Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

«Uyat bo‘lsa ham aytay...» — Kimsasiz hududdagi mehmondo‘st baliqchi nimadan xijolat bo‘ldi?

«Uyat bo‘lsa ham aytay...» — Kimsasiz hududdagi mehmondo‘st baliqchi nimadan xijolat bo‘ldi?

Foto: «Xabar.uz»

Shunday joylar bo‘ladi: ataylab, izlab, orziqib borasan. Shunday joylar bo‘ladi, orzu qilsangda, borishning imkoni bo‘lmaydi. Mashaqqatli yo‘l, u yerlarni besh qo‘ldek biladigan chayir, kuchli, jasur hamrohing bo‘lmasa aro yo‘lda qolib ketish hech gapmas.

Yaqinda  Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, «Qoraqalpog‘iston ekologiyasi» gazetasi va Ekolog.uz gazetasi hamkorligida Janubiy Ustyurt milliy tabiat bog‘i  va Sudoche-Akpetki buyurtma qo‘riqxonalariga uyushtirilgan mediatur biz jurnalistlar uchun ayni muddao bo‘ldi. To‘rt kunlik sarguzashtlarimiz bevosita baliqchilar bilan ham bog‘liq.


Birinchi maqola: «Borsa kelmas», Sariqamish, Sudoche, Qoplonqir... Sarguzashtlarga to‘la to‘rt kun


Kimsasiz bepoyon bu hududda faqatgina baliqchilarning uyidan panoh topishingiz mumkin. Bir xonada o‘zlari yashasa bir xonasini qo‘noqlar uchun tuzab qo‘yishgan. Kunning qaysi payti qachon kirib bormang, ular og‘rinmaydi, odam kelganiga xursand bo‘ladi. Sharoit maqtangulik emas. Poyonsiz ko‘l, tuzli suv, giyoh o‘smaydigan sharoitda yashayotgan baliqchilarning hayoti juda qiyindek. Ammo o‘zlari ko‘nikib ketgan. Sudoche ko‘li atrofida yashaydigan baliqchi Jolg‘osboy Boyjonov 67 yoshda.

Baliqchi Jolg‘osboy Boyjonov bu hududlarga odam kelganiga xursand bo‘ladi.

Yil o‘n ikki oy orada tumandagi bola-chaqasini oldiga borib kelishini hisobga olmaganda, umri mana shu shovullagan qamishzor, flamingolarning charx urib uchishi, siz hech qayerda eshitmaganingiz qushlar sayrog‘i orasida  o‘tayapti. Telefon yo‘q, internet yo‘q... Shart-sharoitga ko‘nikkan shaharliklar bu yerlarda yashashni tasavvuriga sig‘dirolmaydi, ya’ni na tibbiy maskan, na dori-darmon, na tez yordam mashinasi chaqirishning imkoni yo‘q bu dunyochada qo‘rqmay yashashni...

«Jolg‘osboy og‘a, orzuingiz nima, erisholmagan orzularingiz bormi», deb so‘rayman. Jolg‘osboy og‘a orzularini eslolmaydi.

— Balki, armiyada yurganimda yaxshi ko‘rgan qizimga uylanish orzuim bo‘lgandir...(kuladi)

—Ishingiz zerikarli emasmi? Tashqi olamdan, odamlardan uzilib qolgansiz.

—Yo‘g‘e, o‘rganib ketganman.

—Agar sizga sharoiti zo‘r joylarda yashashga taklif qilsa, masalan Amerikaga ko‘chib ketarmidingiz, siz tasavvur qila olasizmi, bundan boshqacha hayot ham borligini.

Men o‘z tuprog‘imni yaxshi ko‘raman.

Jolg‘osboy og‘a engashadi, sho‘r va nam qum aralash tuproqni qo‘liga oladi:

 —Men o‘z tuprog‘imni yaxshi ko‘raman.

—Baliqchi bo‘lishni orzu qilganmisiz yoki tirikchilik deb o‘ylaysizmi?

—Orzu qilmaganman, kelib qorovullik qilganman, keyin o‘rganib ketdim baliqlarga, ko‘lga.

—Nimani qorovullaysiz?

—Brakonerdan qo‘riqlaymiz... Ular asosan, o‘rdak, g‘oz ovlashadi, hatto baliqlarni tok bilan o‘ldirib ovlashi mumkin.

—Oziq ovqat, suvni qayerdan olasizlar?

—Mashinalarda olib kelishadi?

—Turistlarga yoqadimi, ularning talabi qanday?

—Turistlar qushlar uchun keladi, tabiatimiz juda yoqadi, ammo yo‘l mashaqqati, transport masalasi ularni qiynaydi, yana uyat bo‘lsa ham aytay, hojatxonalarimizdan juda norozi bo‘lishadi.

«Sudoche» ko‘li

Sudoche Qoraqalpog‘istondagi eng yirik ko‘llarning biri bo‘lib, uning maydoni 50 ming gektar. Sudoche ko‘llar tizimi avval «Mo‘ynoq akva sanoat» DUKka qarashli bo‘lgan. Prezidentimizning 2019 yil 20 martdagi «Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan mazkur ko‘llar tizimi Davlat ekologiya qo‘mitasi tasarrufiga berildi. Ya’ni umumiy maydoni 280 ming 507 gektar bo‘lgan davlat tabiatni muhofaza qilish muassasasi shaklidagi «Sudoche-Akbetkey» davlat buyurtma qo‘riqxonasi tashkil etildi. Demak, bundan buyon noqonuniy ovchilik va qamishlarni yoqib yuborishga qarshi jiddiy kurashiladi.  

«Sudoche» ko‘li

Bu yerda 240 dan ortiq, ko‘p joylarda uchramaydigan qushlar turi uchraydi. Qushlarning migratsiyasi uchun juda yaxshi maskan. Uchib ketgan qushlar kuzda qaytishida Sudocheda ma’lum vaqt dam olib ketadi. 

Qizilg‘oz, ya’ni flamingo qushlari Qoraqalpog‘istondan asosan uchib o‘tish, uzoq safar oldidan oziqlanish uchun mana shu manzillardan foydalanadi, uning yemishi artemiya.

«Nimaga bu ko‘lning nomi Sudoche», deb so‘rayman suhbatdoshimdan «Suvi chuchchi, ya’ni chushshi deganidir, agar shunday desak bu ko‘lning suvi chuchuk emas, balki suvi achchiq, sho‘r, ashshi, tiniq deganidir bizning tilda», deydi. 

Cho‘l o‘rtasida baliq zavodi?

Ha, bir paytlar bu yerlarda baliq zavodi bo‘lgan. Cho‘lning o‘rtasida qachonlardir hatto kasalxona, pochta tizimi, maktab bo‘lganini tasavvur qilish qiyin. O‘tgan asarning 50-yillarida Urga baliqchilar posyolkasida 100 dan ortiq oila yashagan ekan.

Bir paytlar bu yerlarda baliq zavodi bo‘lgan.

Jolg‘osboy og‘aning aytishicha, ular ural kazaklari hisoblangan. O‘tgan yilning 70-yillarida bu yerni suv kamayishi bois tashlab ketgan urgaliklarning uy xarobalarini ko‘rishingiz mumkin.

Sal nariroqda qabriston, hatto moxovlarni olib kelib davolaydigan maskan ham joy olgan. Bir paytlar dengizchilar uchun mayoq vazifasini bajargan minora xarobalari so‘zimizni tasdiqlaydi. Ularning balandligi 10 metrdan oshadi. Bu minoralarni 9-10 asrlarda massaget qabilalari qurgan ekan, ularning mozorlariyam bor hatto.

Massaget qabilalari qurgan minoralar xarobalari.

Jolg‘osboy og‘a esa qarmoq, qayiq, baliqlar haqida gapirishni yaxshi ko‘radi.

Jolg‘osboy og‘a to‘rdan foydalanadi.

—Biz qarmoqdan emas, to‘rdan foydalanamiz, mana bu to‘rimga 200 kilogacha baliq ketadi. Qayiqlarimizni esa yamab, tuzatib ovga shay qilib qo‘yganmiz.

—Jolg‘osboy og‘a baliqlarni qayerda saqlaysizlar?

—Mana muzxonamiz bor. 2004 yil qurilgan, qamishdan.

Baliq saqlanadigan tabiiy muzxona.

—Muzni qayerdan olasizlar?

—Ko‘l muzlaydiku, uskunalar bilan qirqib traktor pritsipiga ortamiz. Har bir pritsepga 2 tonna muz ketadi...

—Ehhe, muzni qirqib uni joylashtirish oson ish emasku...

—Boshqa baliqchilar keladi, Ikki-uch kun ichida mana shu ikki tonnalik pritsepdan 20-25 tasini tashiymiz.

—Qancha baliq ketadi?

—Xoxlagancha...

—Baliqni qancha payt saqlaysizlar?

—Iyun oyidan ovga ruxsat beriladi, shundan boshlab tutilgan baliqlarni avgustning oxirigacha saqlaymiz. Faqat ilonbaliqni ikki-uch kundan ortiq saqlab bo‘lmaydi.

—Muzxonada muz yo‘qku.

—E, bu yil ko‘l muzlamadi, buyam endi biz uchun muammo.

—Birorta farzandingiz ishingizni davom ettirayaptimi?

—Ikki o‘g‘il, ikki qizim bor. Yo‘q, ular mendek baliqchi emas.

«Dovul, yomg‘ir, yong‘in biz uchun mashaqqat»

—Ishingizning mashaqqati nimada, deb so‘raymiz biz baliqchidan?

—Dovul, yomg‘ir qiyinchilik tug‘diradi...

Darvoqe, bundan 2-3 yil oldin Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq va Qo‘ng‘irot tumanlari hududida joylashgan Sudoche ko‘llar tizimida, qamishzorda yong‘in bo‘lgandi. Demak, yong‘in ham baliqchilar uchun yana bir mashaqqat.

Xabarlarda ikki kundan ortiq vaqt davom etgan olov oqibatida 278 gektar maydondagi qamishzorlar yonib ketganligi, ammo odamlarga, hayvonot dunyosiga zarar yetmaganligiga urg‘u berilgandi. O‘sha xabarda yong‘in haqida o‘z vaqtida ko‘ldagi baliqchilarning xabar qilmagani esa tushunarsiz holat, deyilgan iddaolarni ham uchratish mumkin edi. O‘sha paytlari biz ham shunday iddaolar tarafida edik. Transport bo‘lmagan, na internet, na telefon ishlamagan joyda yashayotgan baliqchilarning shart-sharoitini ko‘rgach, iddaolarimiz biroz o‘rinsiz ekanini anglab yetdik.

—O‘zbekistonning qaysi shaharlarida bo‘lgansiz?

—Qoraqalpoqni bilaman, shu ko‘lni bilaman. Toshkentga borganman. Bir paytlar poyezd yurardiku...

—Nechanchi yillar?

—Hov unda Rossiyaga, armiyaga ketayotganimizda Toshkentning chekkasidan o‘tib ketganmiz...

Jolg‘osboy og‘a yashaydigan bitta xuddi shunday uyda yana bir Jolg‘osboy og‘a yashaydi. Qizig‘i ikki Jolg‘osboy og‘a sinfdosh.

Ikki sinfdosh, ikalasi ham Jolg‘osboy og‘a.

—Ikkalamiz bir-birimiznikiga mehmonga boramiz, nevaram Durdavlat keladi, suhbatlashamiz, — deydi suhbatdoshim.

Jolg‘osboy og‘a ko‘lda aylantirdi.

Ikkinchi Jolg‘osboy og‘a, o‘rtog‘ining nevarasi bilan qayiqda ko‘lga olib chiqib kelishni hammaga bir-bir taklif qiladi. Kimdir qo‘rqib yo‘q deydi. Lekin shunday joylarga kelish hammaga ham nasib qilavermaydi. Ikkinchi Jolg‘osboy og‘a bajonidil, chin dildan bizni erinmay qayiqlarida navbati bilan ko‘lni aylantirib keldi. Haqiqiy baliqchi bilan haqiqiy ko‘lda qayiq mingan boshqa ekan...

Manzil oxirladi, biz baliqchilar bilan xayrlashib yo‘lga otlandik. Jolg‘osboy og‘alar bizni iliq kuzatib qoldi. Odamlar, shovqin-suron ulardan uzoqlashayotganiga biroz ma’yuslashdi chog‘i. Ammo ko‘l va qamishning o‘ziga xos sukunatni buzadigan shovullashi, turli qushlarning chug‘uri, tuproq va suvning o‘ziga xos hidi — bularning barchasi baliqchilar bilan bir umr qoladi... Buni ta’riflash qiyin, u yerlarda bo‘lgan odam, baliqchilar bilan suhbatlashgan odamgina ko‘lning o‘ziga xos hidini, sukunatning tovushini, qamishning shitirini bir umrga unutolmaydi, unutmaydi.

Barno Sultonova, «Xabar.uz» muxbiri

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring