Telefon ekrani ortidagi yolg‘izlik: zamonaviy insonning yashirin muammosi

Ko‘chada yuribsiz. Atrofingiz odamlar bilan gavjum. Lekin har birining qo‘lida telefon. Hamma o‘z dunyosiga sho‘ng‘ib ketgan. Sizning ham qo‘lingizda telefon, ushlaaab turibsiz, yangiliklar lentalarini varaqlab yoki ijtimoiy tarmoqlardagi postlarga ko‘z tashlayapsiz.
Tashqaridan qaraganda siz yolg‘iz emassiz, lekin bir vaqtning o‘zida yolg‘izsiz. Bu – zamonaviy hayotning paradoksi: biz hammamiz go‘yo bir-birimiz bilan juda bog‘langanmiz, lekin bir vaqtning o‘zida juda yolg‘izmiz.
Telefon ekrani ortidagi yolg‘izlik bu – bizning zamonaviy hayotimizning yashirin muammosi.
Masalan, tasavvur qilamiz: siz do‘stingiz bilan kafedasiz. U siz bilan gaplashib o‘tirib, telefoniga doimiy ravishda tez tez ko‘z tashlab turadi, yangi xabarlarni o‘qiydi, ijtimoiy tarmoqlardagi postlarga layklar va turli emodjilar bosadi. Sizga nisbatan uning javoblari beparvodek, umuman sizning gaplaringizga qiziqmaydigandek tuyuladi. U jismonan sizning yoningizda, lekin diqqati boshqa yerda. Uning boshqa yerda bo‘lishiga esa telefon sababchi. Bu – telefon ekrani ortidagi yolg‘izlikning yaqqol ko‘rinishi.
Yoki boshqa misol: oilaviy kechki ovqat. Ota-ona, farzandlar bir xontaxta yoki stol atrofida yig‘ilgan. Lekin har kim o‘z telefoniga ora-ora tikilib o‘tiribdi. Hech kim bir-biri bilan e’tiborli gaplashmaydi. Ular bir-birini deyarli eshitmaydi, biri-biriga e’tibor bermaydi ham. Jismlargina faqat oilaviy dasturxon atrofida, lekin ruhan har biri yolg‘iz. Bu – telefon ekranining jamiyatga salbiy ta’sirining yana bir misoli.
Bunday vaziyatlarda biz doimo bog‘langandek tuyulamiz, lekin haqiqiy muloqot, haqiqiy tuyg‘ular bilan almashinuv kam bo‘ladi. Biz onlaynda ko‘plab do‘stlarga egamiz, lekin bu do‘stlik ko‘pincha yuzaki bo‘lib qoladi. Biz onlaynda o‘zimizning «mukammal» obrazimizni yarata olamiz, lekin bu obraz haqiqiy shaxsiyatimizni aks ettirmaydi. Bu esa yanada katta yolg‘izlikka olib keladi.
Hayotimizdagi haqiqiy munosabatlarni saqlab qolish uchun, biz telefondan foydalanishga bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartirishimiz kerak. Haqiqiy muloqotga ko‘proq vaqt ajratish, telefonni o‘chirib qo‘yish va atrofimizdagi odamlar bilan haqiqiy munosabatlarni rivojlantirish bizni telefon ekrani ortidagi yolg‘izlikdan xalos etadi.
Madina Miytan, psixolog
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter