Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qalqonsimon bez faoliyatidagi buzilishlar qanday belgilar orqali bizga signal beradi?

Qalqonsimon bez faoliyatidagi buzilishlar qanday belgilar orqali bizga signal beradi?

Foto: Freepik.com

Terining quruqlashib ketishi, sochlarning xira tortishi, doimiy charchoq, apatiya, uyqu buzilishlari – bularni odatda stress belgisi, ob-havo o‘zgarishlarining organizmga ta’siri sifatida qabul qilamiz. Ammo ko‘p hollarda ular qalqonsimon bez bilan bog‘liq muammolardan, endokrinologga murojaat qilish vaqti kelganidan darak berayotgan bo‘lishi mumkin.

Qalqonsimon bezning asosiy funksiyasi tiroksin, triyodtironin va tireokalsitonin gormonlarini ishlab chiqarishdan iborat. Qalqonsimon bez faoliyati markaziy asab tizimi bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, sanab o‘tilgan gormonlar inson o‘zini qanday his qilayotgani, tashqi ko‘rinishi, ruhiy holatiga ta’sir ko‘rsatadi.

Ayollar beqaror gormonal fon – oy ko‘rish sikli, homiladorlik, emizish davri kabilar tufayli qalqonsimon bez faoliyatidagi buzilishlardan ko‘proq aziyat chekadilar... Shuning uchun ham ayollarga yiliga eng kamida bir marta gormonlar uchun tahlil topshirish tavsiya etiladi. Quyidagi belgilar kuzatilgan holatlarda esa zudlik bilan shifokorga murojaat qilish kerak bo‘ladi.

  1. Ortiqcha vazndan yoki ozib ketishdan aziyat chekyapsiz, tananing turli sohalarida shishlar kuzatilmoqda

Ovqatlanish tartibi, jismoniy mashg‘ulotlarda hech qanday o‘zgarish bo‘lgani yo‘q, ammo vazningiz tobora oshib yoki kamayib ketyaptimi? Ortiqcha kilogrammlar ham, vazn ko‘rsatkichining me’yoridan pasayib ketishi ham qalqonsimon bez bilan bog‘liq muammolar darakchisi bo‘lishi mumkin. Bez faoliyatidagi buzilishlar metabolizmni sekinlashtiradi yoki aksincha, o‘ta tezlashtirib yuboradi. Ayrim holatlarda esa ovqat hazm qilish jarayoniga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

  1. Sochlaringiz tinmay to‘kilyapti, mo‘rt va sinuvchan bo‘lib qolgan... Teringiz quruq va rangpar, bir qarashda sarg‘ayib ketgandek ko‘rinyapti

Qalqonsimon bez kasalliklarining ilk belgilari – teri va sochlar bilan bog‘liq muammolar hisoblanadi. Gipotireoz holatida qalqonsimon bez tomonidan ishlab chiqariladigan gormonlar miqdori kamayib ketadi, buning natijasida gormonal yetishmovchilik kelib chiqadi, sochlar xiralashadi, to‘kiladi, sinuvchan bo‘lib qoladi.

Teri birdan qurib ketadi, po‘st tashlaydi, tovon va tirsaklar yoriladi. Shuning uchun ham ushbu muammolar paydo bo‘lganda kosmetolog yoki trixologga emas, endokrinologga murojaat qilish maqsadga muvofiq hisoblanadi.

  1. Oy ko‘rish siklining buzilishi

Organizmdagi gormonal buzilish oy ko‘rish siklining izdan chiqishiga olib kelishi va bepushtlikka sabab bo‘lishi mumkin. Misol uchun, gipotireozda organizmdagi prolaktin miqdori o‘zgaradi, bu esa reproduktiv funksiyalarning buzilishiga olib keladi. Shu tufayli bepushtlikni davolashga kirishishdan avval qalqonsimon bez holatini sinchiklab tekshirish tavsiya etiladi.

  1. Mushak va bo‘g‘imlardagi og‘riq

So‘nggi kunlarda mushaklaringizda sababsiz og‘riq, holsizlik, oyoq va qo‘l mushaklarida madorsizlik kuzatilayotgan bo‘lsa, shifokor qabuliga yozilishni ortga surmang. Bunday yoqimsiz belgilar o‘z ortidan bilaklardagi noqulaylik hissi va og‘riqni ham boshlab keladi. Ushbu belgilar ham qalqonsimon bez faoliyatidagi buzilishlarga ishora qiladi.

  1. Ichak faoliyatining izdan chiqishi

Qalqonsimon bez faoliyatidagi buzilishlar kuchli qabziyat yoki ich ketishiga sabab bo‘lishi mumkin. Ushbu belgilar kuzatilgan holatda gastroenterologlar bemorni endokrinologga yo‘naltirishadi.

  1. Bo‘yin sohasidagi noqulaylik hissi

Quyidagi belgilar sizda ham mavjud bo‘lsa, shifokor qabuliga yozilishni bugundan qoldirmang:

  • yutinish vaqtida tomoqda shish turgandek bo‘lsa;
  • bo‘yinda bo‘g‘ilish hissi yuzaga kelsa;
  • bo‘yinning old tomonida og‘riq paydo bo‘lib, jag‘ va quloqlar tomon yoyilsa;
  • xirillash, tomoq og‘rig‘i va yo‘tal kuzatilsa.

Sanab o‘tilgan belgilar qalqonsimon bez bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelgani, hattoki ushbu sohada begona hosila paydo bo‘lganidan darak berishi mumkin.

Mutaxassisga o‘z vaqtida murojaat qilish kasallikni qisqa vaqt ichida davolash yoki uning ustidan nazorat o‘rnatish imkonini beradi.

  1. Kayfiyatning keskin o‘zgarishi, kuchli charchoq, apatiya, asabiylik va agressiya

Gipotireoz holatida o‘zingizni kunlar davomida horg‘in his qilasiz, boshingizni yostiqdan ko‘tara olmaysiz. Diqqatni bir yerga jamlash, odatiy tartibda ishlash ham oldingidek oson bo‘lmay qoladi. O‘zingizda depressiyaga o‘xshash holatni kuzatasiz.

O‘rinsiz xavotir hissi, vahima, kayfiyatdagi keskin o‘zgarishlar, asabiylikdan aziyat chekayotgan bo‘lsangiz, sizda gipertireoz holati kuzatilayotgan bo‘lishi mumkin. Bu kasallik tufayli qalqonsimon bez tomonidan ishlab chiqariladigan tiroksin va triyodtironin gormonlari miqdori oshib ketishi hisobiga bo‘ladi.

Gipertireoz organizmning bosim bilan ishlashiga olib keladi, natijada yana ozroq vaqtdan keyin asablaringiz portlab ketadigandek tuyuladi. Bu esa zudlik bilan davolanishni talab qiladigan o‘ta jiddiy kasallik hisoblanadi!

Qalqonsimon bez salomatligi haqida qanday qayg‘urish kerak?

Sog‘lom turmush tarzi: sifatli uyqu, sport, tamakidan voz kechish va o‘z vaqtida mutaxassislar ko‘rigidan o‘tib turish orqali.

Tarkibida yod saqlanadigan mahsulotlar iste’mol qilish ham qalqonsimon bez salomatligi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Organizmdagi yod tanqisligining oldini olish uchun taomnomaga dengiz mahsulotlari, baliq, dengiz o‘tlari va tuxumni kiritish kerak.

Qalqonsimon bez gormonlarini yiliga eng kamida bir marta tekshirtirishni yodingizdan chiqarmang. Ularning miqdoridagi kichik o‘zgarish ham butun organizmga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, quyosh nurlari ostida toblanishda ham me’yorni unutib qo‘ymang. Aks holda autoimmun kasalliklari qo‘zg‘alib ketishi, hujayralar organizmdagi to‘qimalarga hujum qilishni boshlashi hech gap emas.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring