat kiyimlari»ni kiyib, dindorlikni «targ‘ib» qilishning oldini olishdir?

G) OO‘Yulari rahbarlarining turli idoralardan bo‘layotgan talab (bosim)larga javoban amalga oshirayotgan harakatlar natijasimi?

Yuqorida aytilgan sabablarning hammasi ham bo‘lishi mumkin. Bu cheklov qanday natija beryapti deb o‘ylaysiz? Tashqaridan qaraganda, oliygohlardagi talabalar bir xil kiyinganday. Bu holat estetik jihatdan kishiga zavq beradi, deb aytolmayman. Tabaqalanishning oldi olinyaptimi? Yigitlar uchun oq ko‘ylak va qora shim, taqiladigan galstukning arzon, qimmati tashqi jihatdan farq qilmaydi, deb o‘ylasangiz adashasiz. Baribir kim o‘ziga to‘q. Kim sal beriroq daromadga ega darrov payqaysiz. Demak bir sababni bekor qilsak bo‘ladi.

O‘zbekchilikka to‘g‘ri kelmaydi, deb ataydiganimiz kiyimlar deyarli ko‘zga tashlanmaydimi? Harorat issiq paytlarda «qoida»ga to‘g‘ri kelmaydigan tarzda kiyinganlarga ko‘p duch kelasiz. O‘zi nega biz hammani o‘zbekona kiyinishga majburlashimiz kerak? Har kim o‘ziga qulay bo‘lgan kiyim bilan yurishi «ma’naviyatimiz»ni buzib yuboradigan bo‘lsa, juda nozik ekanda ma’naviy olamimiz ham. Oliygohlarimizda voyaga yetganlar ta’lim olishini hisobga olsak, bunday ezgu maqsad bilan bunaqa cheklov qo‘yish yumshoq qilib aytganda, o‘rinli emasligini anglab turibmiz.

Keyingi sabab ham oxirgi paytda ahamiyat kasb etib qoldi. Negadir odamlarning dindorlashuvidan juda qo‘rqadigandekmiz. Ayniqsa, bu tashqi ko‘rinishda namoyon bo‘lsa, ichki qo‘rquvimiz yanada kuchayadi. «Dress kod» deganlari bunday dindorlashuvning vizual ko‘rsatkichini bartaraf qiladigan tuyulyapti.

Endi oxirgi sababga kelsak, ana shuning foiz miqdori biz «alqayotgan» dress kod joriy etilishida ko‘proq o‘rin tutadi, nazarimda. Qaysi bosqichda bo‘lishidan qat’i nazar ta’lim bilan birga tarbiya olib borilishi kerak degan tushuncha (mafkura desak mubolag‘a bo‘lmas) bahonasida ta’lim muassasalari rahbar-xodimlariga bosim o‘tkazadigan idoralar ko‘p. Jinoyatchilikning oldini olishdek ulug‘vor va mas’uliyatli vazifalarni yuklab qo‘yishadi. Baraka topgur, bu o‘qituvchilarning ishi emas. Buning uchun ichki ishlar, prokuratura, xavfsizlik xizmati degan tashkilotlar bor. O‘qituvchilardan ko‘ra ko‘proq maosh oladigan, ijtimoiy jihatdan yaxshi himoyalangan, kontingenti bo‘yicha ham o‘qituvchilardan kam bo‘lmagan katta bir «armiya» ishiga nega o‘qituvchilar ham mas’ul bo‘lishi tushunarsiz. Ayniqsa, voyaga yetib bo‘lganlarga ta’lim beradigan oliy o‘quv yurtlarimizga bundayin ortiqcha «yuklar»ni oqlaydiganlarni tushunmayman, tushunishni ham istamayman.

Taqdir taqozosi bilan jinoyat sodir etib qo‘ygan talaba ortidan u ta’lim oladigan o‘quv yurtiga qancha-qancha muammolar kelishini bilsangiz kerak. Birinchi o‘rinda, talabaning kuratori, u o‘qiydigan fakultet dekani, o‘quv yurtining ma’naviyat ishlariga mas’ul shaxslari kam deganda hayfsan oladi yoki ishdan ham haydalish ehtimoli bor. Shunaqa bosimlardan qutulish uchun rahbariyat nima qiladi? Hamma sohada qo‘l kelayotgan cheklovlar joriy qilishga tushadi. Konstitutsion huquqlar buzilishini biladi, lekin buni turlicha xaspo‘shlashga harakat qiladi. Talabalarni nazoratda ushlamasa, oliy o‘quv yurtida xaos kelib chiqadigandek tuyuladi.

Xullas, OO‘Yularimizda dress kodni bekor qila olamizmi? To‘g‘rirog‘i, OO‘Yularining o‘zi buni bekor qila oladimi? Albatta, qila oladi. Buning uchun ularga bo‘ladigan bosimni yo‘qotish kerak, rahbarlik lavozimlariga yangicha fikrlaydiganlarni qo‘yish kerak.

  1. Ichki tartib-qoidalar. Yuqorida tahlil qilganimiz dress koddan tashqari bir qancha qoidalar ham borki, bular OO‘Yu ichida amal qiladi. Ko‘proq talabalar turar joylarida joriy etilishi ko‘p ko‘zga tashlanadi.

Bu borada qanday e’tiroz bo‘lishi mumkin. Yotoqxona o‘ziniki, qoidalarni ham o‘zi belgilaydi. Chidasa yashasin, bo‘lmasa ijarada yashab o‘qiyversin, deganlarga jo‘yali javob qaytara olamizmi? Cheklovlar asoslanmagan hollarda bemalol e’tiroz bildirsak bo‘ladi. Masalan, yaqinda ro‘y bergan holat bo‘yicha gaplashsak. «Troll.uz» telegram kanali adminstratori bilan TATU talabalari o‘rtasidagi mojaro tufayli Umid Gafurov TATU rektori bilan suhbat qurdi. Bu suhbatdan lavha uning telegram kanalida e’lon qilindi. Suhbatdan ma’lum bo‘ladiki, TATU talabalar yotoqxonasida talabalarning shaxsiy kompyuterlaridan foydalanmasligi haqidagi cheklovlar ularning turli bema’ni saytlarga kirib, vaqtini behuda o‘tkazishlarining oldini olish uchun joriy etilibdi. TATU talabalari dasturlash ishlarini o‘z kompyuterida qilish imkoniyatlaridan, kamida yotoqxonada yashovchilar mosuvo bo‘lar ekan. Muqobil sifatida yotoqxonalarda o‘rnatilgan kompyuterlar aytilyapti. Bu real sharoitni bilganlar uchun yechimday ko‘rinmaydi. Eng kamida shu OO‘Yuda bunday cheklov qo‘yilishining o‘zi juda kulgili.

Mulohazalarimni yakunlar ekanman, yuqoridagi masalalarda o‘z fikrimni lo‘nda qilib yozib qo‘ygim keldi.

Dress kod oliy o‘quv yurtlari uchun kerak emas. Bunga amal qilinmadi, deb beriladigan har qanday jazo qonundan tashqarida deb hisoblayman. Buning o‘rniga e’tiborni ta’lim berish sifatiga qaratgan ma’qul. Pul to‘lab o‘qiyotgan talabani bevosita bilim olishiga halal bermay vijdonan ta’lim beraylik. Tarbiyani ota-onasidan, jamiyatdan olaversin. Har holda ular voyaga yetgan shaxslar.

Yotoqxonadagi ichki tartib-qoidalar bo‘lishiga qarshi emasman, lekin mantiqdan chiqib ketmaylik. Talaba imkoni yo‘qligidangina yotoqxonada turishini unutmaylik. Imkon qadar uning erkinligini bo‘g‘maganimiz ma’qul.

Oliy o‘quv yurtlarimizdan tarbiya mas’uliyatini batamom olib tashlash tarafdoriman. Ma’naviyat bo‘yicha prorektor, dekan o‘rinbosari va shunga o‘xshash lavozimlar keraksiz degan fikrdaman. Talabalarni effektiv bilim olishi uchun ularni adabiyot, san’at va shunga o‘xshash tadbirlar bilan band qilmoqchi bo‘lsak, bular ixtiyoriy bo‘lsin.

Har qanday idora, u qaysi turdagi hokimiyatga qarashli bo‘lmasin, ma’naviyatni yuksaltirish, jinoyatchilikning oldini olish kabi ezgu maqsadlar bilan bo‘lsa hamki, OO‘Yulariga bosim o‘tkaza olmasin. Xullas, hamma o‘z ishini qilsin.

P.S. Mulohazalarimni tugallamoqchi bo‘lgan paytim telegram orqali OO‘Yu kafedra mudirlariga turli ishchi komissiyalar darsga kech kelish, davomat va kiyinish madaniyati bo‘yicha tekshiruvlar boshlashi haqida telefonogramma kelganligi haqidagi xabar keldi. Hamma yana butun e’tiborini ana shu masalalarga qaratadi endi. Dars esa bir gap bo‘lar, asosiysi, qog‘ozlar joyida bo‘lishi kerak. Qog‘ozbozlik haqida keyingi safar to‘xtalarmiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring